Pekin Yangi Qozog‘istonni barpo etishda yaqindan ko‘maklashadi – Si Szinpin
Olam
−
05 fevral 2022
3615Pekin-2022 qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etish uchun Xitoyga tashrif buyurgan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 5 fevral kuni XXR Raisi Si Szinpin bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda, Qozog‘iston Prezidenti Administratsiyasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, do‘stlik va o‘zaro ishonch ruhida o‘tgan uchrashuvda davlat rahbarlari Qozog‘iston-Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik doirasida keng ko‘lamli masalalarini muhokama qilishgan.
Davlat rahbarlari xalqaro maydonda sodir bo‘layotgan voqealar yuzasidan ham fikr almashishgan.
Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Xitoy rahbari bilan uchrashuv mobaynida qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi yuksak darajada tashkil etilganini ta’kidlagan.
“Pekin Olimpiadasi butun insoniyat uchun hal qiluvchi pallada bo‘lib o‘tmoqda. Olimpiada insoniyatga yangilanish va pandemiya davrida yuzaga kelgan qiyinchiliklarni yengish uchun kuchli signal bo‘ladi”, deydi Qozog‘iston rahbari.
Prezident To‘qayev Si Szinpinga Qozog‘istonda yuz bergan yanvar voqealari mobaynida mamlakatda vaziyatni nazoratga olish va tinchlikni ta’minlashda ko‘rsatgan do‘stona ko‘magi uchun minnatdorlik bildirgan.
Bundan tashqari, To‘qayev o‘zining Xitoylik hamkasbiga “Yangi Qozog‘iston”ni qurush yo‘lida Pekinning xayrixohligi uchun rahmat aytgan.
Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik, yaqin qo‘shnichilik va strategik sheriklik rishtalarini mustahkamlkashga urg‘u bergan To‘qayev Si Szinpinni joriy yil sentyabr oyida rasmiy tashrif bilan Qozog‘istonga taklif qilgan.
O‘z navbatida, XXR Raisi o‘zining Qozog‘istonlik hamkasbiga Pekinning “Bir Xitoy” siyosatini qo‘llab-quvvatlagani va ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik rishtalarini muxtahkamlash yo‘lida olib borayotgan sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik izhor etgan.
Si Szinpinga ko‘ra, ushbu uchrashuv Qozog‘iston va Xitoy munosabatlarida keyingi 30 yillik “oltin davr”ni boshlab beradi.
Bundan tashqari, Xitoy Raisi Qosim-Jomart To‘qayevning oqilona siyosati va rahbarligi ostida Qozog‘istonda kuchli davlatchilik shakllanayotgani va Pekin “Yangi Qozog‘iston”ni barpo etishda mamlakatga yaqindan yordam berishini bildirgan.
Si Szinpin Qozog‘iston Prezidentining sentyabr oyidagi rasmiy tashrif haqida bildirgan taklifi qabul qilgan.
LiveBarchasi