Prezident Sirdaryo va Toshkent viloyatlari mutasaddilaridan izoh talab qildi
Jamiyat
−
14 noyabr 2019
8241O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va ipakchilik tarmoqlarini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazgani haqida xabar bergan edik.
Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda bo‘sh yerlarda takroriy ekin ekishdan keladigan foydani va qancha bo‘sh yerlar borligini aniq misollar bilan keltirdi. Shuningdek, bo‘sh turgan yerlari bo‘yicha mamlakatda yetakchilik qilayotgan viloyatlar hokimlariga savol bilan murojaat qildi.
“Hududlarimiz salohiyatidan to‘g‘ri foydalanib, qayerga nima ekish, qaysi chorva turini yetishtirish, qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish orqali bozorlarimizda go‘sht, sut va tuxum mahsulotlarini ko‘paytirish, narxlar barqarorligini ta’minlash va daromadni oshirish bo‘yicha, afsuski, samarali tizim mavjud, deb ayta olmaymiz”, deydi yig‘ilish avvalida Shavkat Mirziyoyev.
Mamlakatda chorva ozuqasiga bo‘lgan talab 120 million tonnani tashkil etadi, ammo o‘tgan yilda atigi 47 million tonna ozuqa ishlab chiqarilib, ehtiyoj 40 foizga qondirilgan.
Butun dunyoda chorvani oziqlantirishda asosan silos va omuxta yem ishlatiladi. Yangiyo‘l tumanida takroriy ekin sifatida makkajo‘xorining intensiv navidan gektariga 50-60 tonna silos olinganda uning 1 kilogrammi tannarxi bor-yo‘g‘i 150 so‘mni tashkil etgan. Vaholanki, 1 kg sheluxaning bozordagi narxi 2 ming so‘mdan oshadi. Ya’ni, shrot-sheluxaga nisbatan 10 baravar arzon ozuqani bemalol chorvadorlarning o‘zi yetishtirsa bo‘ladi.
Chorva uchun ozuqa navli bug‘doydan gektariga 100 sentnergacha hosil olish mumkin. Biroq, joylarda ozuqa-yemga bo‘lgan defitsitni qoplash choralarini ko‘rish o‘rniga ozuqabop ekin yerlaridan samarasiz va maqsadsiz foydalanish hollari tanqid qilindi.
“Sirdaryoda 16 ming gektar, Toshkent viloyatida 8,5 ming gektar ekin maydoni g‘alladan keyin bo‘sh turganini qanday izohlash mumkin?”, deya savol bilan murojaat qildi Prezident.
LiveBarchasi