“Ozodlik Radiosi” muxbirlari rasman O‘zbekistonga kiritilishi mumkin
Jamiyat
−
01 iyun 2022
8896“Ozod Yevropa Radiosi / Ozodlik Radiosi” media korporatsiyasi vakillari O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda kecha, 31 may kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev va “Ozod Yevropa Radiosi / Ozodlik Radiosi” media korporatsiyasi prezidenti Jeymi Flay hamda media-korporatsiya vakili Pahlavon Turg‘unov bilan uchrashuvda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, muloqot davomida Agentlik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, O‘zbekistonda axborot sohasini liberallashtirish, so‘z va matbuot erkinligi hamda davlat idoralari ochiqligini ta’minlash borasida olib borilayotgan izchil islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berilgan.
Shuningdek, milliy ommaviy axborot vositalarining jamiyatdagi rolini oshirish bilan birga mamlakatda xorijiy OAVlarning samarali faoliyati uchun ham zarur sharoitlar yaratilgani aytib o‘tilgan.
“Tomonlar uchrashuvda o‘zaro mavjud masalalar, ularni hal etish yo‘llari, shu jumladan “Ozodlik Radiosi” tahririyati tomonidan tayyorlanayotgan va chop etilayotgan materiallarning O‘zbekiston qonunchiligi va jurnalist etikasi me’yorlariga mos kelishi yuzasidan o‘z mulohazalarini bildirishdi hamda “ushbu masalalarni bartaraf etish borasida bosib o‘tilishi mumkin bo‘lgan qadamlar” haqida fikr almashishdi”, deyiladi O‘zbekiston tomoni bergan xabarda.
Bundan tashqari, “Ozod Yevropa Radiosi / Ozodlik Radiosi” media korporatsiyasi vakillarini respublikada akkreditatsiyadan o‘tkazish masalasi ham muhokama qilingan. Ikki tomon akkreditatsiya bilan bog‘liq masalalarni navbatdagi uchrashuvlarda ko‘rib chiqishga kelishib olgan.
LiveBarchasi