Prezident Mirziyoyev O‘zbekistondagi blekautga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo yagona elektr tarmog‘ida sodir bo‘lgan avariyadan o‘sha zahotiyoq xabar topib, darhol Hukumat komissiyasini tuzishga topshiriq bergan. Bu haqda uning o‘zi bugun, 26 yanvar kuni videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi.

“Biz bugungi kunda global dunyoda yashamoqdamiz. Global olamda hamma narsa bir-biriga bog‘liq. Har bir odamning hayoti butun insoniyat hayoti bilan yanada ko‘proq bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Olis-yaqin hududlarda yuz berayotgan turli ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar, texnogen ofatlar bizga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi.

Mana kuni kecha elektr ta’minoti bo‘yicha sodir bo‘lgan texnik uzilish bir zumda butun mintaqa hayotida kuchli aks-sado berganiga barchamiz guvoh bo‘ldik.

Bu avariyadan o‘sha zahotiyoq xabar topib, darhol Hukumat komissiyasini tuzishga topshiriq berdim. Komissiya, tarmoq va hudud rahbarlari bilan doimiy muloqotda bo‘lib, avariya hamda uning iqtisodiyot va aholi hayotiga salbiy ta’sirini bartaraf etish bo‘yicha ishlarni, shaxsan nazoratimga oldim”, deydi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev shu bilan birga, bunday holatda xalqimiz ham vaziyatni to‘g‘ri qabul qilib, sarosimaga tushmaganiga to‘xtalib o‘tdi.

“Fursatdan foydalanib, avvalo sabr-toqatli xalqimizga, shuningdek, ushbu vaziyatni bartaraf etishda jonbozlik ko‘rsatgan barcha soha va idoralar xodimlariga, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq vakillariga o‘z minnatdorligimni bildiraman”, deydi u.

Prezident so‘zi davomida bu hodisadan to‘g‘ri xulosa qilib, O‘zbekiston taraqqiyotini davrning global muammolari bilan yanada bog‘liq holda ko‘rish kerakligini ta’kidladi. 

“Bu boradagi mavjud tahdid va muammolarni bartaraf etishga doimo tayyor turishimiz kerak. 

Tinch-osoyishta hayot osmondan tushmaydi. Bu hayotni qadrlash, asrab-avaylash, bu hayotni himoya qilish kerak”, dedi Prezident.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

599

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing