Pashinyan KXSHT Qorabog‘ urushida Armanistonni yolg‘iz qoldirganidan nolidi

Olam

image

Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti 2020 yilda Ozarbayjon bilan sodir bo‘lgan mojaro paytida Armaniston kutganidek harakat qilmadi. Bu haqda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bugun, 16 may kuni Moskvada o‘tgan KXSHT sammitida aytib o‘tdi.

“Afsuski, tashkilot Armaniston Respublikasi kutganidek munosabat bildirdi deb ayta olmaymiz”, degan Nikol Pashinyan Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenkoning KXSHT a’zolarini birgalikda harakat qilish va tahdidlarga javob qaytarish haqidagi bayonotiga javoban.

Shuningdek, Pashinyan 2020 yilda Qorabog‘ mojarosi paytida Armaniston KXSHTni Ozarbayjonga qurol sotmaslikka chaqirganini, biroq tashkilot a’zolari bu iltimosni e’tiborsiz qoldirganini eslatgan. 

Shu bilan birga, Armaniston Bosh vaziri Rossiyaga Qorabog‘dagi jangovar harakatlarni tugatishga yordam bergani uchun minnatdorlik bildirgan. Unga ko‘ra, 2020 yilda Rossiya urushayotgan davlatlar o‘rtasida kelishuv imzolanishiga hissa qo‘shdi va Tog‘li Qorabog‘ga 1,9 ming tinchlikparvar kuchlarini yuborgan.

“Tashkilotimizga a’zo mamlakatlarning ovozlariga kelsak, ko‘pincha bizning ovozlarimiz bir xil emas. Ammo bu yangi muammo emas, bu bizning tashkilotimizda uzoq vaqtdan beri mavjud. Armaniston bu masalani qayta-qayta ko‘targan va u muhokamaga muhtoj”, deydi Pashinyan.

Qorabog‘ urushi  

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib olishdi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10-siga o‘tar tunda “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Shunisi aniqki, urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.  

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

95

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing