Ozarbayjonda chegarachi minaga tushib, portlab ketdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Ozarbayjonning Zangilon tumanida Davlat chegara xizmati (DCHX) harbiy xizmatchisi piyodalarga qarshi minani bosib, portlab ketdi. Bu haqda “Kavkazskiy Uzel” nashri xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, kecha, 30 sentyabr kuni soat 15:00 da chegara qo‘riqchisi, kichik serjant Elgyun Elxan o‘g‘li Nazarxanli Zangilon tumanida xizmatda bo‘lganida, piyodalarga qarshi mina portlashi oqibatida yaralangan. Harbiy xizmatchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgach, vertolyot bilan Fuzuli tumani Ahmedbeyli qishlog‘idagi harbiy gospitalga yetkazilgan. Hozirda u shifokorlar nazorati ostida.

Ozarbayjon Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi harbiy mojarodan so‘ng, 2020 yil 10 noyabrdan beri mina portlashi oqibatida 23 kishi halok bo‘lgan, 36 ta tinch fuqaro jarohatlangan.

Qorabog‘ mojarosi

2020 yilning 27 sentyabr kuni Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Qorabog‘ urushi qayta olovlandi. 

Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari 2020 yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.

Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytdi. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.

Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.

Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi.  Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi. 

Noyabr oyiga kelib Ozarbayjon Qurolli Kuchlari Tog‘li Qorabog‘dagi muhim hududlarni, jumladan strategik jihatdan ahamiyatli bo‘lgan Shusha shahrini o‘z nazorati ostiga oldi. Ushbu harbiy harakatlar 2020 yilning 9 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon Respublikasi Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasida imzolangan qo‘shma bayonot bilan o‘z yakuniga yetdi. Sulh bitimiga ko‘ra, 10 noyabr soat 00:00 dan boshlab Qorabog‘da harbiy harakatlar butunlay to‘xtatildi, Armaniston Tog‘li Qorabog‘dagi 3 ta hududni Ozarbayjonga qaytarish majburiyatini oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

70

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing