Pandemiya davrida homiylik qilganlar mukofotlanadi – Prezident farmoni

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni bilan mukofotlash to‘g‘risida farmonni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni

Bugungi kunda butun insoniyat qatori ko‘p millatli xalqimiz ham koronavirus pandemiyasi oqibatida yuz bergan og‘ir sinov va qiyinchiliklarga qarshi sabot-matonat bilan kurash olib bormoqda.

Ushbu ulkan ofatning mamlakatimiz hayotiga salbiy ta’sirini yumshatish, fuqarolar salomatligini asrash, ularni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar samarasini bermoqda. Mana shunday murakkab va tahlikali vaziyatda mard va jasur, olijanob xalqimiz yanada jipslashib, o‘zaro yordam, mehr-oqibat, hamjihatlik va ahillik kabi yuksak insoniy fazilatlar sohibi ekanini yana bir bor amalda namoyon etmoqda.

Global pandemiya hamda turli tabiiy ofat va favqulodda holatlarga qarshi kurashish, ularning oqibatlarini bartaraf etish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bu boradagi ishlarni umumxalq harakati darajasiga ko‘tarishga katta hissa qo‘shgan, jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalik, do‘stlik va totuvlik muhitini mustahkamlashda faol ishtirok etayotgan, beg‘araz homiylik yordami hamda ezgu ishlari bilan barchaga o‘rnak bo‘layotgan yurtdoshlarimizni munosib taqdirlash maqsadida:

1.Sog‘liqni saqlash sohasining jonkuyar vakillari, saxovatli tadbirkorlar, davlat va jamoat tashkilotlarining fidoyi xodimlari hamda boshqa tashabbuskor va faol fuqarolar “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni bilan mukofotlansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha vazirliklar, idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa respublika tashkilotlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatlarni ko‘rib chiqsin va tasdiqlasin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga “Mehr-saxovat” ko‘krak nishonlarini topshirishga bag‘ishlangan tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2020 yil 26 avgust

Ahrorbek Hayrullayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

78

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing