Pedofil amaldorlarga Hukumat nega ko‘z yumib keldi?

3-sahifa

Ularning nomi da’yuslar, dunyo bunda ma’yuslar. Nahot hazar qilmaydi, or-nomusni toptaydi. Shoir ushbu misralarni yozganida naqadar haqli ekan. Xorazmda Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari davlat amaldorlari qo‘lida o‘yinchoq bo‘lib, muttasil jinsiy zo‘rlanganini eshitganimdan buyon tilimdan shu misralar to‘kilyapti.

Qizlarni amaldorlar quchog‘iga tashlagan ham begona emas. Ulardan biri odatda Mehribonlik uylarida katta oyi deyiladigan, ammo bu nomni umuman oqlamagan Yulduz Xudoyberganova. 15-17 yoshdagi voyaga yetmagan qizlarga ko‘z olaytirib, jinsiy ehtiyojlarini qondirib kelgan erkaklarning biri kimsan Xorazm Adliya boshqarmasi boshlig‘i Oybek Masharipov, ikkinchisi esa Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Anvar Quryazov. Ularning ishi jamoatchilikning ko‘zidan yiroq, yashirin va yopiq tarzda ko‘rilib, mudira 5,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Jinsiy zo‘ravonlarga esa 1,5 yil ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan. Bularni eshitib dod deging keladi. 

Xo‘sh, bu voqealar qanday ro‘y berdi o‘zi? Keling, jamiyatimizni tebratayotgan, jamoatchilikning xaqli e’tirozi va amaldorlarga nisbatan ishonchsizligini orttirayotgan ushbu holat xronologiyasini birma bir ko‘rib chiqsak.

Xorazmda Oilaviy mehribonlik uyi rahbari o‘z vasiyligidagi qizlardan 3 nafarini 2021 yil may – 2022 yil fevral oylari oralig‘ida naq 10 oy moddiy rag‘bat evaziga turli erkaklar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlab kelgan. Bu holat bo‘yicha aybdorlarga javobgarlik belgilangan, ammo kimning, qaysi kuchlarning aralashuvi bilan bilmadik, yopig‘lik qozon yopig‘ligicha qolib, voqea jamoatchilikka chiqmagan. Ammo “Sukut saqlama” loyihasi haqiqatdan ham bu masalada sukut saqlay olmadi. 

2021 yil may oyi boshida Mehribonlik uyi rahbari Yulduz Xudoyberganova o‘sha paytda hali 16 yoshga to‘lmagan qizni tanlab, tanishlaridan biri bilan jinsiy aloqaga kirishga majbur qilgan. Qiz bunga qarshilik qilishiga qaramasdan, mudira o‘qlov bilan barcha bolalarning ko‘z o‘ngida qizning kichik ukasini kaltaklay boshlagan. Qizning irodasini sindirib, mudira keyinchalik uni o‘zi aytgan erkaklar bilan aloqaga qilishga majburlagan.

Viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Oybek Masharipov esa mudiraning muammolarini hal qilishda o‘z vakolatlarini ishga solishini va’da qilib, 2021 yil aprel oyida unga xayriya sifatida printer sovg‘a qiladi. Qurilma shundoq ham eski, viloyat adliya boshqarmasi balansida bo‘lgan, ishlatilgan, keyinchalik yaroqsiz holga kelgan. Bunday “xayriya”dan bir necha hafta o‘tgach, erkak mehribonlik uyi rahbaridan unga jinsiy ehtiyojlarini qondirish uchun qiz berishini talab qiladi. Shunda mudira 17 yoshli yetim qizni tanlaydi va uni och qoldirib, tashqariga chiqishini ta’qiqlab, boshqa bolalardan ajratib qo‘yadi. 

Keyin mudira qizga viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i unga 250 ming so‘mlik sport oyoq kiyimi olib bergani uchun u bilan jinsiy aloqa qilishga majbur ekanini aytadi. Erkak qiz bilan jinsiy aloqada bo‘lishi uchun Adliya boshqarmasi tomonidan viloyat adliya boshqarmasi xodimlariga ajratilgan xonadondan foydalangan. Ko‘ryapsizmi, qay ahvoldamiz. Bular xalq soliqlari evaziga olingan xizmat uyidan o‘zining ana shunday jirkanch maqsadlari yo‘lida foydalangan. 

Oradan bir oy o‘tib, nafsi hakalak otgan Masharipov 2021 yil iyun oyida yana mudiradan qiz talab qilib, 15 yoshli qiz bilan ham shu xonadonda jinsiy aloqa qiladi. Uzoq vaqt o‘tmasdan o‘sha kvartiraga yana bir “qurbon” olib kelinadi, u ham jinsiy aloqa qilishga majburlanadi – bu 16 yoshli maktab o‘quvchisi edi. Voqealar qayta-qayta takrorlanib, o‘n oy davomida viloyat Adliya boshqarmasining xizmat xonadoni jinsiy aloqa maydoniga aylanadi. 

Favqulodda vaziyatlar bo‘limining tuman bo‘limi boshlig‘i Anvar Quryazov ham avvalgi amaldordan qolishmay, Mehribonlik uyi rahbariga uning muammolarini hal qilishda yordam berishini aytadi. May oyi boshida homiylik sifatida bolalar uchun divan, shkaf, oshxona stoli sovg‘a qiladi va bolalarga turli shirinliklar olib keladi. Buning evaziga 2021 yil iyun oyi boshida u ham jinsiy aloqa qilish uchun qiz talab qiladi. Quryazovning qo‘liga 17 yashar yetim qiz tutqaziladi va u qizni boshqa joyga olib ketib o‘tirmaydi. Jirkanch maqsadini mehribonlik uyi yotoqxonasining o‘zida amalga oshiradi va unga bu uchun barcha shart-sharoit yaratib beriladi. Iyun oyining oxirida u mehribonlik uyi rahbariga 200 ming so‘m berib, yana shu qiz bilan birga bo‘ladi. Keyin esa mehribonlik uyiga oziq-ovqat va ichimliklar olib keladi va buning evaziga 15 yoshli qizni jinsiy aloqa qilishga majburlaydi. Qizlar u bilan bir necha bor jinsiy aloqa qilishga majbur bo‘lishadi.

Qing‘ir ishning qiyig‘i 40 yilda ham chiqadi deganlaridek, nima ham bo‘ldiyu Xorazm viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i Oybek Masharipov, Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Anvar Quryazov va Mehribonlik uyi mudirasi Yulduz Xudoyberganovaning iflos hamkorligi fosh bo‘ldi. Ammo hammasi imi-jimida, xamirdan qil sug‘irgandek, amalga oshirildi. 

Sud esini taniganidanoq davlatning, davlat tayinlagan amaldorlarning qo‘liga qaram bo‘lgan qizlar ularga qarshi borolmagan. Ko‘rsatilayotgan saxovat, ustidagi kiyim, krosovka, yeyotgan ovqatining bir badali borligi, bu badal esa badani deb tushungan qizlar sudda na ularni ularni jinsiy aloqaga majburlagan mudiraga ham, amaldor erkaklarga ham qarshi borolmagan. 

2022 yilning sentyabr oyida birinchi instansiya sudi ularni quyidagi jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topgan:

1979 yilda Urganch shahrida tug‘ilgan, Xorazm viloyati Xalq ta’lim boshqarmasiga qarashli Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi rahbari bo‘lgan Yulduz Xudoyberganova Jinoyat kodeksi 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (18 yoshga to‘lmagani aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan odam savdosi), 167-moddasi 2-qismi “g” bandi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi 1-qismida (Mansab soxtakorligi) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Sud unga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

1979 yilda Nukus shahrida tug‘ilgan, Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Oybek Masharipov va 1984 yilda Yangiariq tumanida tug‘ilgan, Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan Anvar Quryazov Jinoyat kodeksining 128 (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) va 128-1-moddasida (O‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Ularning har ikkisiga 1,5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi: bu vaqt davomida ularga 22:00 dan 06:00 gacha uydan chiqish taqiqlanadi. Shuningdek, probatsiya organlarini ogohlantirmasdan yashash joyini o‘zgartirishlari va yashash tumani chegaralarini tark etishi taqiqlanadi. Tushunyapsizmi, nima? Shuncha norasidaning uvoli, ko‘z yoshlari tutmadi ularni. Sud ham adolat qilmadi. Hammasi juda oson yopdi-yopdi qilindi. 

Bu ham yetmagandek 2022 yilning dekabr oyida apellyatsiya instansiyasi sudi sud qarorini o‘zgartirishsiz qoldirdi. Ana endi ushbu ishni ko‘rgan muhtaram sudyalarning vijdoni, insofi oldida til ojiz. 

“Sukut saqlama” loyihasining afsus bilan yozishicha, hatto, idoralar xodimlari orasida ham o‘zlari buzuq bo‘lgan voyaga yetmagan qizlar borligiga ishonadiganlari bor, qizlar erkaklarga osilib, jinsiy aloqa qilishni xohlasharmish. Bunday kimsalarning amal kursisida o‘tirganining o‘zi qo‘rqinchli. 

Voqea-ku sodir bo‘ldi. Uni ortga qaytarib bo‘lmaydi. Ammo eng yomoni kelgusida shunday holatlar ro‘y bermasligining oldi olinmasligi, sabablari bilan kurashilmasligi, bu jirkanchlikka qo‘l urgan pedofil amaldorlar ishi yopiqligicha qolib ketishi. Demak, o‘z-o‘zidan bundan manfaatdorlar ham bo‘lgan. Nega boshqa sudlar ochiq majlislarda ko‘riladiyu bularniki yopiq o‘tkazildi. OAVga jar solinmadi, jamoatchilik taklif etilmadi? Yo davlat siri darajasidagi ishmidi? Endi jamoatchilik vakillari bu voqeani ovoz chiqarib aytishni boshlagandan keyin hamma mehribon himoyachiga aylanib qoldi. Nima amaldorlar ham bu voqeadan biz qatori kechagina xabar topdimi? Yo bilardiyu shuncha vaqt mum tishlab o‘tirdimi? Men sizga aytsam, bila turib mum tishlaganlarning hammasi shu holat uchun javobgar.

Kecha birdan shuncha vaqt miq etmay o‘tirgan Oliy sud birdan tilga kirib, ish tafsilotlarini, o‘sha amaldorlarning lavozimini ochiqladi. Bolalar ombudsmani ishni o‘rganishni boshlaganini aytdi. Kechirasizu nahotki ombudsman bu ishdan boshqalar qatori xabar topyapti. Xonim Yunusova agar siz biz qatori xabar topib, endi ishni boshlagan bo‘lsangiz, siz bilmagan yana qancha bunday jirkanchliklar bor ekana mamlakatda. 

Qolaversa, bu voqeadan o‘sha vaqtda Xalq ta’limi vaziri bo‘lib ishlagan va bugun mamlakatning bosh diplomatiga aylangan Baxtiyor Saidov, Adliya vazirligini boshqargan va bugun Prezidentga maslahatchilik qilayotgan Ruslan Davletov, Favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshevning nahot xabari bo‘lmagan degan savol meni qiynayapti. Rostan ham xabari bo‘lmaganmikin?

Agar bunday holat oddiy odamlar bilan sodir bo‘lsa, nog‘ora chalib aytib chiqiladi. Hamma bu holat ortidan o‘ziga piar qilish maqsadida undoq qilodurmiz, bundoq qilodurmiz, chidab bo‘lmaydi, toqat qilolmaymiz, degan bayonotlar bilan chiqadi. Lekin gap Adliya va FVV xodimlarining harakatiga kelganda, hamma jim qoldi, na IIV, na prokuratura gapirdi. Hatto, Kanizaning ishtonini himoya qilib chiqqanlar ham, domlaning gapiga e’tiroz bildirganlar ham bu masalaga kelganda mum tishladi. 

Yana bir fikrga ko‘ra, aslida ushbu holat Senatning majlislaridan birida jamoatchilik faollari, xususan, “Sukut saqlama” loyihasi rahbari Irina Metviyenko tomonidan ko‘tarilgan. Zalda senatorlar, Adliya, Oliy sud va boshqa idoralar vakillari bo‘lgan. Ammo hech kim majlis davomida ham, undan keyin ham bu voqeani muhokama qilmagan. Kar, soqov, ko‘r rejimi eng yuqori darajada ishlagan. Bu voqea jamoatchilikka oshkor bo‘lgach, ko‘plar bu haqda endi eshitib turgandek hayrat bilan bayonot berayotgani, yoqa ushlashga majbur qiladi. 

Ijtimoiy tarmoqda esa e’tirozlar ortgandan ortib bormoqda. “Butun bir viloyat Adliya boshqaruvini pedofilga ishongan davlatdan nima kutish mumkin?” deya savol bilan yuzlandi professor Barnogul Sanaqulova. 

Jurnalist va yozuvchi Rustam Jabborovning fikricha, bunday amaldorlar ot ustida ekan, Yangi O‘zbekiston, xalq roziligi, adolatli jamiyat haqida orzular quruq gap bo‘lib qolaveradi.

Shuningdek, jamoatchilik pedofil amaldorlar qatorida, ularning jirkanchligiga marhamat ko‘rsatgan sudyalarga ham munosib jazo berilishi kerakligini aytmoqda. Bu ishda Adliya boshqarmasi boshlig‘i Masharipov, tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Quryazov va Mehribonlik uyi mudirasi Xudoyberganova qanchalik aybdor bo‘lsa, sudya ham kam aybdor emas deganlar ko‘p bo‘lmoqda. 

Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyeva Xorazmdagi voqea ishtirokchilari orasida huquq idorasi vakillari ham borligi nihoyatda xavotirli ekanini aytib chiqdi.

Bosh prokuraturadan mazkur holatga alohida e’tibor qaratib, sinchiklab o‘rganishni va huquqiy baho berishni so‘radi. 

Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allajmonov pedofillarga nisbatan kimyoviy kastratsiya jazosini qo‘llash yuzasidan qonunchilikka o‘zgartirish kiritish vaqti kelganini aytdi. Ammo bu holatda gap kastratsiya haqida ketmayapti. Agar sud tizimi adolatli va ochiq bo‘lmas ekan, vazirliklar voqea oddiy odamlar bilan sodir bo‘lganda nog‘ora chalib, o‘ziga kelganda mum tishlab o‘tirarkan, kastratsiya ham foyda bermaydi. Hamma narsa ochiq-oydin jinoyatni tasdiqlab turganda ikki amaldor qamoqdan qutulib qolganda, kastratsiyadan qutulib qolmaydimi yo ularni saqlab qoladiganlar topilmaydimi? 

Xullas holat bo‘yicha so‘nggi tafsilotlarga to‘xtalsak, Bosh prokuratura tomonidan Xorazm viloyatidagi holat bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan sud hukmi va appelyatsiya instansiyasining ajrimlari qonuniyligi o‘rganilgan.  

29 mart kuni sudlangan A.Masharipov va A.Kuryazovlarga yengil jazo tayinlangani va boshqa holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasi sudiga protest keltirilgan.

Urganchda qizlarning zo‘rlanishi ishi bo‘yicha sud qaroridan Nemolchi.uz loyihasi xabar berguniga qadar qariyb yetti oy davomida jamoatchilik xabardor bo‘lmagan. Balki xabardor ham bo‘lmasdik. Biz bilmaganlarimiz qancha hali. Ahvolimizga achindim. 


Maqola muallifi

Teglar

AybekMasharipov pedofil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar