Ozarbayjon Armanistonni uch tomonlama kelishuvni buzganlikda aybladi 

Olam

image

Rasmiy Baku Yerevanni 2020 yil 10 noyabrda qabul qilingan uch tomonlama kelishuvlarni yana bir bor buzganlikda va ikki tomonlama munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga putur yetkazganlikda aybladi. Bu haqda Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Baku noqonuniy arman qurolli tuzilmalari haligacha mamlakat hududlaridan olib chiqilmaganini bir necha bor ta’kidlagan.

“Kecha, 3 avgust kuni sodir bo‘lgan qonli voqea Armaniston uch tomonlama bayonotni qo‘pol ravishda buzayotganini, shuningdek ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga putur yetkazayotganini yana bir bor ko‘rsatadi. 

Bu, shuningdek Armanistonning xalqaro vositachilar sa’y-harakatlariga hurmatsizlik qilayotganini ko‘rsatadi.

Ozarbayjon hududida sodir bo‘lgan voqea uchun barcha javobgarlik qo‘shni davlat hududidan noqonuniy qurolli guruhlarni haligacha olib chiqmagan Armanistonning siyosiy va harbiy rahbariyatiga yuklatiladi”, deyiladi bayonotda.

Ozarbayjon TIV rasmiy Baku o‘z hududi xavfsizligi va chegaralari yaxlitligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishda davom etishini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 avgust kuni Ozarbayjon armiyasining Lochin viloyati yo‘nalishidagi pozitsiyalariga arman qurolli tuzilmalari kuchli o‘t ochdi. Hujum oqibatida bir nafar harbiy qurbon bo‘ldi.

Qorabog‘ urushi 

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib olishdi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10-siga o‘tar tunda “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Shunisi aniqki, urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

20

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing