Pokistondagi suv toshqinlari 30 million kishiga zarar yetkazdi (fotoreportaj)

Olam

image
0:00
0:00
download

Kecha, 26 avgust kuni Pokistonda musson yomg‘irlari sabab bo‘lgan halokatli toshqinlar oqibatida mamlakat hukumati favqulodda holat e’lon qildi. Bu haqda “Al Jazeera” telekanali xabar berdi.

Qayd etish kerakki, Pokistonda kuchli yog‘ingarchilik joriy yilning iyun oyi o‘rtalaridan boshlab yog‘a boshladi. Mamlakat g‘arbi va janubidagi Balujiston va Sind viloyatlari eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlar hisoblanadi. 2022 yilda yog‘gan yomg‘ir 30 yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan qariyb 400 foizga ko‘p. Balujiston viloyatining bir qismi suv ostida qolgan.

Qayd etilishicha, suv toshqinlari oqibatida 30 milliondan ortiq odam jabr ko‘rgan va bu Pokiston aholisining 15 foizini tashkil qiladi.

Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha mutaxassis Ali Taukir Shayxning so‘zlariga ko‘ra, Pokiston bunday ofatlarga tayyor emas edi va iqlim o‘zgarishi bilan birgalikda infratuzilmaning yomonligi mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealarga olib kelgan.

Pokiston avgust oyining o‘zida sakkizta musson siklidan aziyat chekdi. Odatda musson sikllari bir yilda faqat uch yoki to‘rtta bo‘lar edi. Bu haqda Pokiston Iqlim o‘zgarishlari vaziri Sherri Rohman 25 avgust bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tgan.

“So‘nggi uch oy davomida yomg‘ir to‘xtamadi. Farzandlarim va men rikshada yashaymiz, chunki taxta uyimizning tomidan suv oqadi. Ariqlar to‘lib-toshgan, hovlimiz oqava suvga to‘lgan. Uylar va xiyobonlar suzuvchi axlat qutisiga aylangan", deydi pokistonlik fuqaro.

Federal hukumat a’zolari va Pokiston armiyasi zobitlari oylik maoshlarini suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish fondiga o‘tkazishlarini e’lon qilgan. Bu haqda “ProPakistani" nashri ma’lum qilgan.

25 avgust kuni Pokistonda 137 dan ortiq yordam lagerlari tashkil etilib, 40 mingga yaqin odam xavfsiz joylarga evakuatsiya qilingan. 200 ga yaqin vaqtinchalik tez tibbiy yordam punktlari 23 ming jabrlanganlarga yordam ko‘rsatgan.

“Anadolu Agency” ma’lumotlariga ko‘ra, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari Pokistonga suv toshqini qurbonlari uchun 500 million dollardan ortiq tezkor yordam ko‘rsatishini e’lon qilgan.

Ma’lumot o‘rnida Pokistonda 14 iyundan beri kuchli yomg‘ir qurbonlari soni 937 nafarga yetgan.

Farangiz Salimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

97

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing