Ruhiy zo‘riqish va moliyaviy qiyinchiliklar: AQSHda qariyb 600 harbiy o‘z joniga qasd qilgan
Olam
−
01 Oktabr 2021
8641AQSH Mudofaa vazirligi amerikalik harbiy xizmatchilarning o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payganini qayd etdi: 2020 yilda 580 kishi. Bu haqda TASS Pentagonning kecha, 30 sentyabr kuni e’lon qilgan har yillik hisobotiga tayanib yozmoqda.
Qayd etilishicha, o‘tgan yili faol bo‘linmalarda 384 kishi, shu jumladan quruqlikdagi qo‘shinlarda 175, havo kuchlarida 81, dengiz flotida 66 va dengiz korpusida 62 kishi o‘z joniga qasd qilgan. Milliy gvardiya jangchilari va zaxiradagi askarlar orasida esa 196 kishi o‘z joniga qasd qilgan.
“Ko‘rsatkichlar biz istagan yo‘nalishda o‘zgarmayotganini tan olamiz va harbiylarning o‘z joniga qasd qilishini kamaytirishga harakat qilish niyatimizni yana bir bor tasdiqlaymiz”, deyiladi hisobotda.
Xabarga ko‘ra, 2018 yilda 541, 2019 yilda 498 amerikalik harbiy o‘z joniga qasd qilgan.
“Taqdim etilgan ma’lumotlar xavotirli. Harbiy xizmatchilar va ularning oilalari o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish hollari hali ham juda ko‘p, vaziyat to‘g‘ri yo‘nalishda o‘zgarmayapti”, deydi AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin.
Pentagon yangi koronavirus pandemiyasining AQSH harbiy xizmatchilariga salbiy ta’sirini qayd etgan. Shu bilan birga, o‘z joniga qasd qilish sonining ko‘payishi aynan ushbu omilga bog‘liq, deb topilmagan.
Amerikalik mutaxassislar ilgari jangda o‘tkazilgan kunlar soni bilan o‘z joniga qasd qilish nisbati o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik borligini ta’kidlashgan. Biroq, o‘z joniga qasd qilishning asosiy omillari – amalga oshmagan umidlar, muvaffaqiyatsiz nikoh, moliyaviy qiyinchiliklar va ruhiy zo‘riqish kabi shaxsiy muammolar.
LiveBarchasi