Pichoqlangan Ergashev, ajralayotgan yulduzlar – Sport dayjesti
Tahlil
−
02 dekabr 2023
13716Pichoqlangan Shohjahon Ergashev, O‘zbekistonga kelgan Karim Mustafo Benzema, ajrashgan va ajrashayotgan futbol yulduzlari bugun diqqat markazida. QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti.
26 noyabr kuni Xalqaro boks federatsiyasi (IBF) kamari uchun dav’ogar hisoblangan o‘zbekistonlik Shohjahon Ergashev amaldagi chempion puerto-rikolik Sabriel Matiasga qarshi ringga ko‘tarildi.
Amerikaning Las-Vegas shahrida bo‘lib o‘tgan jang 12 raundga mo‘ljallangan edi,biroq 6-raund boshlanayotgan payt Ergashev jamoasi jangni davom ettirmaslikka qaror qildi. Bunga esa jarohat sabab bo‘lgani aytildi.
Shu tariqa O‘zbekiston vakilining faoliyatidagi 23 ta g‘alabali yurishiga nuqta qo‘yildi va u ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. Matiasda esa faoliyatidagi 20- g‘alaba erishib, o‘ziga tegishli IBF kamarini himoya qildi.
Jang yakunlangach bokschi QALAMPIR.UZ’ga bahsni nega davom ettirmaganini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Shohjahonning jangni davom ettira olmasligiga jarohati sabab bo‘lgan. O‘zbekistonlik bokschining oyog‘i shishib ketishi oqibatida uning jamoasi jangni to‘xtatgan.
“G‘alaba uchun ringga chiqqandim, biroq oyog‘im shishib o‘zimga bo‘ysunmay qoldi. Oyog‘imda biroz muddat avval orttirgan jiddiy jarohatim bor edi va o‘sha jarohat baribir o‘z ta’sirini o‘tkazdi”, deydi Ergashev.
Ma’lum bo‘lishicha, Ergashev aprel oyida Rossiyada notanish kimsalar tomonidan pichoqlab ketilgan.
“Pichoqlanganim oqibatida jangda oyog‘im shishib ketdi va 2-raunddan keyin o‘zimni boshqara olmay qoldim. Asosiysi hozir sog‘lig‘im yaxshi. Hali hammasini o‘z o‘rniga qaytaraman”, deydi Ergashev videoda.
Ergashevga ko‘ra, unga tiqilgan pichoqning uzunligi 7 santimetr bo‘lgan.
Ergashev nega pichoqlangan, kimlar tomonidan pichoqlangan degan savollar hozircha ochiq qolmoqda. QALAMPIR.UZ bu savollarga javob izlab, tez orada kerakli va aniq faktlarni kuzatuvchilarga yetkazadi.
***
27 noyabr kuni Olmaliq shahrida mahalliy OKMK klubi futbol yulduzi Karim Benzema boshchiligidagi Al-Ittihod bilan Osiyo Chempionlar ligasi (OCHL) 5-turi doirasida bahs olib bordi, Benzema va jamoadoshlarining Olmaliqqa kelishi munosabati bilan shaharning ayrim ko‘chalari vaqtincha yopildi. Bu to‘g‘risida Olmaliq shahar hokimining farmoyishi qabul qilindi.
2023 yil 27 noyabr kuni soat 17:00 dan soat 23:00 ga qadar Amir Temur ko‘chasining Kamalak chorrahasi bilan kesishgan qismigacha barcha tutashgan (Furqat, Yuksalish, Alisher Navoiy, Obihayot va Istiqlol) ko‘chalar, shuningdek Yuksalish ko‘chasining Parvoz ko‘chasi bilan kesishgan qismi va Alisher Navoiy ko‘chasining Istiqlol ko‘chasi bilan kesishgan qismi yopilib, avtomobil qatnovi vaqtincha to‘xtatildi.
Shuningdek, stadionni o‘yinga so‘nggi tayyorgarligi va xavfsizlik nuqtai nazaridan kelib chiqib, soat 13:00 dan e’tiboran, stadion hududidagi kassalar yopilib, chiptalar sotuvi “Delfin suv saroyi” kassalariga ko‘chirildi.
QALAMPIR.UZ jamoasi ham OKMK-“Al-Ittihod” o‘yinini yoritish uchun Olmaliq shahriga yetib bordi. O‘yin boshlanishiga hali anchagina vaqt bo‘lsa ham kattagina muxlislar oqimi OKMK markaziy stadioniga yopirilib kirdi. Mutasaddilarning aytishicha, OKMKning hech bir uy o‘yiniga bu darajada ko‘p muxlis kelmagan.
O‘yin startidan avval maydonga muxlis yugurib chiqqani va Benzema tomon yugurgani barchaning e’tiborini tortdi. Xuddi shunga o‘xshash holat taym oxirida ham kuzatildi.
Endi o‘yinga kelsak, dastlabki daqiqalarni Mirjalol Qosimov shogirdlari ancha faol boshlagan bo‘lsa ham, vaqt o‘tgani sari Saudiya klubi vakillari tashabbusni o‘z tomoniga og‘dirdi. 30 va 34-daqiqalarda mehmonlar hujumchisi Abdurazzoq Hamdalla konchilar darvozasiga to‘p kiritib, jamoasining 1-bo‘limdagi ishonchli g‘alabasini ta’minladi.
Olmaliklardan bitta javob to‘pini 79-daqiqada 27-raqamdagi Martin Boake kiritdi. Butun o‘yin davomida muxlislar e’tibori qaratilgan fransiyalik yulduz Karim Benzema esa maydonni golsiz tark etdi.
Shunday qilib, 10 mingdan ortiq muxlis kuzatib borgan o‘yinda Saudiya klubi navbatdagi uch ochkoga ega chiqqan bo‘lsa, Mirjalol Qosimov shogirdlari 5-turga kelib ham dastlabki ochkoga ega chiqa olmadi.
Hozirga kelib “S” guruhidan joy olgan “Al-Ittihod” hisobida 12 ochko mavjud. Jamoa muddatidan avval nimchorak final masalasini hal qilgan. Hali 5-tur o‘yinini o‘tkazib ulgurmagan Eronning “Sepahon” jamoasi esa 9 ochko bilan 2-pog‘onada bormoqda.
Ayni kunlarda Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida II Saudiya o‘yinlari bo‘lib o‘tmoqda. 27 noyabr kuni o‘tkazilgan musobaqaning tantanali ochilish marosimida Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov va O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi (MOQ) matbuot xizmati xabar berdi.
Ar-Riyodda Otabek Umarovni Saudiya Arabistoni shahzodasi Faxad bin Mansur Al Saud bilan uchrashdi. O‘zbekiston delegatsiyasini Qirollik oilasining yana bir vakili, mamlakat Sport vaziri, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari raisi shahzoda Abdulaziz bin Turkiy Al Faysal Saudiya o‘yinlarining ochilish marosimiga taklif qildi.
Umarov shahzoda Abdulaziz bilan mintaqada Olimpiya harakatini rivojlantirish va davlatlar o‘rtasida sport sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish borasida suhbatlashdi. Jumladan, har ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash, yirik sport musobaqalariga tayyorgarlik doirasida terma jamoalar ishtirokida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish, sport sohasidagi so‘nggi yutuqlarni baham ko‘rish borasida fikr almashildi.
Ar-Riyodda bir vaqtning o‘zida Islom birdamligi sport tashkilotining Kongressi ham o‘tkazilmoqda. Rasmiylar mazkur tadbirda ham ishtirok etib, xalqaro aloqalarni mustahkamlash borasida kelishuvga erishdi.
Tashkiliy qo‘mita a’zolari rasmiy mehmonlar uchun Saudiya Arabistonida sportni rivojlantirish borasidagi “Vision-2030” strategiyasini taqdim qildi. Unda Saudiya Arabistonining 2034 yil futbol bo‘yicha jahon chempionati, yozgi Osiyo o‘yinlari kabi yirik musobaqalarga tayyorgarlik rejasi haqida turli taqdimotlar o‘tkazildi. Shuningdek, rasmiylar “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida Saudiya Arabistoni bilan hamkorlik qilish masalasini ko‘rib chiqdi.
Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi XXI asrning eng yaxshi futbolchilari yuzligida 1-o‘rinni egalladi, undan keyingi o‘rinni esa Portugaliya terma jamoasi yetakchisi Krishtianu Ronaldu qo‘lga kiritdi. Bu haqda “FourFourTwo” xabar berdi.
XXI asrning eng yaxshi futbolchilarining kuchli beshligidan “Barselona”ning sobiq 4 nafar futbolchisi o‘rin olgan. Messidan tashqari, Inesta, Xavi va Ronaldino ham kuchli beshlikka kiritilgan.
Top-10 da “Real”ning sobiq futbolchilaridan Zinedin Zidan va Kakani ko‘rish mumkin. Umumiy hisobda kuchli o‘nlikdan Kataloniya klubining 6 nafar, “qirollik klubi”ning esa 3 nafar futbolchisi joy egalladi.
Braziliyalik model Bruna Byankardi Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” futbolchisi Neymar bilan ajrashganini aytdi.
“Bu shaxsiy masala, lekin men har kuni yangilik, taxmin va hazillarga duchor bo‘lganim uchun hozir Neymar bilan yaqin munosabatda emasligimni ma’lum qilaman. Biz Mevining ota-onasimiz va bizni bog‘laydigan yagona narsa shu. Umid qilamanki, endi mening shaxsiy hayotim haqida yangiliklar kamroq bo‘ladi, rahmat”, deb yozdi Byankardi ijtimoiy tarmoqda.
Neymar va Byankardi 2021 yildan buyon yaqin munosabatda bo‘lib kelayotgandi. Hozirda ularning ikki oylik Mevi ismli qizi bor.
Noyabr oyi boshida Kotiya shahrida braziliyalik futbolchining qizi va sevgilisini o‘g‘irlamoqchi bo‘lishgandi. Byankardining uyiga o‘g‘rilar bostirib kirib, uning 120 ming dollarga teng qimmatbaho buyumlar, sumka va soatlarini o‘g‘irlab ketdi.
“Sevilya” himoyachisi Serxio Ramos va uning rafiqasi Pilar Rubio o‘rtasidagi munosabatlar yakun topish arafasida.
yulduz juftlik yaqin kunlarda ajrashganini e’lon qilishi mumkin.
Futbolchi 2019 yilda Pilar Rubio bilan turmush qurgan. Bundan tashqari, er-xotin 11 yildan beri yaqin munosabatda bo‘lib keladi. Ularning 4 nafar farzandi bor.
Ramos yaqinda “Latin Grammy” marosimida rafiqasi bilan emas, singlisi Miriam bilan ko‘rinish bergani ham juftlikning munosabatlari sovuqlashganidan dalolat beradi. Shuningdek, OAV Pilarning qaynonasi tug‘ilgan kunida qatnashmaganiga ham e’tibor qaratdi.
Hozircha Ramos va Rubio ajrashishi haqida o‘z sahifasida hech narsa e’lon qilmagan.
Ma’lumot uchun, Pilar Rubio hozirda 45 yoshda. U Ramosdan 8 yosh katta. Rubio Ispaniyada mashhur teleboshlovchi hisoblanadi. U bir nechta mashhur teleseriallarda ham rol ijro qilgan.
“Paxtakor” futbol klubi shifokori Dubay-Toshkent yo‘nalishidagi reys qatnovida yo‘lovchining hayotini saqlab qolinishiga sababchi bo‘ldi.
“Al-Ayn” bilan o‘yindan qaytayotgan jamoa o‘rin olgan bortda yo‘lovchi o‘zini juda yomon his qilgan. Klub shifokori Umid Bahromovning tezkor harakatlari bilan bemor o‘ziga kelgan.
“Bemorga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilmaganida, samolyot boshqa shaharga qo‘nishi kerak bo‘lardi”, deyiladi klub matbuot xizmati xabarida.
Ta’kidlash joiz, Osiyo Chempionlar ligasi 5-turi doirasida safarda “Al-Ayn”ni 3:1 hisobida taslim etgan “sherlar” muhim pallada uch ochko qo‘lga kiritdi. Ularning musobaqada keyingi bosqichga chiqishi keyingi 6-turda hal bo‘ladi.
Xalqaro futbol assotsiatsiyasi (FIFA) milliy terma jamoalarning reytingi e’lon qildi. Yangilangan reytingda O‘zbekiston milliy terma jamoasi 68-o‘rinni egalladi.
O‘tgan oy jadvalida O‘zbekiston milliy terma 73-o‘rinda borayotgan edi. Noyabr oyi yakunlari bo‘yicha Srechko Katanets shogirdlari o‘z o‘rinlarini 5 ta pog‘onaga yaxshilab oldi.
Noyabr oyida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati saralashi doirasida Turkmaniston va Eronga qarshi bahs olib borib, mag‘lubiyatga uchramadi. Katanets shogirdlari qo‘shnilarga qarshi o‘yinda, safarda 3:1 hisobida zafar quchgan bo‘lsa, Toshkentda Eron bilan jangovar 2:2 hisobidagi durangga imzo chekdi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi reytingda Osiyo jamoalari ichida 9-o‘rinni egalladi. Osiyo termalari ichida top-3 dan Yaponiya, Eron va Janubiy Koreya joy olgan.
FIFA reytingida hamon Argentina terma jamoasi peshqadamlik qilmoqda. Fransiya esa 2-o‘rinni egallab turibdi. Reytingdagi asosiy o‘zgarish 3-o‘rinda kuzatildi. Mazkur pog‘onani band etgan Braziliya terma jamoasi JCH saralashidagi qoniqarsiz natijalardan keyin ikki pog‘ona pastladi. Hozirda 3-o‘rinda Angliya, 4-pog‘onada esa Belgiya terma jamoasi qayd etilgan.
O‘zbekistonlik og‘ir atletikachi, Tokio-2020 Olimpiadasi oltin medali sohibi Akbar Jo‘rayev Chevrolet Gentra avtomobili bilan taqdirlandi. Bu haqda O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Avtomobil Jo‘rayevga O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan topshirildi. Kichik tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov ham qatnashdi.
Akbar Jo‘rayev shu yili Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida ham ishtirok etib, kumush medalga ega chiqqandi. Undan avval esa, atlet, sentyabr oyida Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda o‘tkazilgan dunyo birinchiligida g‘olib bo‘ldi.
Noyabr oyi boshida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Akbar Jo‘rayevni Osiyo o‘yinlaridagi munosib ishtiroki uchun pul mukofoti bilan taqdirlagandi.
LiveBarchasi