Poyezd halokatidan so‘ng Afinada dahshatli namoyishlar avj oldi (video)
Olam
−
06 mart 2023
6700Kecha, 5 mart kuni minglab talabalar va temiryo‘lchilar Afina markazida norozilik namoyishi o‘tkazdi. Politsiya va bir guruh namoyishchilar o‘rtasida qisqa muddatli to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan. Namoyishchilarning kichik bir guruhi politsiyaga qarata bombalarni uloqtirgan, politsiya esa ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va shovqinli granatalar bilan javob bergan. Keyin namoyishchilar yaqin atrofdagi ko‘chalarga tarqalib ketgan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Shuningdek, namoyish ishtirokchilari “ularning siyosati inson hayotiga qimmatga tushdi” deb yozilgan plakatlar ko‘tarib, shahar ko‘chalarini kezgan hamda osmonga qora sharlarni uchirib, “bu jinoyat unutilmaydi”, deb hayqirgan.
O‘z o‘rnida, baxtsiz hodisada hamkasblarini yo‘qotgan temiryo‘lchilar ham namoyishlarda ishtirok etgan. Ular Gretsiyaning 2010 - 2018 yillardagi og‘ir inqirozning merosi bo‘lgan temir yo‘l infratuzilmasiga xarajatlarning qisqartirilishi va kam investitsiya kiritilishini qoralash uchun navbatma-navbat chiqishlar uyushtirgan. Chiqishlarda temir yo‘l tarmog‘ida xavfsizlik tizimlari uzoq yillar davomida nuqsonli bo‘lib kelgani, chunki masofaviy kuzatuv va signalizatsiya tizimi o‘z vaqtida yetkazib berilmagani aytilgan. Temiryo‘l kasaba uyushmalari hukumatni xavfsizlik protokollarini amalga oshirish jadvalini taqdim etishga chaqirgan.
Mamlakat Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis esa dastlab haloyeatga inson xatosi sabab bo‘lganini aytgan. Biroq kecha, 5 mart kuni uzoq yillardan beri azob chekayotgan temir yo‘l tarmog‘idagi fojiani birgina inson xatosiga bog‘lab qo‘yish mumkin emasligini aytib o‘tdi.
“Bosh vazir sifatida men hammadan, eng avvalo, qurbonlarning qarindoshlaridan kechirim so‘rashim kerak. Adolat fojiani juda tez tergov qiladi va javobgarlikni belgilaydi”, deb yozgan Bosh vazir Facebook'dagi sahifasida.
Mitsotakisning aytishicha, agar temir yo‘l tarmog‘ida masofaviy tizim mavjud bo‘lganida, amalda avariya sodir bo‘lishi mumkin emas edi. Shuningdek, u tez orada chora ko‘rishini hamda Afina Yevropa komissiyasi va boshqa mamlakatlardan temir yo‘l xavfsizligini yaxshilash bo‘yicha ekspertiza olishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Gretsiyada poytaxt Afinadan shimoliy Saloniki shahriga ketayotgan, asosan talabalar bo‘lgan yo‘lovchi poyezdi yuk poyezdi bilan to‘qnashib ketgan, oqibatda 57 kishi halok bo‘lgan edi. Poyezdlar to‘qnashuvi ortidan transport vaziri Kostas Karamanlis iste’foga chiqqan edi. Mazkur falokat xalqning g‘azabini qo‘zg‘atgan va 10 minglab kishilar mamlakat bo‘ylab namoyishga chiqqan. Keyinchalik Larissa shahrida temiryo‘l stansiyasi boshlig‘i ehtiyotsizlik tufayli odam o‘ldirishda ayblanib, qo‘lga olingandi.
LiveBarchasi