Oziq-ovqat xavfsizligi dolzarb masala bo‘lib boryapti – Mirziyoyev

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 12 dekabr kuni Xorazm viloyatiga jo‘nab ketgani haqida xabar bergan edik. Prezident Xorazmga tashrifini Xonqa tumanidagi innovatsion issiqxonadan boshladi. 

Qayd etilishicha, “Red Star Oxus” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 205 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga tashkil etilgan mazkur inshoot shu yil fevral oyida ishga tushirilgan. Bu mazkur loyihaning birinchi bosqichi bo‘lib, 7 gektar maydonda gidroponika usulida pomidor, bodring, baqlajon, bulg‘or qalampiri, ko‘katlar yetishtirilmoqda.

Issiqxonada Niderlandiyaning “Kubo” kompaniyasida ishlab chiqarilgan “Ultra clima” nou-xau texnologiyasi keltirib o‘rnatilgan. Buning afzalligi shundaki, issiqlik ventilyator yordamida ultra iqlim zonasiga tortiladi va plastik quvurlar orqali kerakli joyga ehtiyoj darajasida yuboriladi. Ya’ni, harorat butun issiqxonaga emas, balki yetishtirilayotgan sabzavotning ildiziga yo‘naltiriladi. Bu esa katta miqdorda energiyani tejashga yordam beradi.

Prezident Matbuot xizmatiga ko‘ra, bunday “beshinchi avlod” texnologiyasiga ega issiqxonalar dunyoda 200 gektar atrofida. Shundan 7 gektari O‘zbekistonda. Plyonkali issiqxonalarda pomidor ko‘chati 6 oy hosil bersa, mazkur innovatsion issiqxonada bir yil mobaynida mahsulot olish mumkin.

“Butun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi dolzarb masala bo‘lib boryapti. Tashqi bozor qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini mavsumiy emas, yil davomida yetkazib berishni talab qiladi. Shuni taklif qila olgan korxona bozorda o‘rin egallaydi. Bu ish o‘rni va eksportni ta’minlash uchun katta manba”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Issiqxonada jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan. Birinchi bosqichda 75 kishi doimiy ish bilan ta’minlangan. Prezidentga istiqboldagi rejalar haqida ma’lumot berildi. Xususan, loyihaning ikkinchi bosqichida 8 gektar maydonda yana bitta issiqxona quriladi. Uni kelasi yil dekabrda foydalanishga topshirish va yana 150 ta ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan.

“Bu korxona – drayver. Bunday issiqxonalar ko‘payishi uchun boshqa tadbirkorlarni ham o‘rgatib, har tomonlama yordam berish kerak. Xorazm qishloq xo‘jaligining kelajagi shu”, dedi Prezident.

Ushbu majmuani o‘ziga xos maktab sifatida belgilab, tadbirkorlarni o‘qitish muhimligi ta’kidlandi.

“Oziq-ovqat mahsulotlariga birinchi talab – sifat. Shuning uchun har bir issiqxonaning laboratoriyasi, o‘z brendi bo‘lishi kerak”, dedi Prezident.

Shu yerda qishloq xo‘jaligida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Tumanlarni ixtisoslashtirish, yangi yerlarni o‘zlashtirish, yomg‘irlatib sug‘orish tizimini joriy qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Sholi ekishda adolatni ta’minlab, aholiga yer maydonlari ajratib berish, shu orqali odamlarni ish bilan ta’minlash va kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.

Shuningdek, Xorazm viloyatida yoshlarning ijtimoiy kayfiyatini o‘rganish bo‘yicha muloqot va sotsiologik tadqiqot natijalari haqida ham ma’lumot berildi. Shavkat Mirziyoyev har bir yoshning intilishi va qobiliyatini inobatga olib, rejalarini amalga oshirish bo‘yicha bir yillik dastur ishlab chiqishga ko‘rsatma berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

94

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing