Prezident Namanganni nima uchun boshqa hududlarga namuna qilib ko‘rsatishini aytdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatini va uning aholisini nega boshqa hududlarga namuna sifatida ko‘rsatishi haqida gapirdi. Namangan viloyati hokimligi Axborot xizmati Prezidentning so‘zlaridan iqtiboslar keltirmoqda.

Davlat rahbari pandemiya davrida viloyatning yalpi ishlab chiqishi 5 foizdan oshganini qayd etib, hech qaysi viloyatda bunday natija bo‘lmaganini aytgan.

“Namanganliklarda tadbirkorlik, birlashish, natijaga ishlash degan odat bor. Ish uslubi madaniyati juda yuqori”, deydi Shavkat Mirziyoyev. 

O‘zbekiston Prezidenti Namangan shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida jurnalistlar savoliga javob bergan. U Namangan viloyatini boshqa hududlarga namuna sifatida ko‘rsatishining sabablariga to‘xtalib o‘tgan. 

Shavkat Mirziyoyev doim Namangan viloyati hamda uning xalqi haqida o‘zgacha mehr bilan gapirishi va boshqa hududlarga namuna qilib ko‘rsatishining sabablari haqidagi savolga quyidagicha javob bergan:

“Haqiqatan ko‘p uchrashuvlarda, har bir selektor yig‘ilishida Namanganni boshqa viloyatlarga ibrat qilib ko‘rasataman. Bu viloyat bilan Farg‘onani taqqoslab, tahlil qilib ko‘raylik. Farg‘onada neftni qayta ishlash zavodi, “Farg‘onaazot” kabi katta-katta korxonalar bor. Namanganda-chi? Umuman yirik korxonalar yo‘q. Afsuski, 30 yil ichida bu viloyatda maqtashga arzigulik katta korxonalar qurmadik”.

Prezident Namangan aholisini nega doim maqtashiga ham to‘xtalgan.

“Namanganliklar tartib-intizomni yaxshi ko‘radi, ularda tadbirkorlik, birlashish, natijaga ishlash degan odat bor. Ish uslubi madaniyati juda yuqori. Oxirgi yillarda viloyat rahbarlari tadbirkorlarga davlat bergan imkoniyatlarni yetkazishda zamon talabiga munosib ishlayapti, tadbirkorlar ishongan”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari boshqa viloyatlarda soliqning asosiy qismini yirik korxonalar bajarishini, Namanganda esa o‘rta va kichik biznes bu vazifani bajarishini ta’kidlagan. 

“O‘tgan yili pandemiya paytida viloyatning yalpi ishlab chiqarishi 5 foizdan oshdi, sanoat ulushi 16 foiz bo‘ldi. Hech qaysi viloyatda bunday natija bo‘lgani yo‘q. Men albatta, Namangan xalqining mehnati, harakatlari va natijasiga qarab, ularni maqtayman, munosib rag‘batlantiraman va har doim ibrat sifatida ko‘rsataman”, deydi Prezident.

Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga safari davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

289

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing