2019 yilda odamlarning mushkulini oson qilgan hujjatlar
Tahlil
−
31 dekabr 2019
5739Tugab borayotgan yildagi voqealarni tahlil qilishda davom etamiz. Jarayon shu qadar qiziq va to‘xtovsiz kechdiki, qaysidir voqeani olib, boshqasini unutib qo‘ymaslik uchun yillik arxivni bir haftadan buyon ko‘zdan kechiryapmiz. Bular orasida odamlar e’tiborini tortgan, olqishlariga sazovor bo‘lgan hujjatlar ham chiqdi. Quyida keltirilgan va 2019 yilda qabul qilingan ushbu hujjatlar odamlarning mushkulini oson qildi.
Jasliqning yopilishi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 2 avgustida imzolagan Jasliq koloniyasini yopish haqidagi qarori keng jamoatchilik va xalqaro inson huquqlari tashkilotining olqishiga sazovor bo‘ldi. Jasliq qamoqxonasi 1999 yil 16 fevralda Toshkentdagi bir nechta portlashlardan keyin tashkil etilgandi. U yerda asosan jinoyat kodeksining o‘ta og‘ir jinoyat moddalarini (terrorizm, davlat to‘ntarishiga urinish va boshqalar) sodir etgan shaxslar saqlanardi.
Jasliq koloniyasining yopilishi haqida 5 avgust kuni Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov ham bayonot berdi. Unda Bobojonov qamoqxonaning yopilishi mamlakat siyosiy hayotidagi muhim voqea ekanini ta’kidladi. Qamoqxona yopilishini AQSH, BMT va Yevropa Ittifoqi ham olqishlagandi. BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchi xodimi Helena Freyzer 7 avgust kunidagi nutqida:
“Bu qaror BMT inson huquqlari mexanizmining uzoq muddatli tavsiyalariga mos keladi. BMT vakillari Jasliqni tugatishni 2002 yildan beri tavsiya etib kelayotgandi”, deb aytgandi.
Daromad solig‘ining yagona stavkasi 12 foizga belgilandi
Yil hisobidan fuqarolar manfaati aks etgan huquqiy hujjatlardan biri Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi bo‘ldi. Unga ko‘ra, 2019 yil 1 yanvaridan boshlab barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yagona stavkasi 12 foiz miqdorida belgilandi. Shundan 0.1 foizi shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga yo‘naltiriladigan bo‘ldi.
Fuqarolarning ayrim toifalari uchun eng kam ish haqining 4 baravari miqdoridagi daromadlarini soliq solishdan ozod qilishning amaldagi tartibi saqlab qolinganini alohida ta’kidlash lozim. Yana bir yangilik – fuqarolarning mehnatga haq to‘lash turidagi daromadlaridan Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga ushlab qolinadigan sug‘urta badallari bekor qilindi.
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining maksimal stavkasi dinamikasi yildan-yilga ozayib kelmoqda. 1990 yilda stavka 60 ko‘rsatkichga ega bo‘lgan. 2000 yilda 40 foizga tushirilgan. 2018 yilda bu raqam 22.5 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, endilikda bu raqam 12 foizga aylandi. Lekin bu o‘rinda firmalarga solinadigan yagona ijtimoiy to‘lovning hisobini ham olish zarur.
Birdaniga 3ta OTMga imtihon topshirish huquqi
Joriy yilda abituriyentlar uchun berilgan birdaniga 3 ta oliygohga hujjat topshirish imkoni haqida gapirmasak bo‘lmaydi. “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror talaba bo‘lishni orzu qilgan yoshlarga amaliy e’tibor bo‘ldi.
Bu qaror orqali ma’lum oliy o‘quv yurtlariga hujjatlar topshirish joylardagi Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi. Bu bilan abituriyentlarning ortiqcha sarf-xarajati va vaqti tejaldi.
O‘zbekistonda ayrim davlatlarga vizasiz rejim o‘rnatilishi
Turizmni rivojlantirish davlat uchun iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash choralaridan biri sifatida qaralmoqda. Shu boisdan 1 fevraldan kuchga kirgan tartibga ko‘ra, 45 mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga 30 kunlik muddatgacha vizasij rejim asosida tashrif buyurishlari mumkin bo‘ldi. Shuningdek, 76 mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga kirish elektron rasmiylashtirishi mumkin bo‘ldi. Buning afzalligi – viza olishning tez va osonligi: e-visa.gov.uz portali orqali ikki ish kunida olish mumkin bo‘ldi.
Sirtqi ta’limning keng joriy etilishi
Joriy yilning 1 iyulidan qo‘llanilgan “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va chetlashtirish tartibi to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining qaroriga kiritilgan qo‘shimchalar ta’lim sohasidagi o‘zgarish ham fuqarolar tomonidan yaxshi kutib olindi. Unga ko‘ra, sirtqi ta’limga hujjatlar topshirish keng yo‘lga qo‘yildi.
Hujjatlar topshirish 30 iyulgacha bo‘lgan muddatga belgilandi. Ish joyidan tavsiyanoma ham so‘ralmadi. Pasport va diplom orqali xohlovchilar hujjat topshirishdi.
Yaqin qarindoshlar o‘rtasida notarial tasdiqlangan avtoishonchnoma bekor qilindi
Bu yil qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar orasida “O‘zbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni ham jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 1 oktyabridan transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisida ko‘rsatilgan transport vositasi egasining yaqin qarindoshlari (ota-ona, er (xotin), bolalar, aka-ukalar, opa-singillar) o‘rtasida transport vositasidan foydalanish va boshqarish to‘g‘risidagi ishonchnomani majburiy notarial tasdiqlash tartibi bekor qilindi.
Rivojlangan davlatlar va aksar rivojlanayotgan davlatlar tajribasida bu holat allaqachonlar bekor qilingandi. Bu holat ham mamlakat fuqarolari uchun ijobiy natija bo‘ldi.
Moratoriyning joriy etilishi
“2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident Farmonini ham yil hujjati sifatida e’tirof etishimiz shart. Unga muvofiq 2019 yilning 1 noyabridan 2020 yil 31 dekabrigacha Davlat ekologiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi va jamoatchilikning davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy etilish taklifi ma’qullandi.
Moratoriy amal qilish davrida vakolatli davlat organlariga davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga ruxsatnoma berish man etiladi. Lekin shu o‘rinda istesno holatlarni ham aytish kerak.
Moratoriy:
• Tabiiy omillar yoki zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari ta’sirida zararlangan, qurib borayotgan yoki qurib qolgan, shuningdek, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf tug‘diruvchi daraxtlar va butalarni sanitar kesish va qirqishga;
• Yog‘och va mevalar olish uchun o‘stirilayotgan daraxtlar hamda butalarni (terak va tez o‘suvchi boshqa navlar, tut plantatsiyalari, mevali daraxtlar va butalar) kesishga;
• Plantatsiyalarda o‘stirilayotgan va/yoki yuridik va jismoniy shaxslarning mulki hisoblangan daraxtlar hamda butalarni kesishga joriy etilmaydi.
LiveBarchasi