Poytaxtdagi oilaviy poliklinikalarning mehnatga layoqatsizlik varaqalarini bermasligi qonuniymi?
Jamiyat
−
12 may 2020
3724So‘nggi vaqtlarda oilaviy poliklinikalar maktabgacha ta’lim tashkilotlari karantinga yopilgani munosabati bilan bolalarning ota-onalariga mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berishni rad etayotgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Ushbu masalaga Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati munosabat bildirdi.
“Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida (MTM) karantin belgilanganda ota-onasidan biriga yoki oilaning boshqa a’zosiga 14 kalendar kunidan oshmagan muddatga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi. Umumiy qoidada shunday keltirilgan”, deyiladi matbuot xizmati bergan izohda.
Ma’lum qilinishicha, ushbu varaqa Sog‘liqni saqlash vazirligi yoki uning hududiy boshqarmalarining ruxsati asosida epidemiolog yoki sanitar vrach tomonidan beriladi. Biroq amaliyotda poliklinikalar Sog‘liqni saqlash vazirligidan bunday farmoyish bo‘lmaganini vaj qilib, hujjatni berishni rad etayotgani kuzatilgan. Vazirlikning tushuntirishicha, mehnatga layoqatsizlik varaqalari berishni rad etish qonuniydir.
Sog‘lom bolani parvarish qilish uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasini MTM Sanepidnazorat markazi tomonidan faqat mazkur bolalar bog‘chasida bolalardan biri o‘tkir infeksiyali yoki parazitar kasallik bilan og‘rib qolgan holatda karantinga yopilgan taqdirda berish nazarda tutilgan. Binobarin, poliklinikalar mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berishni asoslangan holda rad etmoqda, sababi MTM aniqlangan infeksiyali kasallik tufayli emas, balki koronavirusning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik munosabati bilan yopilgan.
Ta’kidlanishicha, ushbu vaziyatda mehnatga layoqatsizlik varaqasini olmasa ham bo‘ladi. Chunki MTM tarbiyalanuvchilari va boshlang‘ich sinflar o‘quvchilarining ota-onalari o‘z xohishlariga ko‘ra va grafikdan qat’i nazar mehnat ta’tiliga chiqishlari mumkin. Shu jumladan – 6 oydan kam ishlab berganlar ham.
“Agar haq to‘lanadigan ta’tildan foydalanib bo‘linganda yoki xodim hozirning o‘zida undan foydalanishni istamasa, u ish haqi saqlanmagan holda beriladigan ta’tilga chiqishi mumkin. Ushbu ta’til turiga maksimal 3 oy muddat bo‘yicha cheklov tatbiq qilinmaydi”, deyiladi ma’lumotda.
LiveBarchasi