“Uzbekistan GTL” zavodi ishchilari isyon ko‘tardi. Vazirlik hodisaga izoh berdi (video)

Jamiyat

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida joylashgan GTL zavodining yuzlab ishchilari ishtirokida ommaviy tartibsizliklar yuzaga kelgani tasvirlangan videolar tarqaldi.

Unda xizmat kiyimidagi yuzlab ishchilar zavod hududi bo‘ylab harakatlanayotgani va noroziligini bildirayotgani aks etgan.

Videolardan birida zavod hududida yong‘in chiqqani va osmonga qora tutun ko‘tarilgani aks etgan. Shuningdek, yana bir tasvirda ishchilar zavodning ofis qismigi kirib uni vayron qilgani ko‘rinadi.

Holat yuzasidan O‘zbekiston Energetika vazirligi rasmiy munosabat bildirdi. Unda qayd etilishicha, hodisa bugun, 21 oktyabr kuni yuz bergan.

Ishchilar noroziligiga zavod oshxonasidagi elektr kirish tizimida texnik nosozlik yuz bergani sabab bo‘lgan.

Ishchilarning ommaviy noroziligi va nazoratsizligi tashkilotning bosh pudratchisi "Enter Engineering, Hyundai Engineering, subpudratchilar hamda buyurtmachi "Uzbekistan GTL" ofisining vayron qilinishiga sabab bo‘lgan. Shuningdek, vaqtinchali inshootlar: oshxona, omborxona va boshqalar ham talafot ko‘rgan.

Hodisada bir necha kishi, jumladan, oshxona, kadrlar bo‘limi, “Enter Engineering” muhandis-texnik xodimlariga tan jarohati yetgan. Shuningdek, omborxonalarni yoqib yuborishga urinishlar bo‘lgan. Yong‘in o‘choqlari tezda bartaraf etilgan.

Tartibsizliklarda taxminan ming nafar ishchi qatnashgan.

Qayd etilishicha, ertalab soat 9:00 dan boshlab qurilish maydonida vaziyat barqarorlashgan va ommaviy ish tashlash to‘xtatilgan. Ayni paytda “Uzbekistan GTL” mutaxassislari qurilish maydonidagi talafotni hisoblab chiqishyapti. Maxsus texnik guruh tizimdagi nosozlikni tuzatmoqda.

Energetika vazirligi rahbariyati, “O‘zbekneftgaz” AJ, “Enter Engineering Pte. Ltd.” hodisa tafsilotlarini bilish va kelajakda shunga o‘xshash hodisalarning oldini olish uchun voqea joyiga uchib ketgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1850

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing