“Perevod”, korrupsiya, magistraturadagi “bomba” o‘zgarish yoxud rektorning iltimoschilarga iltimosi

Intervyu

Birinchi bo‘lish qiyin. Hamma tanqid qiladigan, korrupsiya botqog‘iga botgan, sifat ko‘tarilmaydi, degan tamg‘a qo‘yilgan tizimning bir bo‘lagida ayollar orasidan birinchi rahbar bo‘lish esa undanda mushkulroq. O‘zbekistonda turli sohada faoliyat olib boradigan erkak rahbarlarni qattiqqo‘l, so‘kong‘ich, qo‘l ostidagilarni shu yo‘l bilan boshqarishga urinishi tarmoqlarda tarqalgan bir nechta audiolarda ayon bo‘ladi.

QALAMPIR.UZ'ning bugungi suhbatdoshi 2019 yilda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga rektor etib tayinlangan Gulchehra Rixsiyeva. 

“Ayollar orasidan birinchi bo‘lib rektor etib tayinlanish – katta mas’uliyat. Nafaqat o‘zim, balki butun O‘zbekistondagi rahbar bo‘lishni niyat qilgan va shunga intilayotgan ayollar va qizlar uchun ham bu mas’uliyatni sezishim tabiiy. Oiladagi ijtimoiy vazifalarimizni to‘liq bajarishga mas’ul va majburmiz. Shu bilan birga jamoada ham oltin o‘rtalikni topish juda muhim. Ayollarga erkak rahbarlardek xodimlarga boshqacha muomalada bo‘lish to‘g‘ri kelmaydi. Jamoadagilarni urishib emas, vaziyatni to‘g‘ri tushuntirib, ularni xarakteridan kelib chiqqan holda muomala qilish juda muhim”, deydi Gulchehra Rixsiyeva.

Rektor ta’limdagi korrupsiya, tanish-bilishchilik haqida gapirarkan u na beruvchi, na oluvchi bo‘lib korrupsion jarayonlarda ishtirok etmaganini faxr bilan urg‘uladi.

“Shu jihatdan qattiq maqtanishim mumkin, hech qachon korrupsiya jarayonlarda beruvchi bo‘lib ham, oluvchi bo‘lib ham ishtirok etmaganman. Sharqshunoslik universitetida ham pora beradigan yoki oladiganlar yo‘q, deb ayta olaman. Rektor bo‘lib ishga kelganimdan keyin birinchi bo‘lib poraxo‘rlikka yo‘l qo‘ymaslik kerakligini aytganman. Agar kimdir bunga yo‘l qo‘ysa, qattiq chora ko‘rishga va’da berganman. Agar korrupsiyaga yo‘l qo‘yilsa, meni bu yerda ishlashimga hojat yo‘q, deb hisoblayman”, deydi Rixsiyeva.

Bu yilgi qabul jarayonlari tugab, mandat ham e’lon qilindi. Tarmoqlar magistraturaga kirilmaganlarning e’tirozlari bilan to‘lmoqda. Magistratura uchun imtihonlar o‘rniga C-1 darajasidagi til sertifikatini talab etilishi bitiruvchilarni elakdan o‘tkazdi. Gulchehra Rixsiyeva bitiruvchilardan til sertifikati talab etilishini qo‘llab-quvvatlashini aytadi. Lekin, masalaning ikkinchi tomoni ham bor, OTMlarda ingliz tilini C-1 darajada biladigan, bo‘lajak magistrantlarni o‘qitadigan o‘qituvchilar bormi?

“O‘qituvchilar o‘z ustilarida ishlari uchun yetarlicha imkoniyat berilgan. Ular ingliz tilini bilishlari kerak. Domlalarga ham til sertifikatiga ega bo‘lish talabi qo‘yilgan va buning uchun ularni maoshlariga byudjetdan qo‘shimcha pul ham to‘lanadi. Magistraturaga kirishda til sertifikati talab qilinishini qo‘llab-quvvatlayman. Magistrantlarni o‘qitadigan o‘qituvchining bilim darajasi past bo‘lishi mumkin emas. Sharqshunoslik universiteti tilga yo‘naltirilgan bo‘lgani uchun ham o‘qituvchilarning bilim darajasi yuqori. Balki xulosa chiqarishim noto‘g‘ridir, lekin oliy ta’limda ingliz tilini o‘qitish darajasi yetarli emas, menimcha.

Mutaxassislik imtihoni bo‘lmasligi haqida ham ancha e’tirozlar bo‘ldi. Bir narsaga e’tibor berish kerak. Talaba 4 yil bakalavrda o‘qib, davlat imtihonini topshiradi. 4-kurs so‘ngida mutaxassislik bo‘yicha bitiruv mavlaviy ishini yoqlaydi. Shuningdek, davlat imtihonidan o‘tadi va diplom oladi. Magistraturaga kirayotganda yana o‘sha uchta savol yozilgan savol bilan imtihon qilishga o‘rin yo‘q. Chunki, o‘zimiz diplom berganmiz. Agar u mutaxassislikdan imtihondan o‘ta olmasa, berilgan diplomni darajasi nima bo‘ladi?”, deydi Rixsiyeva.

Bir muddat O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan, ko‘p sohalardagi muammolarni o‘rgangan rektor bilan:

• ta’limdagi o‘zgarishlar;
• o‘qishga qabul;
• imtihonlar;
• o‘qishni ko‘chirish va uning sabablari;
• magistraturaga talab etilayotgan til sertifikati;
• talabalar va o‘qituvchilarning bilim darajasi;
• tanish-bilishchilik, kabi mavzularda suhbatlashdik.

Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva bilan intervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

148

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing