Ozarbayjon Rossiya qudratiga tupurdi

Tahlil

Quturgan zo‘ravon bir sakradi, ikki sakradi, oxiri balandroq, o‘z haqqini yulib oladigan to‘siqqa kelib urildi. Ozarbayjon va Rossiya o‘rtasidagi keskin ziddiyat so‘nggi kunlarda yangi bosqichga ko‘tarildi. Vaziyat juda jiddiy. Rasmiy Baku chirkin imperialistik tafakkurdagi Rossiya va uning borgan sari huquqiy emas, balki jinoiy tuzilmaga aylanib borayotgan kuchishlatar tizimining jirkanch ishlariga o‘rinli javob berishga kirishdi. Joriy yilda qamchisidan qon tomayotgan, vaziyatga huquqiy emas, balki zo‘ravonlik bilan yondashayotgan Rossiyaning huquq-tartibot organlari dastlab Qirg‘iziston so‘ngra O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan hayvondek munosabatda bo‘lgani bilan ko‘p bor tilga tushdi. Endi esa mazkur organning qo‘li qonga botdi. Ular ikki kishining o‘limiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sababchi va bu ikki marhum 2024 yil oxiri 2025 yil boshidan buyon Putin va uning Rossiyasidan o‘z haqqini talab qilib kelayotgan Ozarbayjonga tegishli shaxslardir. Esingizda bo‘lsa, joriy yil 10 aprel kuni Rossiya kuchishlatar tuzilmalari tomonidan Moskvadagi “Bodrost” nomli hammomda qilingan g‘ayriinsoniy harakatlardan so‘ng Qirg‘iziston tomoni Rossiyaga norozilik bildirgandi. Biroq Rossiya tomoni buni qonuniy tekshiruv ekanini iddao qilgancha, Bishkekning e’tiroziga juda yuzaki yondashdi. Oradan ko‘p o‘tmay, 8 iyun kuni Rossiya xavfsizlik kuchlari migrantlarga qarshi yana shafqatsiz reyd o‘tkazdi. Bu safar ularning nishoni O‘zbekistonlik muhojirlar edi. Ular o‘zbek migrantlari yotgan yotoqxonaga borib, erkaklarni xonalaridan haydab chiqargancha ularni tepdi, musht tushirdi, qadr-qimmatini toptadi, xo‘rladi. Bu safar O‘zbekiston ochiq-oydin ko‘rinib turgan bu pastkashlikka hech bo‘lmaganda nota bilan javob berdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi, o‘zga davlatlarning ishiga doimo “burun suqib” yuradigan Mariya Zaxarova o‘shanda nota ko‘rib chiqilayotgani, ma’lumotlar O‘zbekistondagi kerakli organlarga taqdim etilishini aytib chiqdi. Ammo mana salkam 3 haftadirki uning tafsilotlari haligacha e’lon qilinmadi. Aybdorlar jazolandimi, kaltak va tazyiq qurboni bo‘lganlarning huquqi tiklandimi yoki yo‘q hali hanuz noma’lum. Biroq Rossiya bugun shunday zo‘ravonligi va qo‘polligi uchun faqat nota bilan javob qaytaradigan emas, balki oxirigacha kurashadigan mamlakatga duch keldi. Bu ortda qolgan oylar davomida Putin uchun chinakam bosh og‘riqqa aylangan Ozarbayjondir.

Ozarbayjonliklarga qilingan “ruscha shovinizm”

27 iyun kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida xavfsizlik tizimi xodimlari tomonidan ozarbayjonliklar yashaydigan manzillarda o‘tkazilgan reydlar oqibatida Ozarbayjon Respublikasi fuqarolari deb aytilayotgan, ba’zi manbalarda esa allaqachon Rossiya pasportiga ega ekani iddao qilinayotgan ikki nafar shaxs vafot etdi. Qayd etilishicha, shu kuni ertalab Rossiya FXX tomonidan aynan ozarbayjonliklarga qarshi olib borilgan reydlar davomida 9 kishi hibsga olingan. Reydning asosiy nishoni bo‘lgan ozarbayjonlik Safarovlar oilasining ikki nafar a’zosi esa halok bo‘lgan. Ular aka-uka Ziyouddin va Husay Safarovlardir. Mazkur oilaning tanishlariga ko‘ra, hibsga olish chog‘ida aka-uka o‘zini yomon his qilayotganini aytgan. Ular shifoxonaga yotqizilgan va o‘sha yerda vafot etgan. Ma’lum qilinishicha, mazkur operatsiya davomida vafot etganlar bilan birgalikda og‘ir yaralanganlar ham bor. Rus OAVning yozishicha, reydlar chog‘ida “Boku Plaza” savdo markazida ham tintuv o‘tkazilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Yekaterinburgda 50 dan ortiq ozarbayjonlik ushlangan, ayrimlari so‘roqdan so‘ng qo‘yib yuborilgan. Bu qonli tadbirning asosiy sababi esa  bundan 24 yil oldin aniqrog‘i 2001 yilda bir savdogar o‘ldirilgan holat bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida amalga oshirilgan. O‘shanda marhum “Kaspiy” kafesi yonida pichoqlangan. Qotillikda kafe egalari aka-uka Ziyouddin va Husay Safarovlar gumonlanuvchiga aylangan. Qayd etilishicha, o‘shanda marhum jon berishidan oldin ularning ismlarini aytgan. O‘sha vaqtlarda esa ma’lum sabablarga ko‘ra, Safarovlarni javobgarlikka tortishning iloji bo‘lmagan. Aka-ukalar 24 yil o‘tib, bu ishni allaqachon yopilgan deb hisoblagan. Ammo oradan 24 yil o‘tib Rossiya kuchishlatar tuzilmalarining xayoliga bu ish qanday kelgani va nima uchun yana qayta kovlangani barchaga qiziq. Bundanda qizig‘i aka-uka Safarovlar bu ishda bor-yo‘g‘i gumonlanuvchi xolos, ularning aybi isbotlanmagan ham. Shuningdek, agar asosiy nishon ozarbayjonlik Safarovlar oilasi bo‘lsa, nega reyd ko‘lami juda keng? 50 ga yaqin ozarbayjonlik nega tergov qilindi? Savdo markazidagi reyddan aniq nima ko‘zlangandi? Har bir savol shubhalarni ko‘paytiradi. Bu savollarga esa Rossiya tomonining shunchaki “o‘tgan yillarda sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish doirasida bir qator shaxslar qo‘lga olingani, ularning uylarida tintuv o‘tkazilgani” kabi vaji to‘liq va aniq javob bo‘la olmaydi. Holatga shu asos bilan qaralgan taqdirda ham nega asosan ozarbayjonliklar yoki aynan ular yashaydigan joylarda tintuv va zo‘ravonlik, g‘ayriinsoniy harakatlar amalga oshirildi? Ko‘p ehtimol, endi bu safar Putin Aliyevning so‘roqlariga javob bera olmasa kerak. Chunki rasmiy Baku Moskvaning javoblarini kutib ham o‘tirgani yo‘q. Postsovet davlatlari ichida Putinni uzr so‘rashga majbur qilgan yagona davlat rahbari Aliyev va u boshchiligidagi Ozarbayjon Rossiyaga allaqachon javob “zarbalari” berishni boshladi.

“Qarshi hujum”

Ushbu g‘ayriqonuniy tadbirdan so‘ng, rasmiy Baku Rossiyadan zudlik bilan aybdorlarni tezroq topish va ularga chora ko‘rishni talab qildi. Rossiyaning Bakudagi elchixonasi muvaqqat ishlar vakili Pyotr Volokov Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilib, unga rasmiy norozilik bildirildi. Ammo Ozarbayjon Rossiyaning kuchishlatar tuzilmalari qanday ishlashi va hukumat uning barcha qonundan tashqari qiladigan g‘ayriinsoniy harakatlarini xaspo‘shlashini juda yaxshi biladi va mazkur ish yuzasidan Moskvaning “o‘rganyapmiz” degan oldi-qochdisi Baku uchun yetarli bo‘lmadi. Ozarbayjon Rossiyaga ilk “zarba”ni madaniyat sohasida berdi. Mamlakat Madaniyat vazirligi Ozarbayjondagi Rossiyaning davlat va xususiy muassasalari tomonidan o‘tkazilishi rejalashtirilgan barcha madaniy tadbirlar, jumladan konsertlar, festivallar, spektakllar va ko‘rgazmalarni bekor qildi. Vazirlik o‘z bayonotida bu qarorini Rossiya huquq-tartibot idoralari tomonidan Yekaterinburgda etnik asosda ozarbayjonliklarga nisbatan ko‘rgazmali, maqsadli va sudsiz qotillik va zo‘ravonlik harakatlari, shuningdek, so‘nggi paytlarda bunday holatlar tizimli tus olayotgani bilan izohladi. Qayd etilishicha, chiptalarni oldindan sotib olgan fuqarolar pulni qaytarish uchun tegishli savdo nuqtalari va onlayn platformalarga murojaat qilishlari mumkin.
 

Ozarbayjonning bu javobi hali boshlanishi edi. Keyingi javob chorasi esa siyosiylashdi. Ozarbayjon Milliy Majlis Matbuot va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi Milliy Majlis raisining birinchi o‘rinbosari Ali Ahmedov boshchiligidagi delegatsiya Moskvada bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Ozarbayjon va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning 23-yig‘ilishida ishtirok etmasligini bildirdi. Ular bu tashrifning bekor qilinishiga Madaniyat vazirligining sababini so‘zma-so‘z keltirdi. Ozarbayjonning keyingi javobi esa yanada ommaviy tus oldi. Ishga televideniye ham aralashdi. AzTV raisi Ravshan Mammadov “Hafta” tahliliy-informatsion dasturida Putin va uning siyosatini keskin tanqid qilib, Kremlni ancha savaladi. Mamadovning chiqishi ancha tasirchan ko‘rinishi oldi va voqealar rivojini qizdirib yubordi.

 

“Nima bo‘ldi, janob Putin? Ozarbayjonning mintaqada kuchli davlatga aylanishi, so‘nggi 200 yilda ilk bor bir qarich yer bermay, balki o‘z kuchi bilan yer qaytarib, suverenitet va hududiy yaxlitligini tiklashi, milliy manfaatlarini himoya qilishi, Prezident Ilhom Aliyevning global sahnada yetakchi sifatida tan olinishi va eng yirik xalqaro minbarlardan e’tirof etilishi sizni shunchalik bezovta qilyaptimi? Biz tushunamiz, axir siz buyuk Rossiya o‘z hududiga majburan qo‘shib olgan xalqlar ustidan hukmronlik qilishga o‘rgangansiz”, deydi Mammadov.
 

Shuningdek, u Podsho Rossiyasi davrida ham, Ittifoq zamonida ham ruslar “oliy irq” sifatida ko‘rilgani, ozarbayjonliklar, o‘zbeklar, qozoqlar, qirg‘izlar, turkmanlar va boshqa xalqlar esa har doim ikkinchi darajali xalq sifatida ko‘rilganini aytdi. U o‘z chiqishida Putin siyosatini Stalin davridagi NKVD faoliyati bilan tenglashtirdi.

“Bugun esa ikkala imperiya tarixning chiqindixonasiga uloqtirilgan bo‘lsa-da, bu qarash o‘zgarmadi, bu an’ana davom etmoqda. Bir paytlar Stalin bosh ko‘tarib erkinlik talab qilganlarni NKVD orqali yo‘q qilgan bo‘lsa, bugun Putin haqiqatni aytganlarni OMON bilan jazolaydi. Ya’ni 1937 yil davom etmoqda – yanada qattiq, yanada dahshatli”, deydi jurnalist

Bundan tashqari u, “Kreml rasmiylari va ayniqsa Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bu 1937 yil emas, 2025 yil ekanini anglayaptimi o‘zi?”, degan savolni o‘rtaga tashladi. Shundan so‘ng u Stalin davridagi repressiyalar, Rossiya qo‘llovi bilan Armanistonning Ozarbayjonga qilgan shafqatsiz qatliomlarini ham birma-bir tilga olib, ozarbayjonliklar bularning hech birini unutmaganini takidladi.

“Bir vaqtlar Ittifoq tarkibida bo‘lgan davlatlar allaqachon 30 yildirki mustaqil. U anglayaptimi: tarix hech narsani unutmadi! Na Stalin davridagi repressiyalarni, bu davrda ozarbayjon xalqining ziyolilari yo‘q qilinganini, na 20 yanvar voqealarini, na Xo‘jali qatliomini, na Ozarbayjon yerlarining bosib olinishi va 30 yil davomida bu yerlarning ishg‘ol ostida bo‘lishini – bu yerda yuzada Armaniston bo‘lsa-da, orqasida aynan Rossiya turgani ayon”, deydi Mammadov.

AzTV raisi dastur davomida Qarabog‘ muammosining yechilishiga aynan Rossiya yo‘l qo‘ymaganini, aslida bu hududiy muammoning asosiy ijodkori Rossiyaning o‘zi ekanini ham aytib o‘tdi. 30 yillik Qorabog‘ mojarosi yakunlangach, Rossiya endi o‘z alamini ayni paytda o‘z hududida bo‘lib turgan ozarbayjonliklardan olyapti.

“Ha, aynan Rossiya. 30 yil davomida o‘zi yaratgan Qarabog‘ muammosining yechilishiga yo‘l qo‘ymagan va bu yillar davomida aynan Ozarbayjonning Qarabog‘ tomirini bosish orqali bizga cheksiz azoblar bergan, asabimiz va milliy g‘ururimiz bilan o‘ynagan Rossiya bugun Qarabog‘ masalasi hal etilgach, o‘zining g‘azabini mamlakatida yashayotgan ozarbayjonliklarga qaratmoqda”, deydi u.
 

Shu bilan birga, u o‘tgan yili dekabr oyida Ozarbayjon samolyotining Qozog‘istonda Rossiya tomonidan urib tushirilganini ham aytib o‘tgan. Bundan tashqari, AzTV rahbari rossiyalik uchiga chiqqan propagandachi Solovyovni ham alohida eslab o‘tdi va uni “unsur” atadi. Mamadov Solovyovni norasmiy You Tube kanallar emas, balki davlat telekanali orqali Ozarbayjon xalqiga tahdid qilayotganini keskin qoraladi.

“Endi esa Rossiya tomoni voqeani o‘rganyapmiz, deydi. Nima o‘rganiladi? O‘tgan yil dekabr oyida Bakudan Grozniyga uchayotgan AZAL samolyoti aynan Rossiya osmonida raketa bilan urib tushirilgan edi. 38 kishi halok bo‘ldi. Rossiya bu fojia ortidan hatto ochiq, rasmiy uzr so‘ray olmadi. Ozarbayjonlik deputat Moskva aeroportida hech qanday sabab ko‘rsatilmasdan qo‘lga olinib, mamlakatga kiritilmadi. Ko‘plab kiberhujumlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiyadan kelmoqda. Solovyov kabi unsurlar Ozarbayjon xalqiga tahdidlar yo‘llamoqda – bu ham oddiy YouTube kanalida emas, balki Rossiyaning davlat telekanalida”, deydi Mammadov.

Yuzaki afsus

Rossiya tashqi ishlar vaziri Mariya Zaxarova huquq-tartibot idoralari tomonidan inson huquq va erkinligiga tupurilgan holda olib borilgan ushbu operatsiya bo‘yicha izoh berdi. Unga ko‘ra, bu tadbir "o‘tgan yillarda sodir etilgan og‘ir jinoyatlar bo‘yicha jinoiy ishlarni tergov qilish doirasida o‘tkazilgan hamda yashash joylari bo‘yicha hibsga olish va tintuvlar olib borilgan. Ozarbayjon TIVga taklif etilgan Rossiya ishlari bo‘yicha vaqtinchalik vakil Pyotr Volokov Ozarbayjon tomoniga zarur tushuntirishlar bergan va "vaziyat huquqni muhofaza qilish organlari nazorati ostida ekanligiga ishontirgan. Bu ishlar ortidan Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham tilga kirdi. Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolariga qilingan zo‘ravonlikka to‘xtalib ham o‘tirmaydigan, pinagini ham buzmaydigan Peskov Bakuda ko‘tarilgan jiddiy norozilik fonida Moskva Baku bilan yaxshi munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdorligi, Yekaterinburgdagi voqealar esa huquq-tartibot idoralari faoliyati bilan bog‘liqligi, bu esa siyosiy ziddiyatlarga sabab bo‘lmasligi kerakligini aytib chiqdi. Kreml matbuot kotibi rasmiy Moskva Ozarbayjonning Rossiya madaniy tadbirlarini bekor qilish qaroridan afsusda ekanini ham qo‘shimcha qildi. U shuningdek, Vladimir Putin va Ilhom Aliyev o‘rtasidagi suhbat kun tartibida emasligini qo‘shimcha qildi.

Peskovning bu gapi esa o‘tgan yil dekabr oyida Rossiya hududida rus harbiylari tomonidan urib tushirilgani gumon qilinayotgan Ozarbayjonga tegishli yo‘lovchi samolyoti atrofida kechgan siyosiy keskinlikning ilk kunlarini esga solmoqda. O‘shanda rasmiy Baku Rossiyaga uzr so‘rash va boshqa qator talablarni qo‘ygandi. Ammo Peskov samolyot halokati bilan bog‘liq barcha tafsilotlar ochiqlanmaguncha Rossiya uzr so‘rashga shoshilmayotganini aytib chiqqan. Shunday bo‘lishiga qaramay, oradan bir necha kun o‘tib, o‘zini postsovet hududida bosqinchi chor Rossiyasi yoki qotil SSSR davridagidek gegemon deb biladigan Rossiya bilan kamdan-kam sodir bo‘ladigan voqelik yuz berdi. Putin Aliyev bilan bog‘landi va uzr so‘radi.
 
Zo‘ravonga ko‘zgu tutish

Bu gal Yekaterinburgda yuz bergan voqea uchun esa Ozarbayjon tomoni Rossiyaga tizimli choralar qo‘lladi. Huquq tartibot idoralari Rossiyadagi hibsga olish jarayonlariga hibs bilan javob qaytardi. 30 iyun kuni Ozarbayjon politsiyasi “Sputnik Ozarbayjon” ofisida o‘tkazgan operatsiya chog‘ida nashrda ishlayotgan va Rossiya Federal xavfsizlik xizmati agentlari deb gumon qilinadyotgan ikki shaxsni qo‘lga oldi. Ular nashrning bosh muharriri Igor Kartavix va bosh muharrir o‘rinbosari Yevgeniy Belousov ekani ochiqlandi. “Minval” nashrining yozishicha, ular FXX bilan doimiy aloqada bo‘lgan va Bakuda maxfiy faoliyat yuritgan bo‘lishi mumkin. Qator OAV esa ushbu shaxslar nashr faoliyatini “noqonuniy moliyalashtirish” bilan shug‘ullangani uchun ushlangani haqida xabar berdi.  Ozarboyjon Ichki ishlar vazirligi bo‘lsa, bu holatga yanada aniqlik kiritdi va “Sputnik Ozarboyjon” agentligining faoliyati joriy yil fevral oyidayoq rasman to‘xtatilgan bo‘lsa ham nashr o‘z ishini noqonuniy ravishda davom ettirganini maʼlum qilgan.

Ma’lumot uchun, 2025 yil fevralida Baku Ozarbayjon davlat ommaviy axborot vositalarining xorijdagi va mamlakatdagi xorijiy jurnalistlari faoliyatida paritetga erishish maqsadida agentlik faoliyatini to‘xtatishga qaror qildi. Bu voqea Ozarbayjonda “rus uyi” faoliyatining to‘xtatilishi bilan deyarli bir paytda sodir bo‘lgandi. Albatta, mazkur qarorlarning ortidagi asl sabab Ozarbayjonga samolyotining Rossiya hududida shikastlanib keyinchalik Aqtauga qulagan degan asosli taxminlar edi. O‘shanda “Sputnik” ishini izohlar ekan, Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Oyxon Hojizoda agentlik faqat bitta muxbir uchun akkreditatsiya olishi mumkinligini ma’lum qilgan. Ushbu qaror Ozarbayjon davlat ommaviy axborot vositalarining xorijdagi faoliyati va mamlakatdagi xorijiy jurnalistlarning tengligini ta’minlashga qaratilgan edi. Boshqacha aytganda, Bakuda ishlayotgan “Sputnik Ozarbayjon” jurnalistlari soni Rossiyadagi “AZƏRTAC” jurnalistlari soniga teng bo‘lishi kerak edi. Biroq “Sputnik Ozarbayjon” tahririyati bu qarorga amal qilmadi. O‘tgan davr mobaynida tahririyat va xodimlar o‘z sonini qisqartirmadi, faoliyatini esa to‘xtatgani yo‘q.

Zaxarovaning ta’kidlashicha esa, bu jurnalistlarga nisbatan Ozarbayjon hukumati ilgari hech qanday e’tiroz bildirmagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, 30 iyun kuni hibsga olingan jurnalistlar bilan Rossiya hukumati uzoq vaqt aloqaga chiqa olmagan. Hozir ham ular bilan aloqa qilingani haqida ma’lumot mavjud emas. Diplomatik missiyaning konsullik bo‘limi xodimlariga ham hibsdagi jurnalistlar bilan uchrashishga ruxsat berilmagan. Zaxarova Rossiya elchixonasi Ozarbayjon TIV, IIV va Davlat xavfsizlik xizmatiga bu haqda xabar berilgani, ammo rasmiy javob berilmayotganidan nolidi. Shundan so‘ng, vaziyat yanada taranglashdi. Rossiya ham Bakudan kelayotgan ketma-ket zarbalarga javob sifatida Ozarbayjonning Moskvadagi Favqulodda va muxtor elchisi Rahmon Mustafoyevni Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga  chaqirtirdi. Zaxarovaning aytishicha, elchi Baku tomonidan ko‘rsatilgan do‘stona bo‘lmagan harakatlar, xususan, Rossiya jurnalistlarining noqonuniy qo‘lga olinishi munosabati bilan chaqirilgan.  

Xullas, hozirgacha Ozarbayjon va Rossiya o‘rtasidagi keskinlikning eng ko‘zga ko‘rinarli voqeliklari shulardan iborat. Voqealar rivoji bundan keyin qanday tus olishini esa vaqt ko‘rsatadi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing