Pop tumani hokimining sobiq o‘rinbosari pora bilan ushlandi
3-sahifa
−
11 avgust 2022
6089Namangan viloyati Pop tumani hokimining sobiq o‘rinbosari yer ajratishda yordam berish evaziga 6,5 ming dollar pora olgan vaqtida ushlandi. Bu haqda DXX Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Namangan viloyati Pop tumanidagi 20 gektar yer maydonidagi “Yangi O‘zbekiston” massivini barpo etish rejalashtirilgan 105 ta ko‘p qavatli uylardan 8 tasini qurish ruxsatini olib berish evaziga 80 ming dollar talab qilgan va ushbu pul mablag‘laridan 40 mingini oldindan berishni so‘ragan. Toshkent shahrida yashovchi, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etgan uchun sudlanib, hozirda axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan, 1984 yilda tug‘ilgan shaxs kelishilgan puldan 2,3 ming dollarini o‘zining xizmat haqi va xarajatlari uchun olgan vaqtda ushlangan.
Shuningdek, olib borilgan tezkor surishtiruv tadbirlari davomida u oldindan so‘ralgan 40 ming dollarni muqaddam firibgarlik sodir etgani uchun hozirda ichki ishlar organlari tomonidan qidiruvda bo‘lgan, Toshkent shahrida yashovchi 1980 yilda tug‘ilgan tanishiga berishi kerakligi ma’lum bo‘lgan va tezkor tadbir davom ettirib, 37,7 ming dollarni olgan vaqtida ushbu shaxs ham qo‘lga olingan. O‘z navbatida u ham o‘zaro kelishuvga muvofiq umumiy 80 ming dollardan 48 ming dollarni Pop tumani hokimining sobiq o‘rinbosariga berishi kerakligini bildirgan. Pop tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda sobiq mansabdor shaxs $6,5 mingni oldindan olgan vaqtda ushlangan.
Hozirda uchchala holat bo‘yicha jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Muhayyoxon Habibullayeva
LiveBarchasi