Prezident elektromobillarga oid qarorni imzoladi
Olam
−
19 dekabr 2022
13674O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 19 dekabr kuni “Elektromobillardan foydalanish infratuzilmasini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Qarorda quyidagilar nazarda tutilmoqda:
2024 yil 1 yanvardan boshlab yangi quriladigan savdo va biznes markazlari, ko‘ngilochar va dam olish maskanlari, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, mehmonxonalar, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari bo‘yidagi infratuzilma ob’ektlarida majburiy tartibda quvvatlantirish stansiyalari joylashtiriladi;
Qurilish vazirligi tomonidan texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi ta’minlanadi.
Quvvatlantirish stansiyalarining sonini 2024 yil yakuniga qadar 2 500 taga yetkazish bo‘yicha xukumat dasturi tasdiqlanadi. Bunda:
a) 2023 yilda elektr tarmoqlari, transformator va nimstansiyalarga tutash hududlardan 1 400 ta quvvatlantirish stansiyalarini o‘rnatish uchun yerlar auksionga chiqarilishi;
b) “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llariga tutash hududlarda kamida 500 ta quvvatlantirish stansiyalari barpo etilishi;
v) 2023-2024 yillarda kamida 500 ta quvvatlantirish stansiyalarini joylashtirish uchun davlat organlari va tashkilotlarning bo‘sh hududlari “K-savdo” aat orqali auksionga chiqarilishi nazarda tutiladi;
2023 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlarga quvvatlantirish stansiyalari orqali elektr energiyasini sotish huquqi beriladi. Bunda, xizmat tarifi (narxi) elektr energiyasining tasdiqlangan tarifidan qat’i nazar tadbirkorlar tomonidan mustaqil belgilanadi;
2023 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvarga qadar:
a) quvvatlantirish stansiyalari va ular o‘rnatilgan avtomobil to‘xtash joylari joylashgan yer uchastkalari yer solig‘idan, shuningdek, quvvatlantirish stansiyalari mol-mulk solig‘idan;
Mazkur imtiyoz hisobiga tadbirkorlar ixtiyorida 2023 yilda 2,4 mlrd so‘m, 2024 yilda 9,4 mlrd so‘m mablag‘ qoladi.
b) asosiy faoliyat turi transport vositalarini quvvatlantirish xizmatini ko‘rsatish bo‘lgan tadbirkorlar foyda solig‘idan hamda transport vositalarini quvvatlantirish xizmatini ko‘rsatishdan olingan daromad aylanmadan olinadigan soliqdan;
v) import qilinadigan quvvatlantirish stansiyalari, ularning komponentlari va servis infratuzilmasi uchun texnologik asbob-uskunalar bojxona bojidan ozod etiladi;
Moliya vazirligi 3 oy muddatda Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritish choralarini ko‘radi.
Hudud rahbarlari va Energetika vazirligiga 2023 yil 1 dekabrga qadar faoliyat ko‘rsatayotgan avtomobillarga benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz quyish shoxobchalarida kamida 1 dona (4 ta kanalli) 60 kVt quvvatli quvvatlantirish stansiyasini o‘rnatish choralarini ko‘rish topshirilmoqda.
Bugungi kunda respublikada jami 4 652 ta avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari mavjud bo‘lib, shundan siqilgan gaz quyish shoxobchalari 1 443 tani, suyultirilgan gaz – 983 tani hamda benzin va dizel yoqilg‘isi – 2 226 tani tashkil etadi.
6) Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda quvvatlantirish stansiyalarini o‘rnatish, ekspluatatsiya qilish va elektr quvvatiga ulash, shuningdek, xizmatlar bo‘yicha umumiy talablar va yagona standartlarni belgilashni nazarda tutuvchi qaror loyihasini tayyorlash topshirilmoqda;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish chora-tadbirlarini 2023 yil 1 iyulga qadar yakunlash vazifasi yuklatilmoqda.
Qarorni qabul qilishdan kutilayotgan natijalar:
• quvvatlantirish stansiyalarining tarmog‘i kengaytirilib, ularning soni 2024 yil yakuniga qadar kamida 2 500 taga yetkaziladi;
• hozirda respublikada 70 taga yaqin quvvatlantirish stansiyasi mavjud. Yil yakuniga qadar qo‘shimcha 30 ta stansiya o‘rnatilishi kutilmoqda.
• tadbirkorlarga quvvatlantirish stansiyalari orqali elektr energiyasini sotish huquqi beriladi hamda ushbu xizmatni ko‘rsatish uchun qulay biznes muhiti yaratiladi.
LiveBarchasi