Otning o‘limi – itning bayrami: pandemiya vaksina egalarini milliarderga aylantirdi

Olam

image

Pandemiya boshlanganidan beri dunyo bo‘ylab sog‘liqni saqlash sohasida 50 nafar yangi milliarder paydo bo‘ldi. Ular COVID-19 vaksinalari, tibbiy asbob-uskunalar va dori-darmon idishlari ishlab chiqaradigan kompaniyalarning aksiyalariga egalik qilishadi.“Forbes” pandemiya vaqtida milliarderga aylanganlar ro‘yxatini taqdim etdi

Ma’lum qilinishicha, vaksina va tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqaradigan kompaniyalar aksiyalari narxining ko‘tarilishi yangi milliarderlarning boyligini yanada oshirgan. Ularning aksariyati koronavirus birinchi bor avj olgan Xitoyda yashaydi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya paytida boyib ketgan yangi milliarderlar orasida quyidagilar ham bor:

Ugur Shohin – Germaniyaning BioNTech biotexnologiya kompaniyasining bosh direktori. U Amerikaning Pfizer kompaniyasi bilan hamkorlikda koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqqan, vaksinaning samaradorligi 95 foizni tashkil etgan. Yil boshidan buyon kompaniya aksiyalari 160 foizga o‘sgan. Shu fonda BioNTech’ning 17 foiziga egalik qiluvchi Shohinning boyligi 4,2 milliard dollarga yetgan.

Stefan Bansel – Amerikaning Moderna kompaniyasi rahbari. U Pfizer singari Qo‘shma Shtatlarda allaqachon tasdiqlangan koronavirusga qarshi vaksinani ishlab chiqqan. “Forbes” Banselning boyligini 4,1 milliard dollarga baholamoqda, mart oyida u kompaniyadagi ulushini 9 foizdan 6 foizgacha kamaytirdi. Yil boshidan beri Moderna aksiyalarining qiymati 550 foizdan oshdi.

Yuan Liping – Du Veyminning sobiq rafiqasi, “Shenzhen Kangtai Biological Products” kengashi raisi. Ajrashganidan so‘ng, u Xitoyning vaksina ishlab chiqaruvchi yetakchilaridan biri bo‘lgan kompaniyaning 24 foiz aksiyalariga egaliq qila boshladi. Xususan, bu AstraZeneca vaksinasining Xitoydagi yagona ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Yil boshidan buyon “Shenzhen Kangtai Biological Products” aksiyalari 90 foizga o‘sdi va Yuanning boyligi 4,1 milliard dollarga yetgan.

Xu Kun – tibbiy asbob-uskunalar, shu jumladan nebulizerlar, stetoskoplar va qon bosimi monitorlarini ishlab chiqaradigan “Contec Medical Systems” Xitoy kompaniyasining rahbari. Avgust oyida u kompaniyani Shenchjen birjasida ro‘yxatga olgan. Xu “Contec Medical Systems” kompaniyasining qariyb yarmiga egalik qiladi. Uning boyligi 3,9 milliard dollarga baholanmoqda.

Karl Xansen – antitanachalarga asoslangan kelajakdagi ehtimoliy kasalliklarni davolash uchun sun’iy intellekt va mashinalarni o‘rganish texnologiyalaridan foydalanadigan Kanadaning AbCellera kompaniyasi rahbari. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, uning boyligi 2,9 milliard dollarni tashkil etadi.

Moderna asoschilaridan biri – Timoti Sprinjer. “Forbes”ning qayd etishicha, uning kompaniyadagi ulushi 3,5 foizni tashkil etadi va boyligi taxminan 1,6 milliard dollarga yetgan. Shuningdek, Springer boshqa bir qator biotexnika kompaniyalariga ham sarmoya kiritmoqda.

Serxio Stevanato – dunyoda ikkinchi o‘rinda turadigan shisha ishlab chiqaruvchi Italiyaning Stevanato Group kompaniyasi rahbari. “Forbes” ma’lumotlariga ko‘ra, uning shisha idishlaridan 40 dan ortiq koronavirus vaksinalari uchun foydalaniladi. Nashr Stevanatoning boyligini 1,8 milliard dollarga baholamoqda.

2020 yil oxiriga kelib dunyodagi 2,2 mingdan ortiq milliarder 1,9 trillion dollarga boyib ketgan. Barcha milliarderlarning umumiy boyligi 11,4 trillion dollarga baholanmoqda, bu ularning 2019 yil 31 dekabrdagi boyliklaridan 20 foizga ko‘pdir. Milliardlar egalari boyligining oshishiga asosiy sabab yil davomida o‘sib borgan fond bozorlari ekani aytilmoqda.

Shuningdek, yil davomida SpaceX va Tesla asoschisi Ilon Maskning boyligi 110 milliard dollarga o‘sib, 137 milliard dollarni tashkil etgan va u dunyodagi eng boy odamlar orasida uchinchi pog‘onaga ko‘tarilgan. Mask boyligining o‘sishini Tesla Motors aksiyalari ta’minlagan va ular 630 foizga qimmatlashgan.


Maqola muallifi

Teglar

Milliarderlar

Baholaganlar

89

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar