Pokistonda politsiyadan qochgan avtomobil o‘zini-o‘zi portlatdi
Olam
−
23 dekabr 2022
4459Bugun, 23 dekabr kuni Pokiston poytaxti Islomobodda politsiya buyrug‘iga bo‘ysunmay qochgan avtomobil o‘zini-o‘zi portlatib yubordi. Oqibatda bir zobit halok bo‘ldi va bir necha kishi yaralandi. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.
“Bizdagi dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mashinada erkak va ayol bo‘lgan. Politsiya uni to‘xtatmoqchi bo‘lganida mashina nazorat-o‘tkazish punktida to‘xtamadi”, deydi Islomobod politsiyasi boshlig‘i Sohail Zafar jurnalistlarga.
Politsiya xodimlari mashinadagilarni jangari deb gumon qilgan va avtomobilni to‘xtatishni buyurgan. Noma’lum shaxslar esa to‘xtamasdan tezlik bilan qochib ketgan.
“Politsiya uni ta’qib qilganda, mashina ichidagi odamlar uni portlatib yuborishdi. Bu xudkushlik portlashi edi”, deb qo‘shimcha qiladi Islomobod politsiyasi boshlig‘i.
Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘rt nafar politsiyachi va ikki fuqaro yaralangan.
“Mashina portlovchi moddalar bilan o‘ralgan va poytaxtdagi qimmatbaho nishonga qarab yo‘l olgan”, deyiladi ichki ishlar vazirligi bayonotida.
Hozircha qo‘shimcha tafsilotlar keltirilmagan.
Ichki ishlar vaziri Rana Sanaulloh “Geo News TV” telekanaliga bergan intervyusida:
“Agar mashina o‘z maqsadiga yetganida, u katta yo‘qotishlarga sabab bo‘lardi. Poytaxt bunday hujum tahdidi tufayli allaqachon shay holatga kelgan”, deya ma’lum qilgan.
Portlash mamlakat parlamenti va yuqori idoralar joylashgan hukumat binolariga olib boradigan asosiy yo‘ldagi politsiya shtab-kvartirasi yaqinida sodir bo‘ldi.
“Huquq-tartibot organlarining o‘z vaqtida aralashuvi tufayli ko‘p qon to‘kilishining oldi olindi”, deydi Bosh vazir Shehbaz Sharif bayonotida.
Pokiston tolibonlari avtomobil portlatilishini o‘z zimmalariga olib, bu yetakchilaridan birining o‘ldirilgani uchun qasos ekanini ma’lum qilgan.
Sohiba Komilovna
LiveBarchasi