Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, DXX va hokimlar Mehribonlik uylarini otaliqqa oladi

Jamiyat

image

Sharoiti og‘ir bo‘lgan Mehribonlik uylarini Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, viloyat hokimlari otaliqqa oladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ota-ona qaramog‘idan mahrum va yetim bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektorda aytib o‘tdi.

Xususan, Prezident Administratsiyasi – Yashnoboddagi 30-son, Vazirlar Mahkamasi – Yunusoboddagi 23-son, Davlat xavfsizlik xizmati – Bo‘kadagi 15-son, Bosh prokuratura – Samarqand shahridagi 1-son, Chegara qo‘shinlari – Buxoro shahridagi 32-son, Favqulodda vaziyatlar vazirligi – Marg‘ilondagi 1-son, Bojxona qo‘mitasi – Qo‘qondagi 12-son Mehribonlik uylari, Mudofaa vazirligi – Andijon shahridagi “Bolalar shaharchasi” bilan shaxsan shug‘ullanib, yil yakuniga qadar ularning barcha muammolarini hal etib beradilar.

Shuningdek, Mehribonlik uylarida tarbiya olayotgan qizlarimizning ta’lim-tarbiyasi, ularni balog‘atga, turmushga tayyorlash Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining asosiy vazifalaridan biri bo‘ladi.

Ushbu qizlarning barchasi “ayollar daftari”ga kiritilib, ularni qiynayotgan masalalarni joyida hal qilishga hamda Mehribonlik uylaridan keyingi hayotidagi o‘z o‘rnini topishiga har tomonlama ko‘maklashiladi.

Moliya vazirligi har bir Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchalariga o‘z tizimidagi ikkitadan mutaxassisni doimiy biriktirib, o‘z vaqtida moliyalashtirish va ajratilgan mablag‘larni samarali ishlatishga javob beradi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

137

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing