Prezident Bosh prokurorga onkologik dorilar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishni buyurdi
Jamiyat
−
05 fevral 2024
5520O‘zbekistonda onkologik bemorlarni kimyo va target terapiyasi uchun dorilarga byudjetdan millionlab pullar ajratilayotgan bo‘lsa-da, bu dorilar joylarga yetib bormayapti. Odamlar uni dorixonalardan 10 barobar qimmatga sotib olmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 5 fevral kuni o‘tkazilayotgan 2024 yilda ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida gapirdi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, uch yil avval onkologik bemorlarni kimyo va target terapiyasi uchun 29 turdagi preparat bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilgan edi. Lekin, bu dorilar ayrim hollarda joylarga o‘z vaqtida, to‘liq yetkazib berilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Vaholanki, byudjetdan yetarli mablag‘ ajratilmoqda.
Oqibatda ba’zi bemorlar ularni dorixonadan 10 barobar qimmat sotib olishga majbur.
“Mana – farmatsevtikadagi o‘yinlar! Bu faqat onkologiyada. Endokrinologiya, kardiologiya, shoshilinch xizmatda ham bunday faktlar yetarli”, deydi davlat rahbari.
Bosh prokuraturaga onkologik preparat ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar, dorixonalar, qo‘lda sotuvchilarni, umuman barcha ishtirokchilarni tartibga keltirish, joylarga yetib bormagan 17 turdagi preparat bo‘yicha o‘rganish o‘tkazib, jazo muqarrarligini ta’minlash topshirildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi oldiga oylab omborlarda turgan, ruxsati haligacha chiqmagan dorilarni xatlov qilib, bu masalada tartib o‘rnatish, davlat xaridlari orqali olingan dorilarni “buyurtmachi – xaridor – yetkazib beruvchi – bemor” zanjiri asosida shaffof marshrut tizimini yaratish vazifasi qo‘yildi.
LiveBarchasi