Prezident Navoiyda 250 mln dollarlik zavodni ishga tushirdi
Jamiyat
−
25 noyabr 2022
11695Bugun, 25 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida “Zarafshon oyna” korxonasini ishga tushirishga bag‘ishlangan marosim bo‘ldi.
Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Shavkat Mirziyoyev 2018 yilda viloyatga tashrifi chog‘ida oyna ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Bugunga kelib, 250 million dollarlik ushbu loyiha hayotga ko‘chdi. Davlat rahbari ramziy tugmani bosib, “Zarafshon oyna” korxonasini ishga tushirdi.
“Hozirgacha bunday korxonalar Farg‘ona va Jizzaxda bor edi. Mana, ularning safiga yangi barpo etilgan, keng turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Zarafshon oyna” korxonasi ham qo‘shilmoqda. U kelgusida yanada rivojlanib, xalqimizga xizmat qilishiga ishonamiz”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 12 million kvadrat metr. Mahsulotlar import o‘rnini bosish bilan birga eksportga ham mo‘ljallangan. Bu yerda 700 kishi ish bilan ta’minlangan.
Tadbirda G‘ozg‘on shahridagi “Marmarobod” korxonasi bilan ham videoaloqa orqali bog‘lanildi. U marmar va granit toshlarni qazib olib, qayta ishlashga ixtisoslashgan. Xitoy va Eron davlatlaridan uskunalar olib kelinib, muhandis va mutaxassislar jalb qilingan. 300 kishi ish bilan ta’minlangan.
Davlat rahbari Navoiy shahridagi “Gidro Stanko Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
Navoiy viloyati sanoatlashgan hudud. Bu yerda tog‘-kon, metallurgiya, kimyo, energetika korxonalari ko‘p. Ularga, umuman, mamlakat sanoati va qishloq xo‘jaligiga mashinasozlik mahsulotlari doim zarur.
“Gidro Stanko Servis”da aynan shular ishlab chiqariladi. Bu yerda kooperatsiya orqali 100 dan ortiq qurilma va mingdan ortiq turdagi ehtiyot qismlar mahalliylashtirilgan. Natijada 2021 yilda 12 million dollardan ziyod valyuta mablag‘larini tejashga erishilgan. Joriy yil yakuni bilan ishlab chiqarish miqdori 23 million dollar bo‘lishi kutilmoqda.
Korxonaga uskunalar Germaniya, Turkiya, Italiya va Xitoydan keltirib o‘rnatilgan. 370 kishi ish bilan ta’minlangan.
Bugungi kunda korxonada quyuv sexi tashkil etish va mahsulotlar turini ko‘paytirish ustida ish olib borilmoqda.
Prezident mutasaddilarga mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
LiveBarchasi