Peskov Putinning gazni rublda sotish topshirig‘i kimga tegishli ekaniga aniqlik kiritdi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Yevropa davlatlari bilan shartnomalari bo‘yicha Rossiya gazi uchun to‘lovni rublda qabul qilish haqidagi ko‘rsatmasi “Gazprom”ga tegishli, ammo bu “Novatek”ga taalluqli emas. Bu haqda Prezidentning Matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

Peskov bugun, 25 mart kuni jurnalistlar bilan suhbatda “Novatek” xususiy kompaniya ekanligini ta’kidlab, unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatma bo‘lishi ehtimoldan holi ekanini aytib o‘tdi.

“Prezident [qanday gaz nazarda tutilganini] ajratib aytmadi – quvur orqali o‘tadigan yoki [siqilgan tabiiy gaz]. Ammo ko‘rsatma “Gazprom”ga berilgan. Bu ko‘rsatma “Gazprom”ga. Bu asosiy egasi davlat bo‘lgan xalqaro kompaniya, shuning uchun bunday ko‘rsatma “Gazprom”ga berilgan. Prezident “Novatek” haqida hech narsa demadi”, deydi Kreml vakili.

Agar Yevropa davlatlari rublda to‘lashdan bosh tortsa, Rossiya YeIga gaz yetkazib berishni davom ettiradimi degan savolga javob berar ekan, matbuot kotibi “Rossiya Federatsiyasi Prezidentining “Gazprom”ga to‘lovlarni rublda qabul qilish bo‘yicha ko‘rsatmasi borligini” eslatdi.

“Bir hafta ichida, to‘g‘rirog‘i, qolgan to‘rt kun ichida “Gazprom” shartnomalarni amalga oshirishi va buni texnik va logistik jihatdan qanday amalga oshirish mumkinligi haqida shaffof, tushunarli tizim ishlab chiqishi kerak. Bu ma’lumotlar “Gazprom” mahsulotlari xaridorlariga yetkaziladi, keyin ko‘ramiz. Biz davlat rahbarining amaldagi ko‘rsatmalaridan kelib chiqamiz”, degan Peskov.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin do‘st bo‘lmagan davlatlarga gazni rublda sotish haqida qaror qabul qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1075

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing