Peruning yangi Prezidenti qasamyodidan 5 kun o‘tib ishdan ketdi
Olam
−
16 noyabr 2020
6865Kecha, 15 noyabr kuni Peruning vaqtinchalik Prezidenti Manuel Merino de Lama iste’fo berdi. Bu haqda u xalqqa murojaat qilib so‘zlagan nutqida ma’lum qilgan.
Oradan oz vaqt o‘tib esa, mamlakat parlamenti raisi Luis Valdes parlament prezidiumi raislarining iste’fosi haqida e’lon qilgan.
Ta’kidlanishicha, Merino de Lama mamlakat Prezidenti vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi lavozimiga olti kun avval — 10 noyabr kuni kirishgan edi. U pora olishda ayblanayotgan Martin Viskarra o‘rnini egallagandi.
Manbaga ko‘ra, Merino de Lamani lavozimidan chetlatish talabi Peruda 9 noyabr kuni boshlangan norozilik namoyishlarida ikki kishi halok bo‘lishi bilan bog‘liq. 14 noyabr kuni Limada milliy politsiya bilan to‘qnashuvlar chog‘ida ikki yosh yigit vafot etgan.
Shundan keyin Peru vazirlar mahkamasining 13 nafar a’zosi Merino de Lama bilan ishlashdan bosh tortib, ishdan ketishini ma’lum qilgan. Ular orasida sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, adliya, iqtisodiyot, madaniyat, savdo va turizm, ta’lim, energetika, mudofaa hamda ichki ishlar vazirlari bo‘lgan.
Merinoning iste’fosidan bir daqiqa avvalroq parlament raisi Luis Valdes parlament partiyalarining barchasi Prezident iste’fosiga rozi bo‘lganini e’lon qilgan.
Respublika kongressi aks holda Manuel Merinoga qarshi impichment jarayonini boshlash bilan tahdid qilgan. Mamlakatning yangi rahbariyati haqida qaror qabul qilish uchun parlament shoshilinch videokonferensiya o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Ma’lumot uchun, Perudagi siyosiy inqiroz joriy yilning sentyabrida boshlangan. O‘shanda davlat rahbari Viskarraga tegishli audioyozuv e’lon qilingan. Davlat rahbari pora olganlikda ayblangan.
Oxir-oqibat, Viskarra 10 noyabr kuni lavozimidan olingan. Viskarraning iste’fosini 105 nafar parlament a’zosi qo‘llab-quvvatlagan, 19 nafari qarshi chiqqan, to‘rt kishi betaraf qolgan edi. Konstitutsiyaga muvofiq, davlat rahbari o‘rnini parlament spikeri Merino de Lama egallab turgan, 10 noyabr kuni u qasamyod qabul qilgan.
LiveBarchasi