Pol qoplamalarini ta’mirlashda yo‘l qo‘yiladigan eng katta kamchiliklar nimadan iborat?

Bu qiziq

image

Kunlar isib borgani sayin ko‘pchilik binolarni ta’mirlash ishlarini boshlab yuboradi. Kimdir xonadoni, hovli joyini, yana kimdir ofisni ta’mirlashga kirishgan vaqtda pol qoplamalarini yotqizishda yo‘l qo‘yiladigan aktual kamchiliklarni bilish foydadan holi emas. QALAMPIR.UZ mazkur sohaga aloqador mutaxassis manbalarga tayangan holda bir qancha foydali ma’lumotlarni taqdim etadi.

Bu jarayondagi eng katta xatolardan biri hududlar kesimiga qarab pol qoplamasining sinfini noto‘g‘ri tanlash hisoblanadi. Laminat qoplamasi misolida oladigan bo‘lsak, u yedirilishga chidamlilik darajasi bo‘yicha bir necha toifaga ajratiladi. 33-sinfga mansub laminat hamyonbop narxi sabab ko‘pchilikning tanloviga aylangan. Aksariyat odamlar u bilan xonadonining barcha xonasini qoplaydilar. Ammo bu noto‘g‘ri. Dahlizlarga bunday sinfdagi laminatni yotqizish tavsiya etilmaydi. Chunki u suv va nam ta’sirida qisqa fursatlarda yaroqsiz holatga keladi. Oshxona, o‘tish yo‘laklari, bolalar xonalari uchun 32-sinfga mansub laminat tanlash maqsadga muvofiq.

Shuningdek, styajka quyishda yotqizilayotgan qoplama qalinligini hisobga olmaslik ham keyinchalik bir qator muammoni keltirib chiqaradi. Styajka quyishda yotqiziladigan qoplamaning qalinligini albatta inobatga olish darkor. Sababi har bir qoplamaning yotqizish qalinligi turlicha. Bir xil qalinlikdagi styajkaga turli pol qoplamalarini yotqizish yuzadagi balandlikda tafovut keltirib chiqaradi. Notekis pol yuzasini esa faqatgina qoplamalarni qayta terish orqali tuzatish mumkin.

Bundan tashqari, pol qoplamasini yotqizish texnikasini buzish, noto‘g‘ri rangdagi qoplamani tanlash, xona hajmini to‘g‘ri baholamaslik kabi e’tiborsizliklar ham noqulayliklarga sabab bo‘ladi.

Qoplama yotqizishdagi birlamchi va eng muhim masala bu -- ravon styajka. Pol qoplamasining turidan qat’iy nazar, uni tanlashda xonaning dizayni, gulqog‘oz va mebellar rangini inobatga olish zarur. Qoplamalarni yotqizishdan avval xonaning konfiguratsiyasini o‘rganish kerak. Masalan, uzun tor xonaga ko‘ndalang kesimda parket yoki laminat yotqizish orqali vizual ravishda kengaytirish mumkin. Kichik hajmdagi xonalarda naqshi uch chiziqli laminatdan foydalanish tavsiya etiladi, ushbu usul xonani vizual ravishda kengaytiradi.

Sirpanuvchan pol qoplamasini hamda materialni zaxirasiz xarid qilish, mahsulotning xususiyati va tavsifi bilan tanishmasdan turib foydalanish ham bugungi kunda yo‘l qo‘yilayotgan eng katta xatolardandir.

Yuvinish xonalari uchun odatiy keramik plitalarni tanlash nafaqat noto‘g‘ri, balki xavfli ham. Sababi ular suv ta’sirida sirpanchiq bo‘lib qoladi. Namlik va suv darajasi yuqori xonalar uchun sirpanishga qarshi yuzaga ega bo‘lgan plita yoki keramogranitga tanlov bildirish maqsadga muvofiq. Bunday plitalar qadog‘iga ularni dush kabinalarida qo‘llash mumkinligini bildiruvchi “Grip” yozuvi yoki R 11 markirovkasi tushirilgan bo‘ladi.

Albatta, pol qoplamasini yotqizish jarayonida materialning kesilishini inobatga olish kerak. Materialni yetkaza olmay, do‘konma-do‘kon sarson yurgandan ko‘ra uni zaxirasi bilan xarid qilgan ma’qul. Pol qoplamalarini tanlashda uning xususiyatlari, afzalligi (nam va suvga bardoshliligi), yuza tarkibi, ekologik sinfi singari jihatlari bilan batafsil tanishish tavsiya etiladi.

Nurmuhammad Fayzullayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing