Prezident kim bo‘lishidan qat’i nazar o‘zgarardi – Nazarbekov Konstitutsiyaning o‘zgarishi haqida
Madaniyat-san’at
−
30 iyun 2022
16418O‘zbekistonda Prezident kim bo‘lishidan qat’i nazar Konstitutsiya o‘zgarishi kerak edi. Bunga tabiiy ehtiyoj bor. Mavjud qonunchilik faoliyatni qiyinlashtiryapti va ayri to‘siqlarni keltirib chiqarmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri – O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov kecha, 29 iyun kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda aytgan.
Nazarbekov Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ishora qilar ekan, kim prezident bo‘lishidan qat’i nazar “bu baribir sodir bo‘lardi” degan fikrni ilgari surdi. U OAV xodimlari uchun jannat tomon yo‘l axborot jangidagi jihod yo‘li ekanligini aytgan.
“Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar – bu o‘ta dolzarb masala. Hozir, ayniqsa, siz [jurnalist]larning “sezon”inglar boshlandi. Tom ma’noda axborot jangi nuqtai nazaridan sizlarga jihod mana shu. Haqiqiy ma’noda jannatni qozonadigan jihod mana shu – jamiyatni ongini va tafakkurini himoya qilish.
Prezidentimiz menga ko‘p gapiradilar: “Mudofaa xalqimizning jonini asrashi kerak bo‘lsa, madaniyat tafakkurini asrashi kerak”. Haqiqatdan o‘ta to‘g‘ri, aslida bu mudofaadan ham qiyinroq, amalga oshirish og‘irroq bo‘lgan vazifa. Biz oddiy haqiqatlarni xalqimiz tushunadigan tilda yetkazib berishimiz o‘ta muhim. Ehtimol, bu instrumentimiz hali sog‘lom emas, hali axborot xurujlariga qarshi turib beradigan aniq strategiyalarimiz ko‘rinmaydi, kamchiliklarimiz esa mana shu sohada ko‘rinadi. Lekin buni o‘ta muhim sanab bugungi jarayonlarda sodda qilib aytganda, “povod” bermaslik kerak. “Yurtimizning kelajagiga befarq bo‘lmagan, jonkuyar” do‘stlarimizga qarshi tura bilish, ayniqsa, asosli-asosli fikrlar bilan qarshi tura bilish va uchinchi ob’ektni asrab qolish. Uchinchi ob’ekt – jamiyatimiz, xalqimiz. Ya’ni o‘rtada kimning fikriga ergashsam ekan, degan qatlam aslida asosiy qatlamni tashkil qiladi. Mana shu jangda kimning axboroti kuchliroq, kimning axboroti ishonchliroq bo‘lsa, demak uchinchi ob’ekt ana shu tomonga istasa-istamasa og‘adi”, deydi vazir.
Nazarbekovning qayd etishicha, Mustaqillikning ilk bosqichida O‘zbekistonda davlat xavfsizligi boshqa masalalardan ustuvor bo‘lgan. O‘sha vaqtda kerak bo‘lsa xalqni qo‘rqitish evaziga ham davlatni kuchaytirish kerak bo‘lgan.
“Men ko‘p tahlil qilaman, mustaqilligimizning ilk yillarida bizga nima muhim edi? Davlatchilik. Mustaqillik yillarida fuqarolik jamiyatidan ko‘ra davlat daxlsizligi muhim masala edi. Davlatni kuchaytirish kerak edi, boshqa yo‘l yo‘q edi. Xalqni qo‘rqitish evaziga bo‘lsa ham davlatni kuchaytirish kerak edi, vaziyat shuni talab qilardi. Bugun fuqarolik jamiyatiga qadam qo‘ydik, yaxshi mustahkam davlatimiz bor, hammamiz ishonamiz. Markaziy osiyoda davlat sifatida kimdandir kam joyimiz yo‘q”, deydi Nazarbekov.
Uning qayd etishicha, fuqarolik jamiyatiga o‘tish 2016 yildan, Harakatlar strategiyasini tuzishdan boshlangan. Buning uchun uyma-uy, eshikma-eshik yurilib, fuqarolarning dardi tinglangan. Ulardan to‘plangan ma’lumotlar ortidan esa Taraqqiyot strategiyasi yuzaga kelgan.
Bugun esa xalqning muammolarini o‘rganish natijasida tuzilgan rejalarni amalga oshirish uchun qonunchilikda kamchilik paydo bo‘lgan. Kechagi normalar, kechagi tartiblarning bugungi rejalarni bajarishga quvvati yetmayapti yoki to‘siqlar bor.
“Bu tabiiy jarayon, uni o‘ta primitiv fikrlashga qo‘yib bermaslik kerak. Prezident kim bo‘lishidan qat’i nazar mana shu holat bo‘lardi. Tamoyillar o‘zgaryaptimi? Tamoyillarni amalga oshiruvchi qonunlar o‘zgarishi uchun tabiiy ehtiyoj bor. Qaysidir shaxslarning qiziqishlarini himoya qilish uchun bu talablar o‘rtaga chiqmayapti. Davr va zamon bu talablarni o‘zi o‘rtaga qo‘yyapti”, deydi Nazarbekov.
LiveBarchasi