Prezident qarori: Yangiyo‘l, Kogon va Chortoq shaharlari rivojlantiriladi

Jamiyat

image

Xalqaro Tiklanish va Taraqqiyot Banki ishtirokida “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi. Quyida qarorning to‘liq matni bilan tanishing.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Shahar infratuzilmasini boshqarish samaradorligini oshirish va kompleks takomillashtirish, o‘rta shaharlar aholisi uchun servis xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatiga zamonaviy texnik, moliyaviy va boshqaruv vositalarini joriy etish orqali ularning salohiyatini kuchaytirish maqsadida:

1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki:

2018-yil 18-dekabrda Jahon bankining Direktorlar kengashi tomonidan “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” dastlabki loyihasini (keyingi o‘rinlarda – loyiha) amalga oshirish uchun Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining (keyingi o‘rinlarda – XTTB) 100 million AQSH dollari miqdoridagi qarz mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasiga taqdim etish ma’qullangan;

loyiha doirasidagi tajriba-sinov shaharlari sifatida Yangiyo‘l (Toshkent viloyati), Kogon (Buxoro viloyati) va Chortoq (Namangan viloyati) belgilangan.

2. Quyidagilar loyihani moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

XTTBning 5 yillik imtiyozli davrni qo‘shib hisoblaganda qaytarish muddati 30 yil bo‘lgan 100 million AQSH dollari miqdoridagi qarz mablag‘lari;

O‘zbekiston Respublikasining soliq va bojxona imtiyozlaridan, shuningdek, ko‘chib o‘tish bo‘yicha xarajatlarni qoplashdan iborat ekvivalenti 24,12 million AQSH dollari miqdoridagi hissasi.

3. Belgilansinki:

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi loyihaning o‘z vaqtida amalga oshirilishi, shuningdek, XTTB qarz mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish uchun mas’ul ijro etuvchi organ hisoblanadi;

loyihani amalga oshirishni umumiy muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Urbanizatsiya agentligi tomonidan amalga oshiriladi;

loyihani amalga oshirish doirasida XTTB qarz mablag‘ini so‘ndirish, shuningdek, foizlar, vositachilik haqi va boshqa chiqimlarni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti va tegishli viloyatlarning mahalliy byudjetlari mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.

4. Quyidagilar:

“O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari 1-ilovaga muvofiq;

“O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish uchun jalb etilgan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining qarz mablag‘lari bo‘yicha asosiy qarzni so‘ndirish, foizlar va vositachilik haqini to‘lashning prognoz grafigi 2-ilovaga muvofiq;

2019-2021 yillarda “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasini amalga oshirishga doir “Yo‘l xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ishchi komissiya (keyingi o‘rinlarda – Ishchi komissiya) 4-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin va uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:

loyihani samarali amalga oshirish, “Yo‘l xaritasi”da ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni jadal ishlab chiqish va ob’ektlarni tezkorlik bilan ishga tushirishni ta’minlash;

loyiha doirasidagi loyihalarning sifatli saralab olinishi, ekspertizadan o‘tkazilishi va o‘z vaqtida amalga oshirishga tayyorlanishini ta’minlash, ajratilayotgan mablag‘lardan samarali foydalanish ustidan nazorat qilish;

har bir loyiha va umuman butun loyihaning amalga oshirilishini muntazam ko‘rib chiqish va zarur hollarda, ularni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;

joylarga chiqqan holda, loyiha doirasidagi ishlarning o‘z vaqtida

va sifatli bajarilishi bo‘yicha shaxsiy nazoratni ta’minlash va zarur choralar ko‘rish.

6. Loyihani amalga oshirish davrida quyidagilar:

belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlarga muvofiq olib kiriladigan tovarlar (xarid qilinadigan ishlar, xizmatlar) va transport vositalari, jihozlar, texnologiyalar va materiallar – bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari), shu jumladan, ular “vaqtinchalik chetdan olib kelish” bojxona rejimida rasmiylashtirilganda – davriy bojxona to‘lovlaridan, shuningdek, avtotransport yig‘imlaridan;

O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari-norezidentlari – yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ini to‘lashdan;

O‘zbekiston Respublikasining jismoniy shaxslari-norezidentlari – jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod etilsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi loyihani amalga oshirishni samarali tashkil etish uchun:

Toshkent shahrida loyihani amalga oshirish bo‘yicha bosh guruhni, shuningdek, tajriba-sinov shaharlarida loyihani amalga oshirish bo‘yicha hududiy guruhlarni tashkil etsin;

Jahon bankining ijtimoiy va yekologik himoyalash tamoyillarini hisobga olgan holda, loyiha komponentlarini amalga oshirish va moliyalashtirish jadvalida ehtimoliy o‘zgarishlar yuz berishi munosabati bilan ishlarni tashkil etishda hadli yondashuvni ta’minlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

bir hafta muddatda belgilangan tartibda loyihaning texnik-iqtisodiy asosini tasdiqlasin, shuningdek, kelgusida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining asoslantirilgan takliflariga ko‘ra unga zarur tuzatishlar kiritsin;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-iyuldagi “Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3857-son qaroriga muvofiq loyihani amalga oshirishning samarali monitoringini ta’minlasin va qonunchilik talablarini buzganligi uchun mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli javobgarlik choralarini ko‘rsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi:

loyihaning to‘la-to‘kis va o‘z vaqtida amalga oshirilishi, shuningdek, loyiha doirasida ajratiladigan moliyaviy mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi ustidan tizimli monitoring o‘rnatsin;

har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga loyihaning amalga oshirilishi to‘g‘risida axborot kiritsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi loyihani amalga oshirish doirasida belgilangan tartibda loyiha-smeta hujjatlari davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini, shuningdek, qurilish-montaj ishlarini bajarish sifati ustidan lozim darajada davlat arxitektura-qurilish nazorati o‘rnatilishini ta’minlasin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining buyurtmanomalariga binoan loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarni O‘zbekiston Respublikasiga jalb etish uchun belgilangan tartibda ruxsatnomalar berishni (uzaytirishni), shuningdek, mazkur xorijiy mutaxassislarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun tasdiqnomalar berishni (uzaytirishni) ta’minlasin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi belgilangan tartibda tegishli loyiha hujjatlarining davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilishini va loyihani amalga oshirish doirasida tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati o‘rnatilishini ta’minlasin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi va Jahon banki o‘rtasidagi qarz bitimi bo‘yicha tegishli yuridik xulosa bersin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi belgilangan tartibda tegishli loyiha hujjatlarining ekspertizadan o‘tkazilishini va loyihani amalga oshirish doirasida madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilishga qaratilgan qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati o‘rnatilishini ta’minlasin.

15. Toshkent, Buxoro va Namangan viloyatlari, Yangiyo‘l, Kogon shaharlari va Chortoq tumani hokimliklari loyihani to‘la-to‘kis amalga oshirish uchun barcha zarur hujjatlar sifatli ishlab chiqilishi va loyihani amalga oshirish guruhlariga o‘z vaqtida kiritilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J.Ramatov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari E.M.G‘aniyev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi R.A.G‘ulomov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 
Shavkat Mirziyoyev

 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

13

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing