Prezident ishsizlikka doir qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidentining “2021 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan 2021 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha davlat dasturi ma’qullandi. 

Ushbu dasturga asosan 2021 yilda:

•  457 127ta doimiy yangi ish o‘rinlarini tashkil etish;

•  513 575 nafar fuqaro bandligiga ko‘maklashish va ish beruvchilarni rag‘batlantirish;

•  281 ming 289 nafar ishsizlarni bo‘sh va zaxira ish o‘rinlariga ishga joylashtirish belgilangan.

Qarorga asosan,  2021 yilda aholi bandligiga ko‘maklashish uchun quyidagi miqdorlarda subsidiya, nafaqalar va mikrokreditlar ajratiladi:

•  subsidiyalar ajratish uchun – 92,3 mlrd so‘m;

•  ishsizlik nafaqalari to‘lab berish uchun – 65,1 mlrd so‘m;

•  kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish xarajatlarini qoplash uchun – 40,6 mlrd so‘m;

•  yangi ish o‘rinlari tashkil etishni nazarda tutuvchi kichik loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklariga ajratiladigan resurslar uchun – 125 mlrd so‘m.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari huzurida faoliyat yuritayotgan vaqtincha bir martalik ish bilan ta’minlash byurolari Kunlik mehnat markazlari sifatida qayta tashkil etiladi.

Markaz ish izlovchilarni ro‘yxatga oladi, ular to‘g‘risida ma’lumotlar bazasini yuritadi hamda ish beruvchilardan fuqarolarni vaqtincha ishlarga yollash bo‘yicha buyurtmalar oladi.

Bundan tashqari mavsumiy, vaqtincha va bir martalik ishlarda band bo‘lgan fuqarolar uchun “barcha uchun ish” tamoyili ostida “Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn-maydoni ishga tushadi.

Unda quyidagilar nazarda tutiladi:

•  ishsizlar, ayniqsa, ayollar, yoshlar, talabalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ishlar, masofadan turib bajariladigan ishlar, uyda bajariladigan ishlar, kasanachilik ishlari, frilanserlik faoliyati, ish grafiklari, talab etiladigan malaka darajasi, ish haqi miqdori va boshqalarni aks ettirish;

•  o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning faoliyat turlari (xizmatlari, ishlari) hamda ularga ehtiyoji bor bo‘lgan ish beruvchilar to‘g‘risida ma’lumotlarni olish;

•  o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning faoliyat turlari (xizmatlari, ishlari)ni reklama qilish;

•  o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va ularning xizmatiga ehtiyoji bor ish beruvchilar o‘rtasida kunlik va uzoq muddatli oferta shartnomasi tuzish.

Vaqtinchalik, bir martalik ishlar to‘g‘risidagi kunlik ma’lumotlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning faoliyat turlari (xizmatlari, ishlari) to‘g‘risidagi e’lonlar “Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn maydoni orqali bepul taqdim etib boriladi.

 

Diyora Abdurahmonova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

141

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing