Prezident Administratsiyasida ham ma’muriy o‘zgarishlar bo‘lishi aytildi
Jamiyat
−
29 dekabr 2022
17877O‘zbekistonda 2023 yilning 1 yanvardan boshlanishi kutilayotgan ma’muriy islohotlarning Prezident Adminstratsiyasini ham chetlab o‘tmaydi. Bu haqda kecha, 28 dekabr kuni AOKAda ma’muriy islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha Prezident farmoni va qarori mazmun-mohiyati bo‘yicha bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Adliya vaziri Akbar Toshqulov ma’lum qildi.
“Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilyapti. Konstitutsiyada ham, butun davlatchilik tizimida ham ma’lum bir islohotlar bor. 3 ta hokimiyatni oladigan bo‘lsak, ijro hokimiyatida aniq islohotlar bo‘lyapti, bu parlamentga ham, Administratsiyaga ham ta’sirini o‘tkazadi. O‘z navbatida, sud hokimiyatida ham mana shunday islohot ketyapti. Biz faqat ijro hokimiyatidagi islohotlarni ko‘rib, boshqa hokimiyat tizimida bunday bo‘lmaydi, deyishimiz xato. Hozir muhokama qilayotgan farmonimiz ham aynan ijro hokimiyatiga tegishli alohida masala, shuning uchun bu ham alohida ko‘riladi.
Vazirlar Mahkamasi o‘zgardi, hukumat o‘zgardi, undan keyin “tepasi” ham o‘zgarishi kerak-ku. Yo‘nalishlar bo‘yicha Administratsiyada ham bo‘limlar bor edi, o‘sha mexanizm o‘zgarganidan keyin, “tepa” ham o‘zgarishi o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi”, deydi Akbar Toshqulov.
Ma’lumot o‘rnida, shu yilning avgust oyida “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan e’lon qilingan Administratsiya rahbariyati ro‘yxatiga ko‘ra, Prezident devonining ijro etuvchi apparatida 4 nafar shaxs faoliyat yuritadi.
Zaynilobiddin Nizomiddinov Adminstratsiya rahbari lavozimidan ozod etilganidan so‘ng bu vazifani sobiq Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov bajarmoqda. Ayni vaqtda unino 4 nafar o‘rinbosari bor. Prezidentning maslahatchilari esa 9 ta.
Qolaversa, shu yilning noyabr oyida 2017 yildan buyon O‘zbekiston Adliya vazirligini boshqarib kelayotgan Ruslanbek Davletov ham prezidentning Ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga o‘tkazilgandi.
Prezident 20 dekabrda parlamentga qilgan murojaatnomasida vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 tagacha kamaytirilishini aytganidan so‘ng Adminstratsiya tarkibida muhim o‘zgarishlar bo‘ldi.
Undan avvalroq Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Rahim Hakimov ham Prezidentning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi.
Shuningdek, Murtaza Qarshiboyev Prezident maslahatchisi - Spichrayteri o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.
LiveBarchasi