Pokiston, Afg‘oniston va O‘zbekiston Transafg‘on temir yo‘lini qurmoqchi. Bu O‘zbekistonga nima beradi?
Olam
−
19 iyul 2023
6048Pokiston, O‘zbekiston va Afg‘oniston kecha, 18 iyul kuni Transafg‘on temir yo‘li qurilishi bo‘yicha qo‘shma protokolni imzoladi. U O‘zbekiston temir yo‘llari tarmog‘ini Afg‘oniston hududi orqali Pokiston temir yo‘llari bilan bog‘laydi.
Afg‘onistonning Islomoboddagi elchixonasi xabariga ko‘ra, protokol Pokiston poytaxtida uch davlat ishchi guruhi uchrashuvi yakunlari bo‘yicha imzolangan. Temir yo‘l arteriyasining yo‘nalishi O‘zbekistonning Termiz, Afg‘onistonning Mozori Sharif va Logar shaharlaridan o‘tib, Kurram viloyatidagi Xarlachi chegara punktida Pokiston hududiga yetib boradi.
Pokiston Temir yo‘llari vazirligining ma’lum qilishicha, uch davlat temir yo‘l liniyalarining tutashuvi va ular bo‘ylab yuk va yo‘lovchi tashish ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi mintaqaviy, tranzit va o‘zaro savdoni osonlashtiribgina qolmay, ularning iqtisodiy rivojlanishini ta’minlaydi va mintaqa aholisining aloqalarini mustahkamlaydi.
Pokiston, Afg‘oniston va O‘zbekiston ham loyihani erta amalga oshirish uchun texnik tadqiqotlar bo‘yicha yo‘l xaritasi va moliyalashtirish manbalarini kelishib olgani aytilmoqda.
O‘zbekiston hisob-kitoblariga ko‘ra, Afg‘oniston orqali o‘tadigan 760 km temir yo‘l Pokistonga yuklarni yetkazib berish muddatini taxminan besh kunga, transport xarajatlarini esa kamida 40 foizga qisqartiradi. Taxminlarga ko‘ra, qiymati 6 milliard dollargacha bo‘lgan loyiha 2027 yil oxirigacha yakunlanadi, 2030 yilgacha poyezdlar Transafg‘on temir yo‘li bo‘ylab yiliga 15 million tonnagacha yuk tashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yangi temir yo‘l yo‘nalishi Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Rossiya, O‘zbekiston va Afg‘onistonni Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga tovarlar eksport qilish uchun Arab dengizidagi Pokiston portlari bilan bog‘laydi.
LiveBarchasi