Podpolkovnik Dilshod Akromovni o‘ldirgan qotilning taqdiri ne kechdi?
Jamiyat
−
18 iyun 2019
18219Ichki ishlar vazirligi Post-patrul xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Baxtiyorovich Akromov 2018 yilning 4 avgust kuni o‘z ish kabinetida o‘ldirib ketilgan edi. Xo‘sh, mazkur holat yuzasidan ochilgan jinoyat ishining natijalari qanday bo‘ldi? Aybdorlar qo‘lga olindimi? Mazkur savollar bilan QALAMPIR.UZ O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaat qildi.
Bosh prokuratura Matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonovaning ma’lum qilishicha, Dilshod Akromovning xizmat xonasida qasddan o‘ldirilganligi holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari Bosh prokuraturaning o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan olib borilgan.
Tergov natijasiga ko‘ra, ushbu qotillik jinoyati Toshkent shahar IIBB HPB inspektori lavozimida ishlagan Rustam Ergashboyevich Abdullayev tomonidan sodir etilgani aniqlanib, unga nisbatan JKning 97-moddasi 2-qismi “j” bandi va boshqa moddalari bilan ayblov e’lon qilinib, jinoyat ishi sudga yuborilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining joriy yil 16 yanvardagi hukmi bilan R.Abdullayevga 19 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
“Jinoyat ishi doirasida fuqarolarning shaxsiy hayotiga oid oshkor qilib bo‘lmaydigan ma’lumotlar mavjudligi sababli ish hujjatlari maxfiylashtirilgan va yopiq sud majlisida ko‘rilgani sababli jinoyatning kelib chiqish sabablari va motivlari haqida ma’lumot berish maqsadga muvofiq emas”, deyiladi Bosh prokuratura taqdim etgan axborotda.
LiveBarchasi