Pashinyanning Samarqanddagi sammitga kelmasligi yirik yo‘qotish emas – Jo‘rayev (video)
Intervyu
−
15 Sentabr 2022
17938Kecha, 14 sentyabr kuni Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakatning Ozarbayjon bilan chegarasidagi qurolli to‘qnashuv tufayli Shanxay hamkorlik tashkilotining 15-16 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan sammitida qatnashmasligi e’lon qilingan edi.
“Mavjud vaziyat tufayli Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan SHHT sammitida ishtirok etmaydi”, deyiladi Armaniston Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabarida.
Xo‘sh, Pashinyanning Samarqanddagi sammitda ishtirok etmasligi SHHT uchun nima degani yoki nimani o‘zgartiradi? Bu savolga ayni paytda Samarqandda bo‘lib turgan QALAMPIR.UZ muxbiri siyosatshunos, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori Sayfiddin Jo‘rayevdan javob oldi.
Mutaxassisning aytishicha, Armaniston SHHTda kuzatuvchi mamlakat sifatida ishtirok etib kelgan va hozir mamlakatda kuzatilayotgan qaltis harbiy-siyosiy holat hukumat rahbarining Sammitga kelishiga to‘sqinlik qilmoqda.
“Lekin uning Sammitga kelmayotgani yirik bir yutqazish emas. Tashkilot doirasida o‘zaro muloqot qilishning onlayn shakli yo‘lga qo‘yilgan. Albatta, ishtirok etgan taqdirda bu kuzatuvchi davlatlarning, muloqotlarning to‘laqonli bo‘lishini ta’minlagan bo‘lar edi”, deydi Jo‘rayev.
Eslatib o‘tamiz, Armaniston Ozarbayjon qo‘shinlarini mamlakatdan chiqarib yuborish uchun Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan harbiy yordam kutayotganini ma’lum qilgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, 13 sentyabrga o‘tar kechasi Armaniston Qurolli Kuchlari bo‘linmalari Ozarbayjon-Armaniston davlat chegarasining Dashkesan, Kalbajar va Lochin yo‘nalishlarida keng ko‘lamli provokatsiyani amalga oshirgan edi.
Armaniston va Ozarbayjon chegarasida janglar 13 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 00:05 da boshlandi. Baku Yerevanni provokatsiyalarda aybladi va shuning ortidan to‘qnashuv yuz berganini ma’lum qildi. Qurolli to‘qnashuvlarda hozircha Armaniston 105 nafar, Ozarbayjondan 71 nafar harbiy halok bo‘lgani ma’lum.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, 13 sentyabrga o‘tar kechasi Armaniston Qurolli Kuchlari bo‘linmalari Ozarbayjon-Armaniston davlat chegarasining Dashkesan, Kalbajar va Lochin yo‘nalishlarida keng ko‘lamli provokatsiya sodir etgan. Tomonlar 13 sentyabr kuni tongda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi tiklashga kelishib oldi. Biroq sulh bir sutkaga bormay buzildi. 14 sentyabr kuni Baku va Yerevan yana o‘t ochishni to‘xtatishga erishdi.
Armanistonning talabi bilan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining Kollektiv xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda tashkilot bosh kotibi rahbarligidagi missiya voqea joyiga borib, vaziyatni o‘rganishiga kelishildi.
Hulkar Murtazoyeva
LiveBarchasi