Prezident energetikani isloh qilish uchun qancha pul kerakligini aytdi
Jamiyat
−
20 dekabr 2022 7749 2 daqiqa
O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror rivojlanishi uchun, energetika sohasiga 25-30 milliard dollar investitsiya kerak. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 20 dekabr kuni Oliy Majlis palatalariga yo‘llayotgan murojaatida aytib o‘tdi.
“Ochiq aytish kerak, energetika sohasidagi muammolar bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Ko‘p yillar davomida yangi gaz konlariga investitsiya kiritilmagani, elektr va gaz tarmoqlari modernizatsiya qilinmagani ham, ayni haqiqat. Oqibatda, tizimda aniq hisob-kitob yo‘qligi, katta yo‘qotishlar oddiy holga aylanib qolgan edi”, deydi Prezident.
Prezidentning qayd etishicha, so‘nggi olti yilda aholi 12 foizga, sanoat korxonalari esa 2 barobarga ortib, 45 mingdan 100 mingtaga ko‘paydi.
“Natijada, elektr energiyasiga talab kamida 35 foizga oshdi va yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Iqtisodiyotimiz barqaror rivojlanishi uchun, energetika sohasiga 25-30 milliard dollar investitsiya kerak.Bunga faqatgina xususiy investitsiyalarni jalb qilish orqali erishish mumkin”, deydi Prezident..
Davlat rahbari so‘nggi uch yilda sohaga 8 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilinganini eslatdi. Jumladan, o‘tgan haftada Buxoro, Namangan va Xorazmda quvvati 500 megavattli yana 3 ta quyosh stansiyalarini qurish bo‘yicha tanlov yakunlangan
“Yil boshidan quvvati 1,5 ming megavattli 7 ta elektr stansiyasini ishga tushirdik. Kelasi yilda yana 4,5 ming megavattli 11 ta yirik loyihani yakuniga yetkazamiz. Jumladan, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida barpo etiladigan quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobiga, qo‘shimcha 14 milliard kilovatt elektr ishlab chiqariladi. Bu orqali, xonadonlarga beriladigan elektr energiyasi 50 foizga ko‘payadi”, deydi Mirziyoyev.
Live
Barchasi