Poytaxt hokimligi yangi uylar bo‘yicha aholiga ogohlantirish bilan chiqdi

Jamiyat

image

Toshkent shahar hokimligi aholini tasdiqlanmagan va ekspertizadan o‘tmagan ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlarni sotib olishdan ogohlantirib chiqdi. Bayonot bugun, 19 dekabr kuni hokimlik saytida e’lon qilindi. 

Qayd etilishicha, hozirgi kunda ayrim quruvchi tashkilotlar qurilish loyihasi hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashi tomonidan tasdiqlanmagan va ekspertizadan o‘tmagan ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlarni “qurib berish” shartlarida sotishni taklif etmoqda.

Aksariyat hollarda, bunday xonadonlarni sotib olishga shartnoma tuzganlar xonadonni o‘z nomiga ro‘yxatdan o‘tkazish, ichimlik suvi, tabiiy gaz va elektr tarmoqlariga ulashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Hokimlikning ma’lum qilishicha, poytaxt markazida qurilayotgan “DahO” ko‘p funksiyali majmuasi ekspertizadan o‘tkazilmagan. 

“Toshkent shahar, Taras Shevchenko ko‘chasi, 23-uy manzilida barpo etilishi “rejalashtirilgan “DAhO ko‘p funksiyali majmuasi” bo‘yicha reklama qilinayotgan 5 ta ko‘p kvartirali uylar loyihasi bo‘yicha hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashi qarori olinmagan va davlat ekspertizasidan o‘tkazilmagan bo‘lsa-da, quruvchi tashkilot xonadonlar sotuvini joriy yil dekabr oyidan boshlab yuborgan”, deyiladi hokimlik xabarida. 

Shuningdek, poytaxt ma’muriyati aholidan yangi quriladigan uylardan xonadon sotib olishda “taklif etilayotgan qurilishi rejalashtirilgan uy” qurilish loyihasi hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashida ko‘rib chiqilib, davlat ekspertizasidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi xujjatlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilgan.

“Loyihasi kelishilmagan, davlat qurilish ekspertizasidan o‘tkazilmagan uydan kvartira sotib olib, o‘zingizni uzoq davom etadigan muammolarga duchor qilmang. O‘z vaqtingizni, mablag‘ingizni sarflashda talabchan bo‘ling!” deyiladi hokimlik bayonotida.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

428

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing