Pedofillarga eng og‘ir jazo berilishi kerak, hech qanday yengilliklarsiz – Bolalar Ombudsmani
Jamiyat
−
04 fevral 2023
10666Avvalroq, Toshkent shahar Yangihayot tumanida zo‘ravonlik va qotillik alomatlari bilan 12 yoshli qizning murdasi topilgani haqida xabar berilgan edi.
Holat yuzasidan bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova o‘z munosabatini bildirdi.
Aliya Yunusovaga ko‘ra, qizning ayanchli o‘limi barchani chuqur qayg‘uga soldi. Internet olamidagi muhokamalar, xalqning g‘azabi va albatta yoshgina qizaloqning nobud bo‘lgani mamlakatda bolalar xavfsizligini to‘liq ta’minlanmaganini ko‘rsatadi.
“Shaxsan menga yuborilayotgan murojaatlar orasida oila a’zolari, buvasi, o‘gay akasi yoki o‘gay otasi tomonidan muntazam jinsiy zo‘ravonliklarga uchrayotgan bolalar ham topiladi. Hatto 4-9, 10-14 yoshli bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonliklar amalga oshirilyapti. Albatta, bu juda achinarli holat. Bunday murojaatlarni o‘qish juda og‘ir. Axir bolalar himoyaga muhtojku. Bu holatlarni o‘zimiz nazoratga olib, Bosh prokuraturaga rasmiy xat bilan murojaat qilyapmiz”, deydi bola huquqlari bo‘yicha vakil.
Uning ta’kidlashicha, bolalarga nisbatan qo‘llanadigan jinsiy zo‘ravonliklarga beriladigan jazo turini kuchaytirish orqali yuqoridagi holatlarga barham berish mumkin.
“Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston 1995 yil 31 avgustda “1966 yil 16 dekabrdagi Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga doir fakultativ bayonnoma”ga qo‘shilgan. Ushbu hujjatga asosan mamlakatda o‘lim jazosi bekor qilingan va bu davlatning xalqaro majburiyati hisoblanadi. Shunday ekan, Bolalar Ombudsmani bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgan shaxslarga eng og‘ir jazo turi qo‘llanilishi hamda ularga hech qanday amnistiya akti yoki afv etish asosida jazodan ozod qilish, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qo‘llanmasligi kerak degan pozitsiyada turibdi”, deydi Aliya Yunusova.
Shuningdek, u bolalar shaxsan o‘zlari Bolalar Ombudsmaniga murojaat yuborishlari uchun qisqa ishonch telefonlari faoliyatini zudlik bilan yo‘lga qo‘yish lozimligini aytgan.
“Bog‘cha, maktab va boshqa muassasalarda bolalarning ruhiy holatini o‘rganadigan mutaxassislar soni va malakasini oshirish kerak. Sudya, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari va advokatlarning bola huquqlari kafolatlari bo‘yicha ixtisoslashuvini kuchaytirishimiz zarur”, deydi u.
Unga ko‘ra, bolalarni ham zo‘ravonlikka uchraganda, oila a’zolari tomonidan tahqirlanganda yoki boshqa holatlarda imo-ishora bilan xabar berish bo‘yicha ko‘nikmalarini shakllantirish kerak.
“Aslida bu kabi voqealar bizga bolalar himoyasini yanada mustahkamlashga undashi va mas’uliyatimizni yanada oshirishi, ushbular orqali, bolalarni, ularning huquqlari himoyalangan va xavfsizligi ta’minlangan jamiyatda yashashini ta’minlashimiz kerak”, deya qo‘shimcha qiladi bolalar omnudsmani vakili.
LiveBarchasi