“Davlat rahbari bilan 24 soat bog‘lanish huquqi”. Singapurda korrupsiyaga qarshi kurashuvchi “qahramon organ”
Tahlil
−
30 yanvar 2020
1170624 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi shakllangan Parlamentga murojaat yo‘lladi. Davlat rahbari o‘z nutqida hozirgi kundagi ko‘plab muammolarga e’tiborni qaratdi. Shunday muammolardan eng xavflisi korrupsiyadir.
Davlat rahbari nutqida yaqin istiqboldagi rejalar haqida so‘z yuritdi. Propiska bo‘yicha islohot, paxta-g‘allaga davlat buyurtmasi va korrupsiyaga qarshi kurashuvchi maxsus organ tuzilishi aytildi. Bunday organ korrupsiyani yo‘qotish yoki maksimal darajada kamaytirish bilan o‘rnak bo‘lgan deya aytiluvchi Singapur davlatida qanday shaklda tashkil etilgan? Keling, Li Kuan Yu hokimiyatiga bo‘ysunuvchi tashkilot haqida qisqacha so‘z yuritsak.
Byuro va uning qonuniy asosi
Korrupsiya holatlarini tergov qilish Byurosining faoliyatini tartibga solishda qonuniy asos katta rol o‘ynadi. Dastavval bu organga Singapur ustidan Britaniya koloniyasi hukmronligi davridayoq, 1952 yili asos solingan edi. So‘ngra, 1960 yili “Korrupsiyani oldini olish to‘g‘risida”gi Qonun kuchga kiradi. Qonunda Byuroga ko‘plab vakolatlar beradi. Sodda tilda aytganda, Byuro “yangilandi”.
Singapur hukumati maxsus tashkilotda huquqni qo‘llashning effektiv asoslari bo‘lmas ekan undan foyda yo‘q degan xulosaga keldi. Shu sababli, Qonun Byuroga universal xarakterdagi vakolatlarni taqdim etdi. Byuro o‘z faoliyatida asosan korrupsiya holati aniqlangan ishlarda tergov qilishni amalga oshirgan.
Byuroning funksiyalari
Ushbu Byuro faoliyati bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshiruvchi funksiyalari mavjud bo‘lgan. Byuro funksiyalari:
• korrupsiya bilan holatlar bo‘yicha fuqarolar shikoyat va murojaatlarini o‘rganib chiqish;
• olib borilayotgan ishlar bo‘yicha Bosh vazirga hisobot topshirish;
• huquqbuzarliklar bo‘yicha surishtiruv va tergov ishlarini oolib borish.
Byuro tekshiruvlar o‘tkazishni asosan korrupsiyaga moyil xarakterdagi amaldorlarga qaratgan. Shuningdek, Byuro:
• sud qarorini kutmay turib gumonlanuvchini qo‘lga olish va tintuv o‘tkazish;
• Bank hisobvaraqlari va ulushlar bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazish;
• Guvohlikka har qanday shaxsni chaqirish;
• Mamlakatning har qanday fuqarosini javobgarlikka torta olish (yuqori amaldorlarni ham).
“Byuro ko‘plab, ayniqsa, korrupsiyaga moyilligi bor insonlarning yuragiga g‘ulg‘ula solib qo‘ygandi. Singapur byurokratik qatlami partiyaning “ko‘z-u qulog‘i” deb Byurodan juda qattiq qo‘rqardi”, deya yozadi Jon Kuo o‘zining “Singapurda korrupsiyaga qarshi kurashning ma’muriy-huquqiy choralari” to‘g‘risidagi kitobida.
Byuroning samarali faoliyati
Singapurda ushbu Byuro har qanday fuqaroni, uning maqomi, kelib chiqishi, dini, tilidan qat’i nazar sudga jalb qilish huquqiga ega. Tashkilot hattoki biznes doiralarda ham surishtiruv va tekshirishlar o‘tkazadi. Pora, lobbizm, oddiy til bilan aytganda “otkat” kabi holatlar doimo diqqat markazda turadi. Biror tovar olishga undash uchun pora berish, olish va vositachilik qilish uchun ham jarima, ham ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanadi. Singapurda korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatga jazo sifatida aynan olgan porasiga nisbatan hisoblanib jarima belgilanadi.
Byuro faoliyatiga direktor rahbarlik qiladi. Uning telefoni shaxsan davlat rahbarining ofisi bilan ulangan holda bo‘ladi. Ya’ni, direktorda doimo Bosh vazir bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish imkoni bo‘lgan. Shuningdek, Byuro rahbari vakolatlaridan biri u faqatgina Bosh vazirga bo‘ysunadi hamda davlat rahbariga 24 soat qo‘ng‘iroq qilish huquqi taqdim etilgan . Na politsiya, na huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga Byuro bo‘ysunmaydi. Shu sababli ham, bu tashkilot har qanday byurokratlikdan holidir.
Tarkib katta emas
Korrupsiya holatlarini tergov qilish Byurosida jami 71 nafar xodim bo‘lib, shundan 49 nafari maxsus tergovchilardir. Tashkilot uch bo‘limdan iborat: tergov, ma’lumotlar bilan ishlash va ko‘maklashuvchi. Tergov bo‘limi maxsus operatsiyalar bilan ishlash vazifasini olgan. Ma’lumotlar bilan ishlash va ko‘maklashuvchi bo‘limi asosan yuqori turuvchi davlat mansablariga nomzodlar tanlash, ularni malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi. Nomzod tanlash jarayoni konkurs asosida qilinadi. Bu jarayon davlat bilan kontrakt tuzish uchun pudratchilar o‘rtasida o‘tkazilgan tenderga o‘xshab ketadi. “Intriga” hamisha mavjud.
Byuro tergovchilari har qanday shaxsni so‘roq qilishi, uyida tintuv o‘tkazishi, hatto, kuch bilan uyga kirish huquqiga ega. Buning uchun albatta, o‘sha shaxsning korrupsiyaga aloqadorligi bo‘yicha gumon qilishga arzigulik asos bo‘lishi lozim.
Korrupsiya va unga qarshi samarali kurash
Ko‘plab davlatlarda korrupsiyaga qarshi kurashish ustuvor vazifa ekani ta’kidlanadi, biroq keskin amaliy choralar kamdan-kam davlatlar tomonidan amalga oshiriladi, deya ta’kidlagan rus jurnalisti Arseniy Sirotin.
Singapurdagi korrupsiyaga qarshi kurashishda aynan yuqori kursilar egasi bo‘lgan amaldorlar diqqat-markazda turadi va choralar ham juda ayovsiz bo‘ladi.
Singapur qonunchiligida pora tushunchasining zarur elementi “korrupsion taqdirlash” bo‘lib, unga quyidagilar kiritilgan:
• pul va har qanday sovg‘alar, gonorarlar, zaymlar, mukofotlar, kommision va qimmatli qog‘ozlar, ko‘chmas va ko‘char mulklar;
• har qanday mansab, amal va kontrakt;
• qarzlarni so‘ndirish va ulardan ozod etilishi, har qanday majburiyat va vazifalardan voz kechilishi;
• oldingi va kelajakdagi jarimalardan ozod etilish;
• har qanday turdagi mukofotlashga va’da berish kabi holatlar.
Bu davlatning amaldorlariga korrupsiyaga aloqador taqiqlangan xatti-harakatlar ham aniq va lo‘nda qilib belgilangan. Ular:
• bajarilgan ish uchun har qanday “minnatdorchilik haqi” olish;
• biror harakatdan tiyilish uchun sovg‘a-salomlar olish;
• davlat zarari hisobiga qonundagi “lazeyka”larni biror shaxsga, tadbirkorga o‘rgatish;
• rasmiy munosabatdagi shaxsdan qarz olish;
• atayin rasmiy xujjatlarda xato qilish (muddatlar kimnidir foydasiga “o‘ynashi” uchun);
• rasmiy munosabatda bo‘lgan boshqa shaxslar bilan tushlik qilish yoki birgalikda har qanday ko‘ngilxushlik qilish;
• o‘z vazifasiga kirgan ishni qilgan bo‘lsa ham, unga “mukofot” olish;
• rasmiy munosabatda bo‘lgan har qanday shaxsning biznesiga pul kiritish;
• xizmat ko‘rsatgani uchun sovg‘alar, “otkat”lar olish;
• o‘z shaxsiy hayotidagi biror ishni bepul qilib berishlariga ko‘nish (masalan, uyini yoki mashinasini ta’mirlash);
• rasmiy munosabatda bo‘lgan har qanday shaxs bilan munosabatda bo‘lish yoki muxlislik qilish;
• biror kompaniya hisobidan o‘qish bahonasida xorijga yuborish;
• rasmiy munosabatdagi shaxsning uyiga yoki ofisiga tashrif buyurish;
• biror shaxsga o‘zining zaymlari yoki boshqa to‘lovlarini qilishiga ruxsat berish.
Korrupsiyaga qarshi kurash va Byuro “effekti”
1959 yilda Singapur juda kambag‘al davlat hisoblangan. Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati va unda Byuro faoliyatiga tayanish Singapurga ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar olib keldi.
O‘tgan asrning 90-yillar oxirida Singapur iqtisodiyotida yuqori o‘sish sur’atlari kuzatildi (14 foiz). Neft qayta ishlashda dunyo miqyosida kattaligi 3-o‘rinda turuvchi markazga aylandi. Kompyuterlashtirish va robotlarni realizatsiya qilish bo‘yicha Osiyoda Yaponiyadan keyingi o‘ringa chiqdi. Ushbu kichik shahar-davlatga (maydoni 725,1 km kv – dunyoda 171-o‘rinda) yiliga 8 million nafar turistlar tashrif buyuradi (Maydoni 448 800 km kv sanalmish O‘zbekistonga 2019 yilda turistlar oqimi hali bu darajaga yetgani yo‘q. Yiliga 6-7 million atrofida). Aholi soniga nisbatan biznes yurituvchilar miqdori bo‘yicha dunyoda AQSHdan keyingi o‘rinni egalladi. Aholi salomatligi bilan samarali ishlash bo‘yicha ham dunyoda ikkinchi o‘rinda deya tan olingan. Singapur fuqarolarining pasportining kuchi ham dunyoda ikkinchi o‘rinni band qilgan, ya’ni bu pasport bilan dunyoning juda ko‘p davlatiga vizasiz kirishingiz mumkin. Mamlakat yalpi ichki mahsulotning aholi jon boshiga nisbati bo‘yicha 1959 yil 400 AQSH dollari bo‘lgan bo‘lsa, Li Kuan Yu Bosh vazirlikdan ketgan yili, 1990 yilda bu raqam 12,200 AQSH dollariga yetgan. Nominal YAIM 362 milliard dollar (2019 yilda).
Bu natijalar nimaning ortidan deb o‘ylaysiz? Albatta, korrupsiyaga qarshi kurashning samarali va amaliy choralari tufayli. Bunda Singapur Korrupsiya holatlarini tergov qilish Byurosining roli beqiyos. Umid qilamizki, Prezident Shavkat Mirziyoyev aytgan korrupsiyaga qarshi kurashuvchi yangi organ ham yuqori mansabdorlardan quyi bo‘g‘in amaldorlarigacha halollikni ta’minlay oladi va samarali ish olib boradi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr