Prezident xotin-qizlarga oid farmonni imzoladi
Jamiyat
−
10 mart 2022
26900O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Mamlakatda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘lig‘ini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarni tizimli davom ettirish, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
2022-2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dastur 1-ilovaga muvofiq;
2022-2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dasturni 2022-2023 yillarda amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab:
byudjet tashkilotlaridan tashqari barcha yuridik shaxslarda oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan ayollarga har oy uchun minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan kelib chiqqan holda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lanadi;
mazkur yuridik shaxslarning ushbu band ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan xodimlar oldidagi majburiyatlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘langan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi hajmida kamaytiriladi.
3. Xotin-qizlarga ta’lim olishlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning ilmiy salohiyati va malakasini tizimli oshirib borishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab:
a) oliy ta’lim muassasalari, texnikum va kollejlarda, shu jumladan, sirtqi va kechki ta’lim shaklida o‘qiyotgan xotin-qizlarning ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun 7 yil muddatga foizsiz ta’lim kreditlarini moliyalashtirish maqsadida tijorat banklariga Davlat byudjetidan har yili 1,8 trillion so‘m resurs mablag‘lari yo‘naltirilsin.
Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.H. Toshkulov) ikki oy muddatda mazkur kichik bandda nazarda tutilgan mablag‘larni ajratish grafigini tijorat banklari kesimida tasdiqlasin;
b) davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qaytarish shartisiz qoplash maqsadida, Davlat byudjetidan har yili kamida 200 milliard so‘m moliyalashtirilsin.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.H. Toshkulov) hamda Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) 2022 yil 1 sentyabrga qadar davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan va ta’lim olayotgan xotin-qizlarning davlat oliy ta’lim muassasalari kesimida ro‘yxatini shakllantirsin hamda 2022 yil 1 oktyabrga qadar kontrakt to‘lovlarini qoplab bersin;
v) xorijiy oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim dasturlari bo‘yicha – 50 nafar, magistratura ta’lim dasturlari bo‘yicha – 10 nafar xotin-qizlarga har yili “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali qo‘shimcha grantlar ajratib borilsin.
Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) ushbu kichik bandda nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun “El-yurt umidi” jamg‘armasiga har yili Davlat byudjetidan kamida 6 milliard so‘m ajratilishini ta’minlasin;
g) har yili Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda – Qo‘mita) tavsiyalariga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 150 nafardan jami 2 100 nafar ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlarning ta’lim kontraktlari mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qaytarish shartisiz qoplab borilsin.
Qo‘mita (Z.B. Maxkamova) hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.H. Toshkulov) ikki oy muddatda mazkur kichik bandda nazarda tutilgan ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlar ro‘yxatini shakllantirish, ularga tavsiyalar berish va ta’lim kontraktlarini qoplab berish tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
d) mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan 500 nafar xotin-qizlarni har yili Qo‘mita tavsiyanomalariga asosan davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga umumiy qabul parametrlaridan tashqari alohida test sinovlari natijalariga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish amaliyoti joriy etilsin.
Qo‘mita (Z.B. Maxkamova), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.H. Toshkulov) hamda Davlat test markazi (M.M. Karimov) bir oy muddatda mazkur kichik bandda nazarda tutilgan alohida kvotalarni davlat oliy ta’lim muassasalari kesimida taqsimlash, xotin-qizlarga tavsiyalar berish, alohida test sinovlarini o‘tkazish tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
ye) davlat ilmiy tashkilotlari yoki oliy ta’lim muassasalari doktoranturasiga xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratib borilsin.
Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmanov) hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.H. Toshkulov) ikki oy muddatda xotin-qizlar uchun mazkur kichik bandda nazarda tutilgan maqsadli kvotalar davlat ilmiy tashkilotlari yoki oliy ta’lim muassasalari kesimida tasdiqlanishini ta’minlasin.
4. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va “O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasining:
asosan xotin-qizlarga dizayn, to‘qimachilik, axborot texnologiyalari, tarmoqlar iqtisodiyoti, marketing va talab yuqori bo‘lgan boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim beradigan alohida universitetni;
ushbu universitet huzurida paxta-to‘qimachilik va pillachilik klasterlari ishtirokida bosqichma-bosqich hududiy texnikumlarni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari qo‘llab-quvvatlansin.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.H. Toshkulov), Qo‘mita (Z.B. Maxkamova), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.J. Ortiqov), Toshkent shahar hokimligi (J.A. Artikxodjayev) ikki oy muddatda universitet faoliyatini yo‘lga qo‘yish, uning moddiy-texnika ta’minoti va joylashtirilishi bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Xotin-qizlarni ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanishga jalb qilish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmanov):
Qo‘mita (Z.B. Maxkamova) bilan birgalikda har yili mart oyida amaliy innovatsion loyihalar bo‘yicha “Olima ayol” tanlovini o‘tkazib borsin;
ikki oy muddatda “Bo‘lajak olim” tanlovi doirasida “Ayollar biznesi uchun birinchi qadam” tanlovini o‘tkazish uchun Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kamida 10 milliard so‘m ajratilishini ta’minlasin.
6. Qo‘mita, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining xotin-qizlar ilmiy salohiyatini oshirish, ilmiy-tadqiqot natijalarini hayotga tatbiq etish, startap loyihalarini moliyalashtirish maqsadida Qo‘mita huzurida “Olima ayollar jamiyati”ni tuzish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
Qo‘mita (Z.B. Maxkamova) va Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) bir oy muddatda “Olima ayollar jamiyati”ni tashkil etish chora-tadbirlari bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda “Olima ayollar jamiyati”ga xotin-qizlarni amalda qo‘llab-quvvatlash va yanada rag‘batlantirish uchun Davlat byudjetidan 50 milliard so‘m ajratilishi nazarda tutilsin.
7. 2022 yil 1 iyundan boshlab davlat va nodavlat ta’lim muassasalarida davlat buyurtmasi asosida xotin-qizlarni kasbga o‘qitishning yangi tartibi joriy etilsin. Bunda:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazlari huzurida malakani baholash markazlari tashkil etiladi;
malakani baholash markazlari kasbiy malaka talablarini ishlab chiqadi va salohiyatli ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasini beradi;
o‘quv kurslarini tugatgan xotin-qizlar bilimi darajasi malakani baholash markazlari tomonidan aniqlanadi va shu asosda ularga malaka sertifikatlari beriladi;
malaka sertifikatini olgan xotin-qizlarga mehnat faoliyatini boshlashi uchun o‘qish xarajatlariga teng miqdorda malakani baholash markazlari tomonidan subsidiyalar beriladi;
malakani baholash markazlari tomonidan umumiy o‘rta ta’lim maktablari, kasb-hunar maktablari, akademik litsey va kollejlarning bitiruvchi sinf o‘quvchi-qizlarini axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida qo‘shimcha kurslarda o‘qitish bo‘yicha davlat buyurtmasi beriladi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (S.M. Xolxo‘jayev), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B. Xusanov), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.H. Toshkulov) hamda Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) bir oy muddatda davlat va nodavlat ta’lim muassasalarida davlat buyurtmasi asosida xotin-qizlarni kasbga o‘qitish tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. “2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonunga asosan 2022 yilda xotin-qizlarni kasbga o‘rgatish va bandligini ta’minlashga ko‘maklashadigan hamda ularning muammolari bilan shug‘ullanadigan nodavlat notijorat tashkilotlariga 17,1 milliard so‘m miqdoridagi grant mablag‘lari ajratilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Qishloq joylaridagi ayollarni kasbga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb qilish va ish bilan ta’minlash loyihalarini amalga oshirish maqsadida 2023 yildan boshlab:
har yili nodavlat tashkilotlarga bazaviy hisoblash miqdorining 7 ming baravari miqdorigacha grantlar berish uchun Davlat byudjetidan kamida 50 milliard so‘m Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasiga ajratib borilsin;
tuman (shahar) sektor shtablari joylashgan binolarning kamida bittadan xonasida o‘quv kurslarini o‘tkazish uchun zarur sharoitlar yaratilsin.
9. 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab mehnat resurslari zich bo‘lgan qishloq joylarining reyestri (keyingi o‘rinlarda – Reyestr) joriy etilsin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (S.M. Xolxo‘jayev):
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar Kengashlari bilan birgalikda 2022 yil 1 iyulga qadar tumanlarda mehnat resurslari zich bo‘lgan qishloq joylari ro‘yxatini shakllantirsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Reyestrni shakllantirish va yuritish tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Belgilansinki, 2022 yil 1 sentyabrdan 2025 yil 1 yanvarga qadar Reyestrga kiritilgan hududlardagi umumiy xodimlari soni kamida 10 nafar bo‘lgan va ularda ishlovchi xotin-qizlarning mehnatiga haq to‘lash fondi umumiy mehnatga haq to‘lash fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan kichik tadbirkorlik sub’ektlariga:
Reyestrga kiritilgan hududda joylashgan ob’ektlar bo‘yicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i 50 foiz imtiyoz qo‘llagan holda hisoblanadi;
ularda ishlovchi xotin-qizlar mehnatiga haq to‘lash fondiga ijtimoiy soliq 1 foizlik stavkada hisoblanadi;
byudjet tashkilotlariga yillik umumiy qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 750 baravarigacha bo‘lgan mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish huquqi beriladi;
ular tomonidan ko‘chmas mulk ijaraga olinganda 3-ilovaga muvofiq imtiyozlar beriladi.
10. Oliy Majlis Senati va Vazirlar Mahkamasi tomonidan Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlanganligi, Oliy Majlis Senati raisi T.K. Narbayeva – komissiya raisi hamda Bosh vazir o‘rinbosari Z.B. Maxkamova va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Q.M. Rafikov – komissiya raisi o‘rinbosarlari etib belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi (T.K. Narbayeva) bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Davlat boshqaruvida xotin-qizlar faolligini oshirish dasturi”ni tasdiqlasin va ijroga qaratilishini ta’minlasin:
a) Davlat boshqaruvi akademiyasida rahbar xotin-qizlarni tayyorlash bo‘yicha alohida o‘quv kurslarini tashkil etish hamda har yili kamida 100 nafar xotin-qizlarni o‘qitish;
b) 2024 yil 1 yanvarga qadar:
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi hamda ularning tizimidagi tashkilotlar xodimlari orasida xotin-qizlarning ulushini kamida 30 foizga yetkazish;
barcha davlat organlari va tashkilotlari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan tashkilotlar hamda ularning tizimidagi tashkilotlar rahbarlarining kamida 1 nafar o‘rinbosarini xotin-qizlar orasidan tayinlash. Bunda mazkur talab tegishli tashkilot rahbari xotin-qizlar orasidan tayinlanganda yoki unda faqat bir nafar o‘rinbosar bo‘lgan taqdirda majburiy hisoblanmaydi.
11. Moliya vazirligi (T.A Ishmetov) Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida xotin-qizlarning biznes-loyihalarini moliyalashtirish uchun 2022 yilda qo‘shimcha 1 trillion so‘m ajratsin.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi koordinatorlari (S.M. Xolxo‘jayev, A.A. Kamalov, D.Sh. Sultanov) 2022 yilda mazkur dastur doirasida ajratilayotgan mablag‘larning jami 4 trillion so‘m qismi tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan xotin-qizlarga yo‘naltirilishini ta’minlasin.
12. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh.A. Vafayev) uch oy muddatda xotin-qizlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro moliya institutlarining 300 million AQSH dollari miqdoridagi moliyaviy resurslari jalb etilishini ta’minlasin.
13. Belgilab qo‘yilsinki, 2022 yil 1 apreldan boshlab:
tadbirkorlik faoliyatini yangi boshlayotgan tadbirkor xotin-qizlarga ajratilayotgan subsidiya miqdori 7 million so‘mdan 10 million so‘mga oshiriladi;
“Hunarmand” uyushmasi qoshidagi hunarmandchilik markazlarida kamida 40 foiz tadbirkor xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar joylashtiriladi.
14. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartish vazirligi (S.M. Xolxo‘jayev), Qo‘mita (Z.B. Maxkamova) hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (A.B. Voitov) ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan “Biznes ayollar” dasturi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
tadbirkorlik sub’ektlari orasida xotin-qizlarning ulushini 40 foizgacha yetkazish;
xotin-qizlarga o‘z tomorqasida gul va meva-sabzavot yetishtirish uchun issiqxona qurish, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilikni yo‘lga qo‘yish uchun 35 million so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratish.
15. 2022 yil 1 iyundan boshlab mahallalarda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari (keyingi o‘rinlarda – markazlar) tashkil qilinsin. Bunda:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari markazlarni barpo etish uchun har bir mahalladan 300 kvadrat metrgacha bo‘lgan yer maydonini doimiy foydalanish huquqi asosida yoki bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektini operativ boshqaruv huquqi asosida mahallalarga ajratsin;
Markazlar tuman (shahar) hokimliklari tomonidan mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari yoki qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan barpo etilishi nazarda tutilsin;
barpo etilgan markazlar mahallalar tomonidan tikuvchilik, qandolatchilik, fitnes, sheyping, xotin-qizlarni kasbga o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun tadbirkorlik sub’ektlariga uzoq muddatli ijaraga berilsin.
16. Xotin-qizlarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida:
a) 2022 yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha ajratiladigan subsidiyalarning kamida 40 foizi xotin-qizlarga yo‘naltirilsin;
b) 2022 yil 1 apreldan boshlab uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan, shu jumladan, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan voyaga yetgan uy-joyga muhtoj xotin-qizlarni ijara huquqi asosida vaqtinchalik joylashtirish uchun ijtimoiy uy-joylarni “Xalqparvar” komissiyalari bilan kelishgan holda ikkilamchi uy-joy bozoridan sotib olishga ruxsat berilsin;
v) uy-joyga muhtoj, jumladan, xususiy uy-joy fondida ijara huquqi asosida istiqomat qilayotgan “Ayollar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlarga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi, lekin ko‘pi bilan 500 ming so‘mgacha bo‘lgan qismi “Ayollar daftari” jamg‘armasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari mablag‘lari hisobidan qoplab berilsin. Bunda:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan 2022 yildan boshlab zarur mablag‘lar ajratib borilsin;
ushbu bandda ko‘rsatilgan imtiyozlardan foydalanish uchun xotin-qizlarga ijtimoiy kontrakt asosida kasb o‘rganish, mehnat qilish imkoniga ega bo‘lsa, mustaqil yoki Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari yo‘llanmasi asosida ishga joylashish bo‘yicha ijtimoiy majburiyatlarni yuklash tartibi joriy etilsin.
17. 2022 yil 1 apreldan boshlab:
a) boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlarning:
farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga to‘lanadigan ota-onalar badalidan ozod qilinsin;
3 yoshgacha bo‘lgan farzandlari uchun nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga Davlat byudjetidan subsidiyalar belgilangan tartibda ajratilsin;
b) to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 2 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarni pullik xizmat ko‘rsatish shaklida qabul qilishga ruxsat berilsin;
v) kechki smenada xotin-qizlar ishlaydigan korxona va tashkilotlar o‘z huzurida maktabgacha ta’lim tashkilotini tashkil qilganda, ulardagi tarbiyachilarning ish haqi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berilsin.
Maktabgacha ta’lim vazirligi (A.V. Shin) va Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) ikki oy muddatda mazkur bandning “v” kichik bandida nazarda tutilgan kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
18. Belgilansinki:
aliment to‘lovchining boshqa ijro hujjatlari bo‘yicha majburiyatlari mavjud bo‘lganda, qarzdordan undirilgan mablag‘lar aliment to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlik to‘liq qoplangandan so‘ng qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va navbatda taqsimlanadi. Xuddi shu kabi, ijro harakatlari davomida qarzdorga solingan jarimalar va ijro harakatlarini amalga oshirish xarajatlari ham aliment to‘lovlaridan joriy qarzdorlik to‘liq qoplangandan so‘ng undiriladi;
aliment majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlab kelayotgan va qidiruvga e’lon qilingan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni majburiy ijro organlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirish, shuningdek, davlat ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish amaliyoti joriy etiladi. Bunda ushbu manbalarda qidiruvdagi shaxslar va ularning mol-mulki to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolarga majburiy ijro va ichki ishlar organlariga xabar berish imkoniyati yaratiladi.
19. Adliya vazirligi (R.Q. Davletov) va Bosh prokuratura (N.T. Yo‘ldoshev) uch oy muddatda aliment to‘lovlarini undirish tizimi samaradorligini oshirish yuzasidan qonun loyihasini belgilangan tartibda kiritsin. Bunda, shu jumladan, quyidagilar nazarda tutilsin:
a) aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda qarzdorlik to‘liq bartaraf etilguniga qadar:
qarzdorning transport vositasini boshqarish huquqini vaqtincha cheklash;
qarzdorga litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan davlat xizmatlarini vaqtincha ko‘rsatmaslik;
b) aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjudligini nikoh tuzish uchun monelik qiladigan holat sifatida belgilash.
20. Majburiy ijro byurosi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Aliment to‘lovlari” davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etilsin va unga Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 50 milliard so‘m ajratilsin.
Belgilansinki, sud qarori bilan aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan shaxslardan belgilangan mablag‘larni uch oy ichida undirish imkoni bo‘lmagan hollarda “Aliment to‘lovlari” davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari aliment to‘lovlari bo‘yicha shakllangan qarzdorlikni bir yo‘la to‘lash uchun yo‘naltiriladi hamda keyinchalik aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan qarzdordan sud qarorisiz majburiy tartibda undirib olinadi.
Bosh prokuratura (N.T. Yo‘ldoshev) va Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) ikki oy muddatda “Aliment to‘lovlari” davlat maqsadli jamg‘armasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, jamg‘arma mablag‘lari hisobidan aliment to‘lovlaridan qarzdorlik to‘lanadigan holatlar va shaxslar toifasini belgilash tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
21. Xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, xotin-qizlarga xos bo‘lgan kasalliklarni barvaqt aniqlash va oldini olish maqsadida:
a) Qo‘mita (Z.B. Maxkamova) va Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.A. Musayev) ikki oy muddatda yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan ehtiyojmand 6 ming nafar xotin-qizlar, reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlanishga muhtoj bo‘lgan 10 ming nafar nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar ro‘yxatlarini Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasiga taqdim etsin;
b) Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.A. Musayev):
Qo‘mita (Z.B. Maxkamova) bilan hamkorlikda 2022 yilda 3 million nafar xotin-qizlar onkologik skriningdan o‘tkazilishini ta’minlasin;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh.A. Vafayev) bilan birgalikda 2022-2025 yillar davomida 227 ta tug‘uruq kompleksi va 46 ta tumanlararo perinatal markazlarni to‘liq ta’mirlash va jihozlash uchun xalqaro moliya institutlarining 105 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larni jalb qilsin;
v) Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) 2022 yilda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan quyidagilar ajratilishini ta’minlasin:
yuqori texnologik tibbiy yordamga muhtoj xotin-qizlar uchun Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasiga qo‘shimcha – 100 milliard so‘m;
nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash uchun Tibbiy va ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligiga qo‘shimcha – 17 milliard so‘m;
barcha tuman va shahar tibbiyot birlashmalari tarkibidagi “Onko-nazorat” (“Cancer – nazorat”) ayollar ko‘rik xonalarini tibbiy asbob-uskunalar va tibbiy vositalar bilan jihozlash uchun – 20 milliard so‘m;
9-12 yoshdagi 815 ming nafar o‘smir qizlarni odam papillomasi virusiga qarshi hamda 12 turdagi vaksinalar bilan emlash uchun – 200 milliard so‘m.
22. Adliya vazirligi (R.Q. Davletov), Bosh prokuratura (N.T. Yo‘ldoshev), Oliy sud (K.F. Kamilov), Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov) va Qo‘mita (Z.B. Maxkamova) 2022 yil 1 iyunga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi order sud tomonidan bir yil muddatgacha berilishini belgilash;
chet el fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi hududida aliment majburiyatlarini bajarmaganlik uchun sudlangan yoki ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasidan chiqarib yuborish va O‘zbekiston Respublikasiga kirish huquqini cheklash bo‘yicha majburlov choralarini qo‘llamaslik;
ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlaganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;
yaqin qarindoshi bo‘lgan xotin-qizga qasddan tan jarohati yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;
shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha’ni va nomusini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash;
ikki oydan ortiq muddat mobaynida moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlagan shaxsga nisbatan haq to‘lanadigan jamoat ishlariga yoki boshqa ishga majburiy jalb qilish tarzidagi ma’muriy huquqbuzarlikka oid jazo turini belgilash.
23. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.J. Xadjayev) Qo‘mita (Z.B. Maxkamova) va Yoshlar ishlari agentligi (A.Z. Sa’dullayev) bilan birgalikda uch oy muddatda:
iqtidorli qizlarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda intellektual va innovatsion tashabbuslarini rivojlantirish maqsadida “Bilimdon qizlar” teleko‘rsatuvi;
turli sohalarda yutuqlarga erishgan xotin-qizlar to‘g‘risida ibo-hayo, poklik, sabr-toqat va ilmga intilish singari ezgu qadriyatlarni targ‘ib qiluvchi “Ayol muvaffaqiyati” ruknidagi teledasturlar tayyorlanishi hamda efirga uzatilishini ta’minlasin.
24. Farovon va barqaror oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish maqsadida oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan oilalarga beriladigan “Ibratli oila” ko‘krak nishoni ta’sis etilsin
va uni 15 may – Xalqaro oilalar kunida topshirish tartibi belgilansin.
Qo‘mita (Z.B. Maxkamova) bir oy muddatda “Ibratli oila” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom loyihasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
25. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari 4-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
26. Qo‘mita (Z.B. Maxkamova) ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga muvofiq ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
27. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilish maqsadida:
Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi T.K. Narbayeva – 10-band;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A. Abduvahitov – 3-band;
Bosh vazir o‘rinbosari Z.B. Maxkamova – 1, 4, 5, 22-25-bandlar;
Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov – 2, 6-9, 11, 13-16, 20-bandlar;
Bosh vazir o‘rinbosari S.O‘. Umurzakov – 12-band;
Bosh prokuror N.T. Yo‘ldoshev – 17-19, 21-bandlarda nazarda tutilgan tadbirlar ijrosi sifatli va o‘z vaqtida ta’minlanishi uchun mas’ul va javobgar etib belgilansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi T.K. Narbayeva va Bosh vazir o‘rinbosari Z.B. Maxkamova har uch oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2022 yil 7 mart.
LiveBarchasi