Prezident elektr energetikasi tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 13 yanvar kuni elektr energetikasi sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha joriy yilga asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. 

Elektr energetikasi iqtisodiy o‘sishning barqarorligini va aholi farovonligini ta’minlaydigan muhim manbadir. Bu tarmoqni modernizatsiya qilish, energiya quvvatlarini ko‘paytirish va iste’molchilarga uzluksiz yetkazib berish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. 

Davlat rahbarining 2019 yil 1 fevraldagi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tashkil etilgan edi. O‘sha yilning 27 martidagi Prezident qaroriga asosan, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati isloh qilinib, uning negizida “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari tashkil topdi.

O‘tgan yili mamlakatda 6 ta yirik loyiha doirasida jami 1076 megavatt elektr energiya quvvatlari ishga tushirildi.

Joriy yilda elektr energiyasi iste’moli 71 milliard kilovatt-soatni tashkil etib, o‘tgan yilgiga nisbatan o‘rtacha 9 foizga, ya’ni, iqtisodiyot tarmoqlari talabi 10, aholiniki esa 8,5 foizga oshishi kutilmoqda. 

Yig‘ilishda ushbu ehtiyoj qaysi manbalar hisobidan qoplanishi, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “yo‘l xaritasi” ijrosi muhokama qilindi.

Prezident 2020 yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish, taqsimlash va yetkazib berish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarni to‘liq, sifatli amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.

Joriy yilda issiqlik elektr stansiyalarida 1177 megavatt, gidro elektr stansiyalarida 120 megavatt quvvatlar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga 3 ming 500 megavattli bug‘-gaz qurilmalari, 400 megavattli shamol va shunday quvvatga ega quyosh elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha loyihalar shakllantirilgan.

Yig‘ilishda tarmoq korxonalarida rentabellikni ta’minlash, energiya iste’moli uchun qarzdorlikni bartaraf etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi bu borada yaxshi samara berayotgani qayd etilib, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatiga yil yakunigacha yana 4 million 500 ming dona zamonaviy hisoblagichlar o‘rnatish vazifasi qo‘yildi.

Sohadagi islohotlarning keyingi bosqichida elektr energiyasining raqobatli ulgurji bozorini shakllantirish, generatsiya jarayoniga davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida investorlarni jalb qilish va bunda davlat kafolatini bosqichma-bosqich kamaytirish muhimligi ta’kidlandi. 

Yig‘ilishda sohani rivojlantirishning uzoq istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030 yilga borib mamlakatda elektr energiyasi iste’moli hozirgiga nisbatan 2 barobar ko‘p bo‘lishi kutilmoqda. Shu bois Energetika vazirligiga keyingi o‘n yilda umumiy quvvati 7 ming 900 megavattni tashkil etadigan yangi issiqlik elektr stansiyalarini ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Shuningdek, investorlarni jalb qilgan holda, 8 ming megavatt quvvatga ega quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, gidro elektr stansiyalari quvvatini 1 ming 935 megavattga oshirish, kichik gidro elektr stansiyalar barpo etishni xususiy sektorga berish yuzasidan vazifalar belgilandi.  

Mutasaddi tashkilotlarga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda elektr energiyasi sohasida zamonaviy texnologiyalar bilan bevosita ishlaydigan o‘rta va kichik bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha besh yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. 

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan soha korxonalari rahbarlari hisobot berdi, chora-tadbirlar belgilab olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

42

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing