Prezident 10 ta tuman va 2 ta shahar hokimini ishdan oldi
Jamiyat
−
11 iyul 2023
29890Amudaryo, Qo‘rg‘ontepa, Buxoro, Mirishkor, Chiroqchi, Xatirchi, Payariq, Oqoltin, Guliston, Oqqo‘rg‘on tumanlari, Navoiy va Yangiyo‘l shaharlari hokimlari lavozimidan ozod etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 11 iyul kuni o‘tayotgan investitsiyalar jalb qilishni yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida shunday topshiriq berdi.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda yil boshida reja qilingan xorijiy sarmoyalarni o‘zlashtirish vazifalarining ijrosi ko‘rib chiqilgan.
Bu yilgi investitsiya va hududiy dasturlar doirasida jami 20 milliard dollar xorijiy sarmoyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha katta marralar belgilangan bo‘lib, bu boradagi ijobiy tajriba sifatida o‘tgan olti oyda Andijon shahri, Buloqboshi, Romitan, G‘allaorol, Forish, Karmana, Davlatobod, Chust, Kattaqo‘rg‘on, Sirdaryo tumanlarining har biri 50 million dollardan ko‘p to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya olib kelingani qayd etilgan.
Natijada ushbu tumanlarda jami 50 mingta yangi ish o‘rinlari, qo‘shimcha 1 trillion so‘m tushum paydo bo‘lgan.
Lekin Amudaryo, Qo‘rg‘ontepa, Buxoro, Mirishkor, Chiroqchi, Xatirchi, Payariq, Oqoltin, Guliston, Oqqo‘rg‘on tumanlari, Navoiy va Yangiyo‘l shaharlarida bu ko‘rsatkichlar pastligi, investitsiya muhiti qoniqarsizligi tanqid qilindi.
Prezident ushbu tuman va shahar hokimlarini lavozimidan ozod qilish bo‘yicha topshiriq berdi.
Bosh prokuratura va Hisob palatasiga ushbu hokimlar faoliyatini o‘rganib, qonun ustuvorligini ta’minlash topshirildi.
LiveBarchasi