Ozarbayjon Armaniston tomonidan hujum bo‘lganini e’lon qildi

Olam

image

Ozarbayjon Qurolli Kuchlari bo‘linmalari chegara hududida Armaniston tomonidan o‘qqa tutildi. Bu haqda Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati bugun, 18 may kuni xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, 18 mayga o‘tar kechasi Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining respublikaning Kalbajar tumani chegarasidagi Zaylik aholi punkti hududidagi pozitsiyalari intensiv o‘qqa tutilgan. Bunda turli kalibrli qurollar va pulemyotlardan foydalanilgan.

Shuningdek, xabarda Ozarbayjon tomonidan “adekvat choralar” ko‘rilganligi ham ta’kidlagan. Biroq, qurbonlar va talafotlar haqida ma’lumotlar keltirilmagan.

Qorabog‘ urushi  

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib olishdi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10-siga o‘tar tunda “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Shunisi aniqki, urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.  

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

 

Kamronbey Kenjayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

32

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing