Poytaxtda vodiylik haydovchilar “ovlanyaptimi”? IIBB izoh berdi

Jamiyat

image

Kecha, 28 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Vodiylik bo‘lganimiz aybimizmi?” sarlavhali video tarqalib, unda yo‘l harakati qatnashchilari va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlarining kelishmovchiliklari aks etgan. Mazkur holatga poytaxt IIBB munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, videoga tushirilgan holat 25 may kuni taxminan soat 03:00 da Chilonzor tumani “Erkin” YPX postida ro‘y bergan. Mazkur postda Toshkent shahar IIBB xodimlari poytaxtga kirmoqchi bo‘lgan Chevrolet Tracker rusumli (davlat raqami 60 S 355 RA) avtomobilni to‘xtatgan.

Xabarga ko‘ra, haydovchi va uch nafar yo‘lovchilar tekshirilib, avtomobil saloni xizmat iti yordamida ko‘zdan kechirilganiga fuqarolar norozilik bildirib, holatni videoga tushirishni boshlagan. Videoga tushirish davomida ular odob doirasidan chiqib, masofa saqlamasdan va o‘zaro hurmat bilan muloqot qilishdan bosh tortgan.

Qayd etilishicha, Toshkentga kirishdagi postlar va blok-postlardagi tekshiruvlar “Qoradori”, “Tig‘” maxsus tadbirlari doirasida o‘tkazilib, ular giyohvandlik moddalari va sovuq hamda jangovar qurollarni aniqlashga qaratilgan. 

“Tekshiruvlar mintaqaviy mansublik sababli o‘tkazilishi bilan bog‘liq ayblovlar asossiz bo‘lib, rasmiy resurslarimizda poytaxt avtomobillari ham tekshirilishi haqida ma’lumotlar yetarlidir. Mazkur tadbirlar davomida taqiqlangan moddalar tarqalishining oldi olinib, sovuq qurollar musodara qilinmoqda. Bu kabi tadbirlarni o‘tkazishning muhimligiga shubha yo‘q va fuqarolardan buni tushunishlarini iltimos qilamiz”, deyiladi bayonotda. 

Tekshiruv davomida Toshkent shahar IIBB Kinologiya xizmati itining qo‘llanilishi to‘g‘risida bayonnoma tuzilib, xolislar ishtiroki ham ta’minlangan. Tekshiruv haydovchi yoki yo‘lovchilar tomonidan qoidabuzarlikni aniqlamaganligi sababli, ularning hujjatlari qaytarib berilgan.

Bundan tashqari, Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan yuqoridagi holat bo‘yicha xizmat davomida bodikameraning yoqilgani hamda inspektorlar tomonidan muloqot davomida qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilganini tekshirish maqsadida xizmat tekshiruvi o‘tkazish topshirig‘i berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

378

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing