Pashinyan Aliyev bilan guvohsiz ko‘risha olmaydimi? Makron sabab tinchlik jarayoni cho‘zilyapti

Olam

image

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Fransiyaning Baku va Yerevan o‘rtasidagi tinchlik jarayonidagi ishtirokiga qarshi chiqdi va Fransiya rahbari Emmanuel Makronni mojaro ishtirokchilaridan birining tarafini olganlikda ayblab, tanqid qildi. 

“Pragadagi uchrashuvdan bir hafta o‘tmay Fransiya Prezidenti Makron o‘z intervyusida Ozarbayjonni tanqid qildi va biz qilmagan ishlarda bizni aybladi. Buning ortidan Fransiya Senatining mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan va haqoratli rezolyutsiyasi qabul qilindi. Keyin Fransiya Milliy Assambleyasining Ozarbayjonga qarshi yana bir rezolyutsiyasi, keyin Fransiyaning [Xalqaro Tashkilot] Frankofoniya sammiti orqali bizga hujum qilishga urinishi yuz berdi. Bularning barchasini inobatga olsak, Fransiya tinchlik jarayonida ishtirok eta olmasligi aniq”, deydi Aliyev Bakudagi xalqaro anjumanda. 

Uning qayd etishicha, Nikol Pashinyan bilan navbatdagi uchrashuv 7 dekabr kuni Bryusselda o‘tkazilishi belgilangan edi. Biroq, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Aliyev bilan o‘zaro uchrashuvda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham ishtirok etishini talab qilgan. 

“Albatta, bunday bo‘lmaydi”, deya Makronning ishtirokiga qarshiligini bildiradi Aliyev.

Uning qayd etishicha, Fransiyadan farqli o‘laroq, Tog‘li Qorabog‘ masalasini hal qilish bo‘yicha boshqa vositachilar – AQSH va Rossiya hech qachon rasman kimningdir tarafida bo‘lmagan.  

“Boshqa muqobil variantlarni ko‘rib chiqamiz. Ko‘ramiz, kim va qanday platformada vositachi bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qildi Ozarbayjon Prezidenti.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

68

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing