Prezident “Matonat maktabi”ni tashkil etishni taklif qildi
Jamiyat
−
10 Sentabr 2021
3352O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi tarkibida “Matonat maktabi” tashkil qilinadi. Bu haqda, bugun, 10 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Yaponiya poytaxti Tokioda bo‘lib o‘tgan XVI Paralimpiya o‘yinlarining ishtirokchilari, ularning murabbiylari va ota-onalari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Uchrashuv davomida, davlat rahbari yoshlarning ozgina to‘siqlarga bardosh bera olmasdan o‘zini yo‘qotib qo‘yayotganini aytib, ularga javobgar ekanini ta’kidladi.
“Afsuski, hozirgi vaqtda yoshlar orasida hayotda ozgina to‘siq yoki qiyinchilikka uchrasa, o‘zini yo‘qotib, umidsizlikka tushib qoladigan, nojo‘ya yo‘llarga kirib ketadigan yigit-qizlar ham yo‘q emas. Yaxshisi ham, yomoni ham mening bolalarim. Ularga men javobgarman”, deydi Prezident.
Shuningdek, Mirziyoyev hayot sinovlarida toblangan namunali insonlar, yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiylarni keng jalb etgan holda “Matonat maktabi”ni tashkil etishni ham taklif qildi.
“Yurtimizda chinakam matonat egalari juda ko‘p. Yaqinda uch farzandiga qo‘shib yana olti nafar bolani asrab olgan oila haqida eshitdim. Mana bu haqiqiy matonat. Bunday fidoyi, oliyjanob insonlar, g‘oliblarni barchaga namuna qilib ko‘rsatish kerak. O‘zining yuksak irodasi va matonatini namoyish etib kelayotgan sportchi va harbiy yoshlarimiz ham “Matonat maktabi”ning yetakchi vakillari sifatida faoliyat olib borsalar, ta’lim maskanlarida, mehnat jamoalarida, ayniqsa, mahallalarda yoshlar bilan uchrashib, o‘z hayotlari, mashaqqatli yo‘llari, qiyinchiliklarni qanday yengib o‘tayotgani haqida so‘zlab berishsa, boshqa yoshlar ham albatta, ularga ergashadi”, deydi Prezident.
LiveBarchasi