Prezident hozirdan AESda ishlaydiganlarni tayyorlashga topshiriq berdi

Jamiyat

image

Prezident bo‘lajak AES stansiyasi va tizimida ishlaydigan mutaxassislarni hozirdan tayyorlash, xavfsizlikni Xalqaro atom energiyasi agentligi talablari darajasida ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 10 fevral kuni o‘tkazgan atom energetikasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilishda so‘z ochdi. 

Qayd etilishicha, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining o‘sib borayotgan ehtiyojini ta’minlash uchun mamlakatimizda energetikaning barcha manbalari ishga solinmoqda. An’anaviy generatsiyadan tashqari, so‘nggi yillarda qariyb 4 gigavattli muqobil quvvatlar ishga tushirildi va “yashil” energiya ulushi 16 foizga yetgan.

Kelgusi besh yilda yana 25 gigavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalari barpo etiladi. Bularning hisobiga yiliga 64 milliard kilovatt soat “yashil” energiya olinadi. Umuman, 2030 yilga borib, yurtimizda jami generatsiyada “yashil energiya” ulushini 50 foizdan oshirish maqsad qilingan. 

Ayni paytda raqamli texnologiyalar, elektromobillar, elektr jihozlar, sun’iy intellekt, mayning kabi tarmoqlarning rivojlanishi energiyaga bo‘lgan talabni keskin oshirmoqda. Shu bois ko‘plab davlatlar yangi turdagi energiya quvvatlariga o‘tish yo‘llarini izlayapti. Yer qa’ridan qazib olinadigan yoqilg‘ilar o‘z o‘rnini qayta tiklanuvchi manbalarga bo‘shatib beryapti. Bugunga kelib, dunyodagi jami generatsiyaning 42 foizi muqobil energiya.

Bildirilishicha, uzoq yillik quvvatlarni barpo etishda atom energetikasi maqbul hisoblanadi. Hozirgi kunda dunyoda 375 gigavattli 417 ta atom reaktorlari ishlatilmoqda. Yana yangi stansiyalar qurilyapti, ko‘p davlatlar atom energetikasini o‘zining rivojlanish strategiyasiga kirityapti.

“Mamlakatimizda uran zaxirasi borligidan foydalanib, uzoq muddatga mo‘ljallangan quvvat tashkil etish rejalashtirilgan. Xususan, kichik quvvatli reaktorlar barpo etish loyihasi ishlab chiqildi. 2024 yil 5 dekabrda Samarqand shahrida atom energiyasidan foydalanish masalalari bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazildi” deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda mutasaddilar atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar bo‘yicha axborot berdi. Davlat rahbari bo‘lajak stansiya va tizimda ishlaydigan mutaxassislarni hozirdan tayyorlash, xavfsizlikni Xalqaro atom energiyasi agentligi talablari darajasida ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar bergan. Bunday texnologiyalar iqtisodiyot raqobatdoshligini oshirib, uzoq muddatli o‘sish sur’atlari uchun munosib zamin yaratishi ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘zatom” agentligi huzuridagi “Atom elektr stansiyasi qurilishi direksiyasi” davlat korxonasi va “Atomstroyeksport” AJ (ASE AJ, “Rosatom” davlat korporatsiyasining muhandislik bo‘limi) o‘rtasida bo‘lajak kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurilish maydonchasida ishlarni boshlash to‘g‘risida protokol imzolangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev AES

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing