Pashinyan Ozarbayjon bilan tinchlik uchun Konstitutsiyani o‘zgartirmoqchi

Olam

image

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjon bilan yangi urush bo‘lmasligi uchun zarur konstitutsiyaviy o‘zgartishlarni ilgari surishi mumkinligini bildirdi. Bu haqda u bugun, 26 may kuni “Yerevan muloqoti” nomli xalqaro forumda so‘z ochdi.

“Biz tinchlik kun tartibiga sodiqmiz va Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasiga erishish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga tayyormiz. Ishonchim komilki, barcha kelishmovchiliklar va ehtimoliy provokatsiyalarga qaramay, Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida urush bo‘lmaydi. Tinchlik bo‘ladi, bu men uchun mutlaqo ravshan”, deydi Pashinyan.

Uning ta’kidlashicha, Ozarbayjonning Armaniston hududiy da’volari bo‘yicha xavotiri tinchlik shartnomasini imzolash orqali hal etilishi mumkin. Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston hukumati mintaqada barqaror va mustahkam tinchlikka erishishda o‘z zimmasiga tushadigan mas’uliyatni qabul qilishga tayyor.

U, shuningdek, agar Armaniston Konstitutsiyaviy sudi tinchlik shartnomasining mazmunini mamlakat Konstitutsiyasiga zid deb topsa, hukumat zarur konstitutsiyaviy o‘zgartishlarni tashabbus qilishi mumkinligini bildirgan.

“Tinchlik o‘rnatish va tinchlik shartnomasini imzolash jarayoni boy berilmasligi kerak”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Qayd etish joiz, tinchlik rejasining bir qismi sifatida Ozarbayjon Armaniston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritishni talab qilmoqda.

Respublika Asosiy Qonunining 1-moddasida Armaniston Oliy Kengashi tomonidan 1990 yil 23 avgustda qabul qilingan mamlakat Mustaqillik Deklaratsiyasiga havola mavjud. Ushbu deklaratsiyaning boshida Armaniston SSR va Tog‘li Qorabog‘ning 1989 yildagi “Birlashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qaroriga ishora qilingan.

“Ularning konstitutsiyasidagi ushbu band bilan bu mumkin emas, chunki konstitutsiya boshqa har qanday hujjatdan, shu jumladan xalqaro shartnomadan ham ustundir. Shunday ekan, bir kun kelib ular o‘z fikrini o‘zgartirib, sentyabrda qilgan ishimizni yana qilishimiz kerak bo‘ladigan vaziyatga tushib qolishni istamaymiz”, deya o‘z davlatining pozitsiyasini tushuntirgan edi Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev.


Eslatib o‘tamiz, 2025 yil mart oyida Armaniston va Ozarbayjon tinchlik shartnomasi tuzish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. 17 moddadan iborat hujjatda tomonlar bir-birining hududiy yaxlitligini va chegaralarning daxlsizligini tan olishlari, chegaralarni belgilash (delimitatsiya va demarkatsiya), diplomatik aloqalarni o‘rnatish, hududda uchinchi davlatlarning harbiy kuchlarini joylashtirmaslik, xalqaro sudlarga kiritilgan da’volarni qaytarib olish va shartnoma imzolanishidan oldin mavjud bo‘lgan masalalarni qayta ko‘rib chiqmaslik majburiyatlari belgilangandi.

Jaloliddin Rahmonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Ozarbayjon Nikol Pashinyan Armaniston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing